Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbek futbolini qiynayotgan muammolar. O‘FAning yangi rahbariyati klublar bosh murabbiylari fikrlarini tingladi

O‘zbek futbolini qiynayotgan muammolar. O‘FAning yangi rahbariyati klublar bosh murabbiylari fikrlarini tingladi

Foto: O‘FA matbuot xizmati

Bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida Superliga klublari rahbarlari hamda bosh murabbiylari, hududiy bolalar-o‘smirlar futbol akademiyalari direktorlari, shuningdek, Professional futbol ligasi vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev ham bevosita qatnashgan yig‘ilish avvalida Ravshan Ermatov barcha avvalo «futbol tili»da so‘zlashishi muhim ekanini, futbolga xizmat qilish yo‘lida har bir ishga adolat bilan yondoshish zarurligini alohida qayd etib, ishni avvalo klublar vakillarini tinglashdan boshlash,  klublarni qiynayotgan muammo hamda kamchiliklarni bartaraf etish juda muhim ekanini ta’kidlab o‘tdi. Bu borada esa bildirilarigan barcha fikrlar va takliflar O‘FA tomonidan tahlil etilib, albatta inobatga olinishi ta’minlanadi.

Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan yig‘ilishda klublar bosh murabbiylari, akademiyalar rahbarlari, Professional futbol ligasi vakillari mavjud kamchiliklar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Kuni kecha vazirlik hamda O‘FA rahbariyati Toshkent viloyati hamda Toshkent shahri bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasiga tashrif buyurib, u yerdagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishgan edi. Bu jarayonda bir qator kamchiliklar va muammolar aniqlangani bor gap. Shu maqsadda bugungi yig‘ilishda hududiy bolalar-o‘smirlar futbol akademiyalari direktorlari ham ishtirok etishdi va ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, qolaversa, tarbiyalanuvchilarning akademiyani tamomlagach klublar safiga borib qo‘shilishida uzilishlar bo‘lmasligini ta’minlash uchun bevosita klublar bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etishdi.

Qolaversa, kamchiliklarni bartaraf etishda jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev hukumat tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilishini bildirdi.

Shuningdek, Superliga klublari vakillari o‘zlarini qiynayotgan aksariyat masalalar bo‘yicha murojaat etishdi. Qolaversa, sport boshqaruvi hamda klublar yoki akademiyalarda faoliyat olib boradigan menejer mutaxassislar tayyorlash uchun xalqaro futbol tashkilotlaridan amaliy ko‘mak so‘rash bo‘yicha takliflar ham bildirildi.

Bundan tashqari joriy yilgi Musobaqalar Reglamentining ayrim bandlaridan xulosa qilgan holda kelasi mavsum uchun ba’zi o‘zgartirish yoki to‘ldirishlar kiritish bo‘yicha taklif va mulohzalar ham taqdim etildi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Professional futbol ligasi futbol jamoatchiligi, xususan, klublar tomonidan milliy futbolimiz hamda ichki chempionatimiz saviyasini ko‘tarishga xizmat qiladigan har qanday takliflarni o‘rganib chiqish va amalga tatbiq etish uchun ochiq, bundan buyon har qanday murojaat albatta atroflicha o‘rganib chiqilishi ta’minlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring