Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi

O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi

Foto: «Uza.uz»

Yirik iqtisodchi olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi Vladimir Vasilevich Kim 2021-yil 8-aprelda 92 yoshida vafot etdi.

V.Kim 1929-yil 25-sentyabrda Rossiya Federatsiyasining Xabarovsk o‘lkasidagi Bikin shahrida tug‘ildi. 1950-yilda Toshkent moliya-iqtisod instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti)ni tamomladi.

Bo‘lg‘usi olim o‘z mehnat faoliyatini Samarqand tumanida nazorat-taftishchi sifatida boshladi, keyinchalik Toshkent moliya-iqtisod institutining aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati tufayli 2000-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

Iste’dodli olim o‘zining 60 yildan ortiq ilmiy va pedagogik faoliyati davomida Toshkent xalq xo‘jaligi institutida (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) kafedra mudiri, professor, prorektor, rektor maslahatchisi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasida falsafa, iqtisodiyot va huquq fanlari bo‘yicha akademik kotib kabi mas’uliyatli lavozimlarda fidokorona mehnat qildi va qishloq xo‘jaligi sohasidagi iqtisodiy munosabatlarning dolzarb masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shdi.

Akademik V.V.Kimning O‘zbekistonda agrar sohani modernizatsiya qilish, qishloq tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ushbu yo‘nalishdagi islohotlar samarasini oshirish mavzularidagi ilmiy tadqiqotlari mamlakatimiz iqtisodiyot faniga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.

Olimning qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 200 dan ziyod ilmiy maqolalari, 10 ga yaqin monografiyalari nafaqat mamlakatimiz, balki chet el olimlari va mutaxassislari tomonidan ham e’tirof etilgan.

Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.

V.V.Kimning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi» faxriy unvoni bilan mukofotlangan edi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Vladimir Vasilevich Kimning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov, A.Aripov, B.Yo‘ldoshev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring