Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Alibaba» guruhi bosh maslahatchisi: «O‘zbekistonda kechayotgan holatni Xitoy o‘z boshidan o‘tkazgan» (video)

Ertaga, 14-oktyabr kuni poytaxtimizda «Aloqabank» aksiyadorlik tijorat banki Pekin universitetining yangi tarkibiy iqtisodiyot instituti (INSE) bilan hamkorlikda «O‘zbekistonda sanoat parklari, klasterlarning rivojlanishi va tarkibiy o‘zgarishlar» mavzuida seminar o‘tkazadi. Unda ko‘plab xalqaro tashkilotlar, Xitoyning nufuzli institutlari, kompaniyalaridan mutaxassislar qatnashi kutilmoqda.

Foto: Xabar.uz

Mehmonlar orasida «Alibaba» guruhi ilmiy-tadqiqot institutining strategik hamkorlik markazi bosh maslahatchisi Uilyam Cheng bor. Bugun O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov hamrohligida janob Uilyam Cheng poytxatimizdagi IT-Park faoliyati bilan tanishdi.

Foto: Xabar.uz

«Alibaba» guruhi vakiliga bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Davra suhbatida AKT vaziri yaqinda faoliyatini boshlagan IT-Parkni Markaziy Osiyodagi eng ilg‘or markazga aylantirish maqsad qilingani, buning uchun dunyoga mashhur «Alibaba» singari yetakchi kompaniyalarning ish tajribalari qo‘l kelishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Foto: Xabar.uz

O‘z navbatida, «Alibaba» guruhi ilmiy-tadqiqot institutining strategik hamkorlik markazi bosh maslahatchisi Uilyam Cheng kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida, xususan, O‘zbekistonda o‘z biznesini yuritishga qiziqishi juda katta ekanligini bildirdi. U O‘zbekiston raqamli iqtisodiyot bo‘yicha katta salohiyatga egaligini ta’kidlab, hamkorlikda elektron mahsulot aylanishiga alohida urg‘u berilishi, kadrlar va ish tajribalari almashinuvida hamfikr ekanligini ma’lum qildi.

Foto: Xabar.uz

Uchrashuvda kelgusida kadrlar malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish yo‘nalishlarida hamkorlik qilish masalalari yuzasidan batafsil fikrlar almashinildi.

Tadbir so‘ngida «Alibaba» guruhi ilmiy-tadqiqot institutining strategik hamkorlik markazi bosh maslahatchisi Uilyam Cheng «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali uchun qisqacha intervyu berdi.

Foto: Xabar.uz

– Hozir O‘zbekistonda AKT bozorida kechayotgan holatni Xitoy o‘z vaqtida boshidan o‘tkazgan. Yigirma yil oldin mamlakatimizda axborot texnologiyalari, data-markazlar, mobil aloqaning rivojlanishiga kuchli e’tibor berildi. Natijada bu sohada katta sakrashga erishildi, deb o‘ylayman. Xo‘sh, Raqamli iqtisodiyotda katta yutuqlarga erishish uchun nimalarga e’tibor berish kerak? To‘g‘rirog‘i, qanday sharoit bo‘lishi zarur? Birinchidan, infratuzilma rivojlangan bo‘lishi kerak. AKT yo‘nalishida ilmiy-tadqiqot ishlari muntazam olib borilishi, ya’ni bozor o‘rganilishi zarur. Eng muhimi, mijozlarga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatilishi shart. «Alibaba»ning yutug‘i shundaki, mijozlarga 24 soat xizmat ko‘rsatiladi. Misol uchun, supermarketdan olingan mahsulot 30 daqiqada mijozga yetkazib beriladi. Kompaniya xaridor va korxonalar rahbariyati o‘rtasidagi aloqani ta’minlashga, ularni birgalikda ishlashiga ham alohida e’tibor beradi. Hozirda «Alibaba» platformasidan 600 million foydalanuvchi foydalanadi. Dunyo bo‘yicha kompaniyaning mobil to‘lovlarni amalga oshirish bo‘yicha 1 milliard mijozi bor. Kompaniya faoliyatida logistika birinchi o‘rinda tursa-da, ayni paytda platformada sport, sog‘liqni saqlash va kiyim-kechak yetkazib berish singari yo‘nalishlar ham ustuvor hisoblanadi.

Bugun Toshkentdagi IT-Park faoliyati bilan yaqindan tanishdim. Menga ma’qul bo‘ldi. Umuman olganda, O‘zbekistonga birinchi kelishim. Maktabda mamlakatingizning  qadimiy shaharlari – Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz haqida ma’ulumot olganmiz. Ammo oldin kelishga hech imkon bo‘lmadi. Yurtingizga kelganimdan xursandman. AKT yo‘nalishida hamkorligimiz samarali bo‘lishiga ishonaman, – dedi Uilyam Cheng.

Eslatib o‘tamiz, «Alibaba» kompaniyasi internet-tijorat bo‘yicha dunyoning yetakchi kompaniyasi hisoblanadi. 1999 yili tashkil topgan kompaniyaning shtab-kvartirasi Xitoyning Xanchjou shahrida joylashgan, 50 ming nafardan ziyod xodimlari bor. «Alibaba» kompaniyasi Nyu-York fond birjasida savdo qiladi. Bugungi kunda kompaniyaning kapitalizatsiyasi 500 milliard AQSh dollaridan oshadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring