Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy suddan «raddiya» keldi. Yoki ikki karra ikki nechchi?

Oliy suddan «raddiya» keldi. Yoki ikki karra ikki nechchi?

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz» saytida 2019-yil 10-iyul kuni e’lon qilingan «Hamkasbning qarori bekor bo‘lguncha, shaytonning bo‘yni uzilsinmi?» sarlavhali maqolaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudidan raddiya keldi.

Ochig‘iga ko‘chsak, raddiya kelishini kutgandik. Bunga shubha yo‘q edi hatto. Nega? Nima, bilaturib, noto‘g‘ri va noxolis maqola yozilganmidiki, tahririyat raddiya kutsa? Maqsad muammo ko‘tarishdan ko‘ra, oliy mahkama mutasaddilarini shunchaki bezovta qilishginamidi?

Shu va shu kabi savollarga quyiroqda javob beriladi.

Avval Oliy sud munosabati bilan tanishsak.

***

«2017-yil 21-avgustdan boshlab O‘zbekiston Davlat san’at muzeyining ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Axmedova Nargiza Murotxonovna fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudiga ishga tiklash, majburiy progul vaqti uchun ish haqi va ma’naviy zarar undirish haqida da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2018-yil 31-maydagi hal qiluv qarori bilan da’vo qanoatlantirishdan rad etilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 2018-yil 7-dekabrdagi ajrimi bilan hal qiluv qarori o‘zgarishsiz, N.Axmedovaning apellyasiya shikoyati esa qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

«Xabar.uz» saytida 2019-yil 10-iyulda mazkur ishni ko‘rish natijalari va N.Axmedova bilan mehnat shartnomasining bekor qilinishi bo‘yicha jurnalist surishtiruviga asoslangan «Hamkasbning qarori bekor bo‘lguncha, shaytonning bo‘yni uzilsinmi?» sarlavhali maqola chop etilgan.

Biroq maqolada jurnalist keltirilgan fikr va mulohazalar sud qarorining qonuniyligiga, sudyalarning mazkur ishni ko‘rishdagi xolisligiga nisbatan shubha uyg‘otishiga asos bo‘lishini inobatga olmabdi.

Maqolada N.Axmedova bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishida uning xomilador ekanligi inobatga olinmaganligi ta’kidlanadi.

Haqiqatan ham, N.Axmedova bilan mehnat shartnomasi ish beruvchining 2017-yil 29-dekabrdagi K-84-sonli buyrug‘iga asosan 2018-yil 4-yanvardan boshlab Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismi 1-bandiga binoan lavozim qisqartirilganligi munosabati bilan bekor qilingan.

2018-yil 19-yanvarda N.Axmedovaga mehnat shartnomasi bekor qilinganligi, ishlagan davri uchun hisob-kitob qilinganligi, tegishli kompensatsiya puli va mehnat daftarchasini olib ketishi lozimligi haqida yozma xabar berilgan.

Xabarnoma o‘z vaqtida yuborilgan bo‘lishiga qaramay, N.Axmedova MKning 270-moddasida belgilangan 1 oylik muddatni o‘tkazib yuborgan holda sudga da’vo bilan murojaat qilgan.

O‘z navbatida, sud da’voni har taraflama to‘g‘ri va xolisona ko‘rib, tarafning uzrsiz sababga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan da’vo muddatini qo‘llash haqidagi arizasiga asosan FKning 153-moddasiga muvofiq da’voni qanoatlantirishni rad etgan.

N.Axmedovaning xomilador ekanligi holati ishga tiklashga asos bo‘la olmaydi, zero huquqni tiklash muddatini uzrsiz o‘tkazib yuborgan.

Jurnalist mazkur holatga nisbatan ikki oylik ogohlantirish muddati berilmaganligini ta’kidlaydi.

Ish beruvchi esa MKning 102-moddasida nazarda tutilgan huquqidan foydalanib, ogohlantirish muddati o‘rniga muvofiq keladigan pullik kompensatsiya to‘lagan.

Bu holatlar N.Axmedova da’vosini u bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda mehnat qonunchiligi talablari buzilganligi asosida qanoatlantirish uchun asos bo‘la olmasligidan dalolatdir.

Shu sababli ham jurnalistning N.Axmedova bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda mehnat qonunchiligi buzilganligi haqidagi mulohazalari ishning haqiqiy holatlariga muvofiq kelmaydi.

Mehnat munosabatlari bekor qilinganligi haqidagi xabarnomani 2018-yil 19-fevralda olganligi haqidagi jurnalist mulohazalariga javob sud qarorining o‘zida aks ettirilgan bo‘lib, N.Axmedova oylik ish haqi va boshqa to‘lovlarni 2018-yil yanvar oyida olganligi haqida hujjatlar mavjud va bu holatni sudda o‘zi ham inkor etmagan.

Birinchi instansiya sudining hal qiluv qaroriga nisbatan berilgan kassatsiya shikoyati ish bilan birgalikda kassatsiya instansiyasida, nazorat shikoyati Oliy sudda ko‘rilib, sudning qarorini bekor qilish uchun asoslar aniqlanmaganligi sababli o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Fikrimizcha, muayyan ish bo‘yicha jurnalist o‘z nuqtai nazarini bildirishda ishdagi taraflardan birining manfaatiga mos keladigan holatlarni tahlil qilish asosida emas, balki xolislik asosida, ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan barcha holatlariga to‘g‘ri baho berishi sudlar faoliyati xususida noto‘g‘ri fikr shakllanishining oldini olishga, qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilgan bo‘lar edi.

Qolaversa, Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida joriy yilning 6 oyida 558 ta ish ko‘rilib, 260 tasi bekor qilingani va o‘zgartirilganining o‘zi ham jurnalistning «Hamkasbning qarori bekor bo‘lguncha, shaytonning bo‘yni uzilsinmi?» degan savoliga yetarlicha javob bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Oliy sud Matbuot xizmati»


«Xabar.uz»dan: «raddiya»ga raddiya

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ommaviy axborot vositalarida chiqayotgan tizim faoliyatiga oid tanqidiy maqolalarga tezkor munosabat bildirishni faol yo‘lga qo‘yayotgani tahsinga loyiq. Buni faqat olqishlash kerak. Biroq aksariyat munosabatlar «raddiya» shaklida bo‘layotirki, ularda voqelikka oid sud hujjatlari mazmuni takrorlanib, «hammasi qonuniy va to‘g‘ri hal etilgan»i ta’kidlanishi barobarida jurnalist go‘yoki noxolis ekani-da pisanda qilinadi. Yuqoridagi «raddiya»ni «kutilgan» deyishimizning boisi shu: ko‘rdingiz, o‘qidingiz — tanish qolip, tanish mazmun, tanish manzara, qisqasi?! Bu bilan OAVdagi sud tizimiga oid tanqidiy chiqishlarning hammasi qonuniy, sud organlari ularga yakkash raddiya bilan javob bermoqda xolos, deyilmoqchi emas. Chiqayotgan barcha sud qarorlari qonuniy va asosli bo‘lmaganidek, chop etilayotgan tanqidlarni ham sirdirg‘asi to‘g‘ri deyishga til bormaydi. Biroq Oliy sudning ayrim munosabatlari, xususan, «Xabar.uz»da avvalgi kuni chiqqan maqolaga bir sutkaga qolmay «raddiya» kelgani e’tiboridan xayolga bordikki, mutasaddilar «delo»ni qachon chaqirib, qachon o‘rganib va qachon raddiya bitmoqqa ulgurdi ekan?! O‘tgan bir sutkaning teng yarmi tungi vaqtga to‘g‘ri kelgani inobatga olinsa, bunday tezkorlikdan hayratga tushmay iloj yo‘q. Rostdan ham ish xolis o‘rganilib, javob yozildimi yoki tayyor qaror yoki ajrimga qarab, «raddiyabashara» bir nima qoralandimi?

Mayli, qanchalar mantiqqa yaqin bo‘lmasin, xayol osmonidan Oliy sud munosabati matniga qaytsak.

Oliy sudning «raddiya»sini o‘qidingiz, unga sabab bo‘lgan maqolaga ko‘z yugurtirganingiz ehtimoli katta. Demak, ularda bayon etilgan holatlarni takrorlashga hojat yo‘q.

Qisqasi, gap homilador ayolning g‘ayriqonuniy ishdan bo‘shatilgani, uning ishga tiklashga oid da’vosi sud tomonidan rad etilgani ustida bormoqda.

«Raddiya»da qayd etilganidek, «...maqolada N.Ahmedova bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishida uning homilador ekanligi inobatga olinmaganligi ta’kidlanadi». To‘ppa-to‘g‘ri! Rost-da, ish beruvchi o‘z tashabbusi bilan homilador (yoki uch yoshga to‘lmagan bolasi bor) ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bir tomonlama bekor qilishi mumkinmi? Yo‘q, yo‘q... Bunga qonun izn bermaydi (Mehnat kodeksi, 237-modda). N.Ahmedova bilan shunday holat ro‘y bergani inkor etib bo‘lmas holat. Shuning o‘ziyoq u va ish beruvchi o‘rtasidagi nizo borib turgan qonunsizlikdan kelib chiqqanini yaqqol ko‘rsatadi. Bo‘ldi, ming bejab aytilmasin, boshqa gap ortiqcha. Agar gap bo‘lsa, marhamat, avval shundan keling! Yo‘q, «raddiya»da inkor etib bo‘lmas ayni holat siypalabgina o‘tib ketilgan, xolos.

Shunday qilib, ayol (N.Ahmedova) g‘ayriqonuniy ravishda (qornida olti oylik homilasi borligi bilaturilib) ishdan bo‘shatildi (2018-yil, 4-yanvar). Endi nima qilishi kerak? Albatta, bosh urib boriladigan joy — sud! Shunday qildi ham (2018-yil, 7-mart). Biroq sud da’voni rad qildi: «...uzrsiz sababga ko‘ra da’vo muddatini o‘tkazib yuborgansan», deb?! Mehnat nizolari, xususan, ishga tiklashga doir nizolar yuzasidan sudga murojaat etish muddati bir oy. Biroq bu muddat «tegishli buyruq chiqqan sanadan» emas, xodimga «...mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi buyruq nusxasi berilgan kundan boshlab» hisoblanadi (Mehnat kodeksi, 270-modda). N.Ahmedova mehnat shartnomasi bekor qilingan (29.12.2017-y.) buyruq nusxasi bilan 2018-yilning 19-fevralida tanishadi (buyruq chiqqanidan ellik bir kun o‘tib!). Garchi sud buni inkor qilsa-da, javobgar — O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi direktori birinchi instansiya sudida ro‘yirost tan olgan-ku?! Javobgarning ayni iqrori Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari tomonidan kiritilgan protestda aniq-tiniq yozilgan. Hoy, uying (halol) pulga to‘lgurlar, shu ikki faktning o‘zi sudning da’voni rad etish uchun qilgan barcha «toat-ibodatlari»ni chippakka chiqarmaydimi?

«....N.Axmedova oylik ish haqi va boshqa to‘lovlarni 2018-yil yanvar oyida olganligi haqida hujjatlar mavjud va bu holatni sudda o‘zi ham inkor etmagan», deyilibdi «raddiya»da. Bekor gap. 2018-yilning yanvar oyida San’at muzeyi xodimlari N.Ahmedovaga «mehnat shartnomasi bekor qilinganligi, tegishli pullarni olib ketishini so‘rab» xat yozgani bor gap. Xat uning uy manziliga noto‘g‘ri (qasddanmikan?) jo‘natilgani bois pochta qaytarib yuboradi. Buyam fakt. Shundan keyin San’at muzeyi xodimlari ayolning mehnat daftarchasi va pulini olib, uning uyiga borishadi. Biroq, N.Ahmedova uyida emasligi bois, mehnat daftarchasi va arzimagan pulni qo‘shnilariga (?!) tashlab ketish harakatiga tushishadi, ammo maqsadiga yetisholmaydi... Fakt kerakmi? Bu haqda tegishli dalolatnoma bor. Agar ungayam shubha tug‘ilsa, ana, guvohlar tirik. Pul-ku, mayli, ammo mehnat daftarchasidek muhim hujjatni begonalarga (!) tashlab ketishga urinishni nima deyish mumkin?! Bunday «zukkolar»ning xayoliga Ahmedovaning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilish kelmaganidan ajablanmasayam bo‘ladi-a? Balli.

E’tirozda «N.Axmedova oylik ish haqi va boshqa to‘lovlarni 2018-yil yanvar oyida olganligi haqida hujjatlar mavjud»ligi ta’kidlanar ekan, ular qanday hujjatlar ekaniniyam bildiringda, azizim?! Nima-nima, «raddiya» yozyapsiz, axir?! «...bu holatni sudda o‘zi (N.Ahmedova — tahr.) ham inkor etmagan»iga kelinsa, vaziyat biroz boshqacharoq: yanvarda emas, fevral oyi boshlarida, qornida yetti oylik homilasi bilan buyruq bilan tanishish uchun ishxonasiga borgan N.Ahmedova ichkariga kiritilmaydi, ko‘chada, shundoq bekat oldida unga dekabr oyi ish haqingiz» (boshqa to‘lovlar yo‘q) deb, tegishli hujjatga imzo chektirib, bir oylik maoshi miqdoridagi pulni tutqazib ketishadi. Bor gap shu. O‘sha to‘lov qog‘ozi ko‘tarildimi? Unda ish haqidan boshqa to‘lov yozilganmi-yozilmaganmi? Shu savolga javob berishi kerak bo‘lgan xodim, da’vogarning talabiga qaramay, sudga chaqirilmagani esa jumboqligicha qolmoqda. Birobarin, «...Ish beruvchi esa MKning 102-moddasida nazarda tutilgan huquqidan foydalanib, ogohlantirish muddati o‘rniga muvofiq keladigan pullik kompensatsiya to‘lagan», deyishga shoshmaslik kerak.

Manaman deb turgan faktlar va fuqarolik ishidagi boshqa holatlar «sudga da’vo berish muddati uzrsiz o‘tkazib yuborilgani»ni inkor etib tursa-da, shu «asos»ga yopishavermay (boshqa asos ham yo‘q-da!) insof qiling, qonun peshvolari: homiladorlikning oxirgi oylarini o‘tkazayotgan ayol ahvoliki sud uchun «uzrsiz» ekan, «uzrli» bo‘lish uchun «da’vo berish muddati» ichida bir o‘lib, tirilish kerakmi? Bunchalar bo‘lmaydi-da, endi?!

Qonunlardan qator-qator iqtiboslar keltirib qog‘oz yuzini bezashdan osoni yo‘q. Bu bilan yozilayotgan matn «raddiya»ga o‘xshab qolmaydi baribir. Sirasini aytganda, noxolislik aslida shu! Qolaversa, «sirkasi suv ko‘tarmaslik» bilan sud hokimiyati va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni, ming otashin bayonotlar qaramay, samarali yo‘lga qo‘yib bo‘lmaydi. Ikki tizim o‘rtasida o‘zaro tushunish, toqatlilik va  xolislik shakllanmas ekan, sud organlari amalga oshirayotgan ko‘pdan ko‘p ijobiy ishlar «raddiyaboz»liklar soyasida qolib ketishi mumkin. O‘zaro hamkorlik deganda uchinchi hokimiyat faoliyatini to‘rtinchi hokimiyat maydonlarida baland ohanglarda bayon qilishnigina tushunish kerak emas.

Asosiy gapga qaytsak. Mayli, maqola muallifi, «raddiya»da pisanda etilganidek, «noxolis bo‘lsa», bo‘laqolsin, «....taraflardan birining manfaatiga mos keladigan holatlarni tahlil qilib», rostdan ham «sudlar faoliyati xususida noto‘g‘ri fikr shakllanishi» ehtimolini yuzaga keltirgan bo‘lsa, jilla qursa, burniga chertib ham qo‘yilar. Biroq Mirobod tuman prokuroridan tortib Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosarigacha sud qarorlariga protestlar kiritgani ularning ham «noxolis»ligi, «....taraflardan birining manfaatiga mos keladigan holatlarni tahlil» qilayotganini anglatadimi?

Yana bir gap. «Hamkasbning qarori bekor bo‘lunicha, shaytonning bo‘yni uzilsinmi?» maqolasida shikoyatlar-u protestlarga qaramay sud qarori o‘zgarmay qolayotgani — uning muallifi mazkur «ish»ni ko‘rasola Oliy sudga ko‘tarilib ketganiga taqalmasmikin, mazmunida mulohazaga borilgandi. Rost, mulohaza biroz «xashakiroq»day, biroq mantiq uchqunlari ham yo‘q emas-da. «Raddiya» nihoyasida aytilibdiki: «... Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida joriy yilning 6 oyida 558 ta ish ko‘rilib, 260 tasi bekor qilingani va o‘zgartirilganining o‘zi ham jurnalistning «Hamkasbning qarori bekor bo‘lguncha, shaytonning bo‘yni uzilsinmi?» degan savoliga yetarlicha javob bo‘ladi», deb. Yo‘q, bu javobmas. Aksincha, bunaqa gap yanayam chuqurroq mulohazaga turtkilaydi. O‘tgan olti oyda ko‘rilgan 558 ta ishning 260 tasi bekor qilingan ekan, demak, Oliy sudda ko‘rilayotgan «delo»larning teng yarmi «brak»ka chiqmoqda: bu raqam ko‘pmi-kammi — alohida masala, ammo, baribir, quyi sud sudyalarining qulog‘ini cho‘zib qo‘yish kerakka o‘xshaydi. Yana: 260 ta «brak» bo‘lgan qarorning birorta muallifi (quyi sud sudyasi) Oliy sudga («delo»si tumandan chiqmayoq) ko‘tarilib ketganida qabul qilgan hal qiluv qarori omonda bo‘larmidi, kim bilsin...

Vassalom.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring