Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Omadsiz kishilarning 10 ta zararli odati

Omadsiz kishilarning 10 ta zararli odati

Foto: «Hyser.com.ua»

Aytishlaricha, omadga erishish uchun hayotga qandaydir yangilik olib kirish kerak. Biroq tadbirkor Darius Foruks bunga qo‘shilmaydi — uning fikricha, ba’zan orzuga erishishda yangi odatlar orttirish emas, balki eskilaridan qutulish ko‘proq yordam beradi. U eng birinchi voz kechish kerak bo‘lgan o‘nta xatti-harakat to‘g‘risida yozib qoldirgan.

 1. Doimiy chalg‘ish

O‘zining «Essensializm» kitobida taym-menejment bo‘yicha konsultant Greg MakKeun ish izlayotgan va undan maslahat so‘ragan sobiq kursdoshi haqida yozadi. Suhbat o‘rtasida haligi odam telefoniga qaraydi va kim bilandir yozishishga tushadi. MakKeun bir-ikki daqiqa kutadi, oxiri, toqati toq bo‘lib ketib qoladi.

Men har safar biror nimadan chalg‘iganimda shu voqeani esga olaman. Agar kursdoshi telefonga chalg‘imaganida edi, u bilan suhbatdan foyda olgan bo‘lardi.

2. Vaysaqilik

«Men marafonga tayyorlanyapman». «Men biznes boshlayapman». Ijtimoiy tarmoqlardagi shov-shuvli bayonotlardan nima yaxshiroq ekanini bilasizmi? Albatta, ularni amalga oshirish-da.

«Maqsadlaringni o‘zingda saqla» nomli TEDda chiqish qilgan tadbirkor Derek Sivers shunday degandi: «Rejalarni ommaga oshkor etish sizni ularga amal qilish motivatsiyasidan mahrum etishi mumkin». Atrofdagilar niyatingizdan birini maqtashsa, tamom, o‘zingizni hamma ishni uddalagandek his qila boshlaysiz.

Quvonchiga sherik bo‘lishning yomon tomoni yo‘q. Lekin orzu-istaklar ro‘yobga chiqquncha tilni tishlab turgan ma’qul.

3. Nomunosib kishilar bilan muloqot qilish

Atrofdagilar sizning yaxshi yoki yomon jihatlaringizni namoyon etishi mumkin. Sog‘lig‘ingizni tiklashni istaysizmi? Bu xohishingizni qo‘llab-quvvatlaydigan odamlar bilan muloqot qiling. Yoki muvaffaqiyatsizlikka uchrashni xohlaysizmi? Unda vaqtingizni zararli odatlardan «bahra» oladigan kimsalar bilan o‘tkazing. Unutmang, odamlar doimo bir-birlari bilan quvvat almashib turishadi.

4. Salbiy fikrlarga o‘ralashib qolish

Hayotda faqat yaxshi narsalarni ko‘rib, turmush oson emasligini tushunish, lekin realist bo‘lib, faqat yomon narsalarni ham ko‘rish mumkin.

Bo‘lar-bo‘lmasga noliyveradigan odamlar hamma joyda topiladi: «Bugun ertalab yomg‘ir yog‘ib, poaybzalim shilta bo‘ldi». Ha, bu yomon. To‘g‘ri, ob-havoni o‘zgartirishning imkoni yo‘q — biroq siz yangi poyabzal kiyishingiz mumkin bahonada.

Noxush kun — bu tabiiy hol, vaqti-vaqti bilan har birimizda uchrab turadi. Lekin atrof-muhitdan nuqul noliyversangiz, hayot ham zerikarli, qayg‘uli bo‘lib ko‘rinadi. Ha, hammasi oddiy.

5. Bugungi ishni ertaga qoldirish

Bir kuni kollejda professorimizdan yozma ishning topshirish muddatini uzaytirishini so‘radim. U esa shunday javob berdi: «Bir hafta keyinga qoldirishdan xursand ham, xafa ham bo‘lmayman. Faqat bir narsani so‘ramoqchiman — bir haftadan keyin topshirsangiz, esseni yaxshiroq yozasizmi

«Yo‘q» deb javob berishimni ikkalamiz ham bilardik. Shunda yozma ishni vaqtida topshirish uchun ancha ter to‘kishimga to‘g‘ri kelgan.

Ishni keyingi safar yaxshiroq bajarishingiz mumkinligini aniq bilsangizgina, uni ortga suring. Vazifani yo hozir bajaring, yo keyin, faqat yaxshiroq uddalang.

6. Boshqalarga quloq solmaslik

O‘zgalar so‘zini diqqat bilan tinglash faoliyatingizni to‘g‘ri yo‘nalishga buradi, uzoq muddatli istiqbollar esa atrofdagilar bilan iliq munosabat o‘rnatishga ko‘maklashadi.

Hammayam quchoqlashib ko‘rishishi mumkin. Lekin qo‘ng‘iroq qilib: «Ahvollaring yaxshimi?» deyish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Buning uchun vaqtingizni qizg‘onmang. So‘rang, tinglang va g‘amxo‘rlik qiling.

7. Erinchoqlik qilish

Birdan butun rejalarni to‘xtatish istagi tug‘ilib qoladi. Bunday vaziyatlarda uydan chiqish mashaqqatga aylanadi, hatto vaqtichog‘lik va’da qilinayotgan bo‘lsa ham.

Biroq yangi taassurotlar hayotni ajoyiblashtiradi. Dangasalikka yon bossangiz, passiv kuzatuvchiga aylanasiz qolasiz. Bundan tashqari, siz bilan birga bo‘lishni xohlagan oila, turmush o‘rtoq, do‘stlar va boshqa yaqinlarga nisbatan adolatsizlik qilgan sanalasiz.

8. Qiziqishni yo‘qotish

Avvallari yangi axborot olish imkoniyati cheklangandi, ba’zida yopiq ham bo‘lgan. Hozir biz har qachongidan ko‘ra ko‘proq ma’lumotni qo‘lga kiritishimiz mumkin. Bu ustunlikdan foydalanayotganlar — kitob o‘qiyotganlar, savol berayotganlar, qiziquvchanligini namoyish etayotganlar — kelajakni shakllantirishda erkinroq bo‘lishadi. Odam o‘zi bilmagan narsasini orzu qilishi mushkul.

9. Yaxshi odam bo‘lmaslik

Shunchaki yaxshi odam bo‘ling. Agar buning nima ekanini bilmasangiz, sizga achinamiz.

10. Taslim bo‘lish

«Muvaffaqiyatga olib boradigan eng to‘g‘ri yo‘l — qayta-qayta urinish», — degandi Tomas Edison. Muvaffaqiyat deganda nimani tushunishingizdan qat’i nazar, uning yo‘lida muvaffaqiyatsizliklarga duch kelishingiz muqarrar, barini yengib o‘tishingizga to‘g‘ri keladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring