Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda kino haqida yangi jurnal taqdim qilindi (foto)

O‘zbekistonda kino haqida yangi jurnal taqdim qilindi (foto)

Kecha, 18-aprel kuni «O‘zbekkino» milliy agentligi muassisligida nashr etila boshlagan «Kino san’ati»  jurnalining birinchi soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

«Kino san’ati» jurnali Prezidentning «Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan tashkil qilingan. 2018-yili nashrning nishona soni chop etilgan edi. Jurnalning yangicha ko‘rinishdagi 1-soni taqdimot marosimida taniqli kinorejissyorlar, mashhur aktyor va aktrisalar, atoqli shoir va yozuvchilar, jurnalist, bloger va talabalar qatnashdi.

Taqdimot marosimida «Kino san’ati» jurnali soha olimlari, mutaxassis va murabbiylar, talabalar uchun erkin minbar, ilmiy-ijodiy qo‘llanma vazifasini o‘tashi ta’kidlandi. Nashr kelgusida kutubxona va kinoarxivlar javonidan joy olib, hozirgi kunimizdan avlodlarga hikoya so‘zlashi, kinotadqiqot va kinotahlillar qog‘ozga muhrlanib, o‘ziga xos solnomaga aylanishi aytildi.

«Kino san’ati» jurnalining 1-sonini boshlab bergan «O‘zbek kino san’ati: bugungi jonlanishdan ertangi yuksalishga» maqolasida sohaning yillik hisobot-anjumani tafsilotlari bayon qilingan. «O‘zbekkino» Milliy agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari, filologiya fanlari nomzodi Shuhrat Rizayev bilan uyushtirilgan suhbatda mamlakatimizning kino siyosati, badiiy kengash faoliyati, filmlarga qo‘yilayotgan talablar va san’atning mohiyati xususida bahs yuritilgan.

«Nostalgie» ruknida «Shum bola» filmining yaratilish jarayonini kinoijodkorlar hayajon bilan eslaydi.

Taniqli rejissyor Jahongir Qosimov tarixiy haqiqatlarni kino tiliga ko‘chirish mashaqqatlari va hozirda suratga olinayotgan «Is’hoqxon Ibrat» film to‘g‘risida so‘zlaydi.

O‘zbek san’atining muhtasham sulolasi Zokirovlarga xonadonning navqiron vakili, iste’dodli aktyor Javohir Zokirov nigohi orqali nazar tashlangan.

«Sukunat saroyida suron» maqolasida mualliflik filmlar ustasi, jahonga mashhur kinorejissyor Ingmar Bergman siymosiga chizgilar berilgan.

Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist Farhod Mahmudovning o‘zbek kinosiga qaytishi sabablari «Ochig‘ini aytganda» ruknidagi suhbatda ochiqlanadi.

«Kino san’ati» jurnali 3 ming nusxada chop qilingan. 68+4 sahifa. Jurnal yilda to‘rt marta nashr etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring