Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbek yoshlarining yevropacha orzu-xayollari

O‘zbek yoshlarining yevropacha orzu-xayollari

Foto: Xabar.uz

Xalqimizga  xos va mos qalbda o‘zgacha bir iliqlik, kayfiyat uyg‘otib, hayajonga soladigan bir-biridan purma’no urf-odatlarimiz bor.

Misol uchun: erta tongda kayvoni onaxonlarning aylanib-o‘rgilib yangi kelinchakni to‘yxonaga yig‘ilgan qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar, kattayu kichikkka birdek ta’zim bilan salomga olib chiqishini olaylik. Salomga jam bo‘lganlarning orasida kelinga mehr va havas bilan nazar tashlamagani yo‘q bo‘lsa kerak.

Ayniqsa, ayollar, bo‘y qizlar, kichkintoylarning hayo-ibo bilan ta’zim qilayotgan kelinchakning yuzidagi nafis to‘r soniyaga ko‘tarilishiyu uning chehrasini ko‘rish istagida ko‘zlari yonib turishini aytmaysizmi?! Qalbni entiktirib, hayajonga soladigan bu kabi milliy urf-odatlarimiz, an’analarimizni ta’riflaganimiz sayin, ulardagi samimiyatga yo‘g‘rilgan hayotiylik bo‘y ko‘rsataveradi.

Ammo oramizda ba’zi yevropaga taqlid qiladiganlarga bu eskilik sarqiti yokki oddiy holat bo‘lib ko‘rinishiga nima deysiz? Aytgancha, ularning «yangicha qarash»lari ham bor, albatta. Bu «yangicha qarash» o‘zini qanchalik oqlayapti?

Tanish bir opaning aytishiga qaraganda, o‘g‘li tanlagan qiz unga yoqmagan. Ona «Boshqa qiz top, qo‘y, o‘g‘lim» deya nasihat qilgan. Shunda «o‘ta zamonaviy» o‘g‘ilning «Avval yashab ko‘raychi, bo‘lmasa...» degan javobidan qaysi aqidaga yuz burishini bilolmay onaning yuragi vayron... Qanday qilib to‘y-tomosha bilan elga ma’lum qilib, uylanish, oila qurish yana ikkilanish, tavakkal... Mana sizga yevropacha fikrlovchi ba’zi yigitlarning oilani tushunishi.

Shu o‘rinda yoshlarning oilaviy hayotga munosabati mavzuida maqola tayyorlash jarayonida ayrim bo‘y qizlarda «Bir marta turmushga chiqsam bo‘ldi...» degan fikr yuzaga qalqqib bir hamkasbimning bunda lol qolganini ham aytishim kerak. Bu ham qizlarimizning «yevropacha xayol»larga berilishning ta’siri emasmikin?!

Mayli yosh-da, qiziqqon, baland-pastni tushunguncha ko‘p turtinib, duch kelgan toshga boshini urib keyin o‘ziga keladi, deymiz. Ammo ayrim kattalar, to‘g‘rirog‘i, tuppa-tuzuk ota-bobosi o‘zbek ayollar ham bu borada bizni «hayrat»ga soladi. Masalan, hozir uzatiladigan qizi borlarga o‘zbek degandan ko‘ra, «o‘zi o‘zbek, faqat yevropalashgan oila» degan izoh juda yoqadi-da. Ayniqsa, kelinning onasiga. «Zamonaviy oila ekan, qizim har kuni sochi supurgi, qo‘li kosov bo‘lib qaynonaning xizmatini qiladimi? Ruslashgani yaxshi erkinroq bo‘ladi. Bemalol yashaydi. Alohida bo‘lsa yanayam yaxshi», deguvchilar ham yo‘q emas.

 Yana bir jihat: to‘y oldi marosimlarida «tashabbus»ni qo‘lga olib, kelin bo‘lib boradigan xonadonni borib ko‘rib, sharoitlari bilan yaqindan tanishib, talablar ro‘yxatini tobora kattalashtirib yuborayotgan qizlar borligiga nima deysiz?  Xullas, bu borada «yangiliklar» ko‘p...

O‘zbekligimizga xos urf-odatlarimiz haqida bekorga ta’kidlamadik. Bizda taqdiri boshqa bir oilaning farzandi bilan bog‘langan qiz fotiha, paxta soldi, uy ko‘rdi kabi to‘y oldi tadbirlarida ko‘pchilikka ko‘rinish berishi uyat sanaladi. Hatto buvilarimiz qizlarni quda tomonning biror yaqiniga to‘qnash kelib qolishdan ogohlantirishadi. To‘y oldi tadbirlarida kelin bo‘lmishning biror qarindoshi, dugonasi qo‘ni-qo‘shni yoki bo‘lmasa uydagi biror chekka xonada ko‘zdan nariroqda bo‘lganini necha bor guvohi bo‘lganman. Kuyov tomon karnay-surnay, yor-yorlar bilan kelinchakning baxt ostonasida qutlab, yuz-ko‘zlarida hayajon, ezgu o‘y-xayollar, orzu-havaslar bilan qarshilashi shu istiholaning mukofoti bo‘lsa, ne ajab?!

 Xo‘sh, endi aytingchi, uy ko‘rishga kelib, unisida emas bunisida yashayman, yana allanima talablar tizgan kelinni kuyov tomon samimiy mehr, izzat ikrom bilan qarshilashi mumkinmi? Bunda noilojlik va yana o‘zimizning o‘zbekona andisha vaziyatni murosaga keltirishi oydek ravshan, albatta.  

Yana bir ommalashayotgan «odat» haqida ikki og‘iz so‘z.  Ko‘pincha nikoh to‘ylarini xorij kinolaridek ertaknamo boshlash, kelin-kuyovni sevgi-muhabbat izhori bo‘lib yangraydigan allaqaysi xorijiy kinodagi tanish ko‘y-qo‘shiq bilan qarshi olish, kuzatish holatlari. Aynan shunday «tashabbus»larni shou-biznes yulduzlari, el nazaridagi insonlarning ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan yaxshi kunlari videolarida ko‘p kuzatish mumkin. Biz bu bilan to‘ylarda o‘zbekligimizga xos bo‘lmagan yangicha ko‘rinishlarni taqiqlamoqchi emasmiz. Biroq ildizlari juda chuqur milliyligimizga, o‘zbekligimizga, bekligimizga hech narsa tenglasha olmasligini va ayrimlarning ertaknamo «yangilik»lari ma’naviyatimizga «soya» solishini o‘ylashga,  bu borada «targ‘ibotchi»ga aylanib qolishdan ogohlantirmoqchimiz xolos.

 Oddiy misol: Yaqinda bir mashhur san’atkorning to‘yida olingan lavhalar... Kelin-kuyov xrestianlar cherkovda nikohdan o‘tayotganda yangraydigan kuy bilan to‘yxonaga kirib keldi. To‘yxonaning to‘ridagi oppoq sahnaga hali o‘rnashib ulgurmay kuyov bola kelinchakning yuzini ochib qo‘ydi. Eng qizig‘i, to‘y davomida kechdi. Ikki yoshni tabriklagan qarindosh-urug‘, yaqin tanish-bilishlarga kelin yuzi ochiq shunchaki, qo‘li ko‘ksida salom qildi. Hozir juda «urf» bo‘lgan «kuyov salom»dagidek... Shu onda yuzida harir parda bilan ta’zim qilgan kelinchakda o‘zgacha bir fayz borligiga yana bir bor amin bo‘ldim.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda raqsbop musiqaga qo‘sh kelin qo‘sh kuyovning to‘y sahnasida raqs tushgan videosi tarqaldi va keng muhokama bo‘ldi. Bunda raqs tushayotgan kelining salom solish esiga tushib qoldi, shekilli birdan qo‘li ko‘ksida egilib ta’zim qilishi...  Kimlardir yoshlarni shodiyona sababchisi bo‘lsa, «Umrda bir marta bo‘ladi, o‘ynasin kulsin» deya oqlasa, boshqalar «juda xunuk ko‘rinar ekan» deya qarshi fikr bildirdi. Bu yuqorida biz yulduzlar misolida bong urayotgan  muammoning bir ko‘rinishi emasmi?..

Oramizda yoshlar o‘zi xohlagandek yashagisi keladi, bir martalik to‘yni orzu-havas bilan o‘tkazishga nima yetsin, juda maydalashib ketdingiz-da deguvchilar ham bor. Ammo yevropaga taqlid qilish asnosida o‘zini «o‘ta zamonaviy» sanaganlar yevropada oilaga munosabat, mehr-muhabbat va sadoqat-vafoni ham o‘rganishlari kerak. Bu masala bizda mutlaqo aksi ya’ni, yuqoridagi yigit qizlarning fikridagi «Avval yashab ko‘raychi, bo‘lmasa...» yoki «Bir marta turmushga chiqsam bo‘ldi...»  singari havoyi kayfiyat va tavakkalchilik...

Buni siz qanchalik to‘g‘ri deb o‘ylasiz?

Yana bir hayotiy misol. Bir talaba qizni taniyman. Uni birinchi marta ko‘rganimda sira o‘zbekka o‘xshatmadim. Besh tilni mukammal biladigan zamonaviy bilimlar bilimdoni bo‘lgan bu qiz bilan o‘n daqiqa suhbatdosh bo‘lib, uning fitratida o‘zbekona qarash juda kuchli ekanligini payqadim. Demak, zamonaviylik bilan milliylikni ongli ravishda uyg‘unlashtirish mumkin?!  Balkim, o‘zlarini «o‘ta zamonaviy» deb bilgan yoshlarning balki kattalarning ham xato va kamchiliklarining bitta sababi shu uyg‘unlikni idrok eta olmayotganidadir.

Aslida bu boradagi muammolar va mulohaza qiladigan mavzular ko‘p. Zamonaviylik va milliylik orasida arosatda qolganlar qancha?! Ba’zan yurtimizdagi muqaddas qadamjolar, o‘zbek madaniyati, urf-odatlariga qiziqib, ularni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish istagida dunyoning turli chekkalaridan yurtimizga sayohatchilar oqib kelayotgan va aynan turizni rivojlantirishda muhim ishlar amalga oshirilayotgan pallada kimlarning nazdida qartaygan milliyligimizu, mantiqsiz zamonaviylik haqida juda maydalashib bahs-munozara qilgisi keladi, odamning. Nima bo‘lganda ham ma’no, mazmun, mohiyatni amallarimizga asos qilishni unutmasligimiz kerak.

                                                                            Gulnoza Turg‘unboyeva

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring