Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Oylab «rolton» yeb yurgan kunlarim bo‘lgan...» 7 tilda so‘zlashuvchi marketolog hikoyasi

«Oylab «rolton» yeb yurgan kunlarim bo‘lgan...» 7 tilda so‘zlashuvchi marketolog hikoyasi

«Xabar.uz» mamlakatimizning turli soha vakillari bilan turkum intervyularni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz yosh tadbirkor va marketolog — Jo‘rabek Babayev.

Jo‘rabek Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Chexiyadagi Karlov universitetida «Biznes boshqaruvi» yo‘nalishida ta’lim olgan. 2021-yili Birlashgan Arab Amirliklarida «Juba Stars&Co» turistik loyihasini amalga oshirishni boshlagan. Shuningdek, zargarlik yo‘nalishida «Alzar» va «Al-Zargar» brendlariga asos solgan.

Navbatchilik asosida ish yuritganmiz

Buxoro shahrida tug‘ilganman. Otam quruvchi, onam poliklinikada hamshira bo‘lib ishlagan. 90-yillar boshlaridagi mamlakat bo‘ylab iqtisodiy qiyinchilik davri tijorat bilan ham shug‘ullanishgan. Ularning bo‘sh vaqtlari kam bo‘lsa-da, farzandlarining yaxshi ta’lim olishi uchun hamma sharoit yaratilgan va doimiy nazoratda edi. Ota-onam uyimizda mo‘’jaz kutubxona ham qilib berishgandi va xorijiy tillarni o‘rganishimizni rag‘batlantirishgan. Shu boisdan, hozir ingliz, chex, slovak, fors, rus va tojik tillarida bemalol muloqot qila olaman.

1995-yilda shahardagi 17-maktabga qabul qilinganman, o‘quvchilik yillarim va ta’lim bergan o‘qituvchilarimni yaxshi xotiralar bilan eslayman. Yodimda, 8-sinfni tugatib yozgi ta’til payti Deyl Karnegining «Do‘st orttirish» kitobini katta qiziqish bilan o‘qiganman. Ana shu mutolaa sabab o‘qishimni boshqa maktabga ko‘chirish istagi paydo bo‘lgan. Qolaversa, o‘sha vaqtlari O‘zbekistonning barcha viloyatlarida maxsus yo‘nalishdagi sinflar ochila boshlandi. Shunday qilib, moliyaga ixtisoslashgan 4-maktabga imtihon topshirib, 9-sinfni yangi maktabda davom ettirdim.

11-sinfgacha dunyoqarashim ancha o‘zgarib, tijorat ishlari bilan shug‘ullana boshladim. Dastlab ukam bilan kichik bir do‘konni yurita boshladik. Ishimiz shahardagi zargarlarni kerakli jihoz va anjomlar bilan ta’minlash bo‘lgan. Qiziq jihati, ikkimiz ham maktab o‘quvchisi bo‘lganimiz uchun navbatchilik asosida ish yuritganmiz. Ya’ni, maktab va qo‘shimcha mashg‘ulotlarim bor payti ukam, unda shunday holat bo‘lganda men do‘kon ishlarini olib borganman.

Ikkita variat ham omadsiz kechdi

Bolalikdan Jeyms Bond filmlarini ko‘rib ulg‘ayganim uchunmi maktabni tugatish arafasida MXX (hozir DXX) xodimi bo‘lishni juda xohlaganman. Ammo bu istagimni ota-onam qo‘llab-quvvatlamaganliklari tufayli Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (hozir universitet) va AQShning Nyu-York universitetiga hujjat topshirdim. Ikkalasiga ham qabul qilindim. Biroq, birinchisiga to‘lov-kontrakt asosida kirganim uchun Qo‘shma Shtatlar varianti ma’qul ko‘rindi. Afsuski, ikkinchi variant ham omadsiz kechdi. Aniqrog‘i, AQShning Toshkentdagi elchixonasi viza berishni rad etdi. Ochig‘i, o‘sha paytda juda tushkunlikka tushib qolgan edim.

Yaqinlarimning tavsiyasi bilan Chexiyadagi Karlov universitetiga hujjat topshirdim, suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tib Yevropaga ketdim. Oliygohda biznes boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha o‘qidim.

2006-yil Chexiyaga borib o‘qishni boshlaganimda hali o‘n sakkizga ham kirmagan edim. Begona yurtga moslashib olishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari, aniqrog‘i uysiz qolib ketgan, oylab «rolton» yeb yurgan kunlarim bo‘lgan.

Ustozlarimdan yaxshi zamonlar yomon insonlarni, yomon kunlar kuchli insonlarni tarbiyalashi, umuman komfort zonada yurgan yigit kishida hech qachon rivojlanish bo‘lmasligini ko‘p eshitganman. Shu sabab ham qiyinchiliklarni yengishga astoydil harakat qilardim.

Fikrimcha, inson komfort zonadan chiqsagina, har bir narsaning qadriga yetadi. Oldinga intiladi, chiniqadi.

PhD olishga yaqin turibman

2011-yil O‘zbekistonga qaytib keldim. Bir muddat tekstil va zargarlik sohalarida faoliyat yuritdim. 2015–2017-yillar Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida «Turizm» mutaxassisligi bo‘yicha magistraturada tahsil oldim.

Hozirda PhD olishga yaqin turibman. Dissertatsiyam mavzusi marketing, xususan xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishda ijtimoiy tarmoqlarning o‘rnini tahlil qilishga qaratilgan.

Marketing odami ekanligimni tushunganman

2019-yili «Juba Stars&Co» loyihasini amalga oshirishni niyat qildim, pandemiya bunga xalaqit berdi, ammo ikki yillik loyihalashtirishdan keyin 2021-yil iyul oyida unga start berdim.

Hozirda Dubayga keladigan investorlar va biznesmenlarga, shuningdek lyuks dam olishni xohlagan turistlarga xizmat ko‘rsatish sohasini yo‘lga qo‘yganmiz, jamoamiz bilan aynan mana shu loyihalar ustida ishlamoqdamiz.

Qolaversa, marketing sohasida o‘z jamoam bilan qiyinchiligi turli darajadagi loyihalarni yuritamiz. Masalan, «Chortoq», «Asaxiy», «Greyder», «Ocean view», «La beauty paste», «Humo Arena», «Parranda sanoat» va «O‘zbekiston havo yo‘llari» kompaniyalarining marketing loyihalari shular jumlasidan.

Marketing sohasiga qiziqishimga Pragada yashab yurgan paytdagi qiyinchiliklar sabab bo‘lgan. O‘sha kezlari talabalar qilishi mumkin bo‘lgan deyarli barcha ishlarni qilganman. Bular, qurilish, ofitsiantlik, barmenlik, sotuvchilik va hokazo.

Bir kuni ko‘chada ish izlab yurgandim va ko‘zim flayer tarqatayotgan bolalarga tushdi, ular rusiyzabon edi va kafe-restoranlarga flayerlarni tarqatish orqali turistlarni jalb qilishardi. Ulardan o‘zim uchun ish so‘radim. Menejer oldiga olib borishdi, soatbay, ya’ni 21:00 dan tungi 2:00 gacha ishlashga kelishdik. Ochig‘i, o‘shanda topgan ishimning vaqti menga juda qulay edi. Chunki kechki payt ishlab, kunduzi o‘qishimni davom ettirish imkonim bo‘lgan. Ustiga ustak ishlagan soatimdan tashqari men tarqatgan flayer orqali kirgan mijoz uchun alohida haq to‘lanishi ham aytilgandi.

Pulning ko‘pi bo‘lmaydi deganlaridek, kattaroq ish qilish ilinjida ijtimoiy tarmoqlar orqali rusiyzabon talabalarni jalb qilishni boshladim va buni uddaladim. Bir muddatdan keyin menejer chaqirib, nima kilayotganimni so‘raganda xato ish qildimmikan deb xavotirlangandim. Aslida u hayratlanganidan gapirgan ekan, chunki kafega qariyb 90 foiz mijoz men tarqatayotgan flayer orqali kelishni boshlagandi. Shundan keyin nimani yaxshi qila olishim, umuman, xizmat ko‘rsatish sohasi va marketing odami ekanligimni tushunganman.

Komillikka erishish yo‘lini hayotiy missiyam sifatida ko‘raman

Dubaydagi faoliyatim davomida villalar ijarasi, rieltorlik kompaniyalarining marketinglari bilan shug‘ullandim, xalqaro yulduzlar bilan ishladik, undan tashqari turistik firmam orqali kelgan mijozlarga qo‘shimcha xizmatlarni tashkil etdim.

O‘ylashimcha, Birlashgan Arab Amirliklarining erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularga investorlarni jalb qilish tajribasini o‘rgansak arziydi. Infratuzilmalarni rejalashtirish bo‘yicha ham ulardan o‘rganishimiz mumkin bo‘lgan tajribalar yetarlicha.

Savolingizning ikkinchi qismiga to‘xtaladigan bo‘lsam, quyidagi kitoblarni, meni haqiqatan o‘zgarishimga ta’sir qilgani uchun, tavsiya qila olaman: Deyl Karnegi — «Do‘stlar orttirish», Xolid Husayniy — «Shamollar ortidan yugurib», Jon Boyn — «Yo‘l-yo‘l pijama kiygan bolakay» va Maksim Ilyaxov — «Пищи соращай» (rus tilida).

Odatda kelajakdagi rejalarimni ochiqlashni ko‘p ham xohlamayman. Ammo, umumiy tarzda to‘xtalishim mumkin.

5-sinf yo 6-sinfdami «Odobnoma» degan darsimiz bo‘lardi. Unda «Komil inson» haqida birincha marta tushuncha berilgan edi. O‘qituvchimizning mavzu bo‘yicha tushuntirishlari menga juda qattiq ta’sir qilgan. O‘zimga ustoz tasvirlab bergan komillikka erishish yo‘lini hayotiy missiyam sifatida ko‘raman.

Bularga quyidagilarni kiritishim mumkin:

  • O‘zim sevgan ish bilan shug‘ullanish, qiziqishlarimni qo‘llab-quvvatlash va bu borada tajribalar qilish;
  • Qadriyatlarimga sodiq qolish;
  • Borliqni qurish va unga bo‘lgan qarashlarimni oshirish;
  • Insonni dunyoga keltirish, tarbiyalash va shakllanishi uchun yordam berish (farzand, shogird).

Aminmanki, bularning barchasi jamiyat va borliq uchun foyda berishga qaratilgan.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring