Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oliy sud vakillari «Ayollar muruvvat uyi»da dasturxon yozdi

Oliy sud vakillari «Ayollar muruvvat uyi»da dasturxon yozdi

Foto: Gazeta.uz

O‘tgan hafta Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov boshchiligida Buxoroga safar qilgan oliy mahakama mas’ullari nafas rostlashga-da fursat topmagani rost. Chunki, qishning kuni bir tutam, ko‘z ochib yumguncha qosh qorayadi. Bunday pallada qisqa kunning har daqiqasi g‘animat. Ustiga ustak, kun tartibi o‘ta tig‘iz, boz yo‘l-yo‘lakay kutilmagan o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritib borildi. Raqamlarni gapirtirsak, gapimiz mubolag‘adan yiroq ekanini tushunasiz, ehtimol.

Ikki kun davomida (dekabrning 4 va 5 sanalari) Buxoro shahri, shuningdek, G‘ijduvon, Qorako‘l va Romitan tumanlarida o‘tkazilgan sayyor qabullarda 267 nafar fuqaroning murojaati tingladi. Shundan 23 nafar fuqaroning nazorat va kassatsiya shikoyatlari qabul qilindi. Yana uchta shikoyat nazoratga olingan holda ko‘rib chiqish uchun viloyat sudiga yuborildi. Qirq beshta murojaat bo‘yicha tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, 194 nafar (72,6 foiz) fuqaroning murodi hosil qilindi.

Foto: Xabar.uz

Sud tizimi kattalari qabuliga birov esdalikka suratga tushish uchun kelmaydi. Aksincha, aksariyatining dard-u tashvishidan chang chiqadiki, har birining jilla qursa, «to‘kilib olishi»ning o‘ziga 10-15 daqiqa kamlik qiladi. Shundan kelib chiqib, qayd etilgan raqamlar bir tutam qish kuniga zarb etilsa, kunduzi murojaatlarni tinglash-u kech allamahalgacha hujjatlarga ko‘milib o‘tirilganini biroz tasavvur qilish mumkindir balki.

Hujjatlarga ko‘milib o‘tirishlarning natijalari qo‘yidagi raqamlarda ko‘rinadi: ikki kun davomida 72 nafar mahkumning ishi qayta ko‘rilib, ular jazoni o‘tashdan shartli ozod qildi, olti nafari sudlanuvchiga sud zalining o‘zidan ozodlik ravo ko‘rildi. Bundan tashqari ellik to‘rt nafar fuqaroga nisbatan ma’muriy ishlar ham tugatildi.

Raqamlar xalq bilan muloqotlar xo‘jako‘rsinga o‘tkazilmayotganiga dalolat qilyaptimi? Yaqin-yaqingacha Oliy sud mutasaddilari deganda afsonaviy shaxslarni tasavvur qiladigan oddiy va sodda aholi bugun ularni o‘z huzurida «tirik» ko‘rayotgani faqulodda emas, oddiy holga aylanayotir. Xalq bilan muloqotning eng katta samarasi shu.

Joylarga chiqilar ekan, boshqa organlar qatori sud tizimi xodimlari ham to‘g‘ri ma’noda «vakolatidan chetga» chiqayotganini kuzatish mumkin. Buxorodagi muloqotlar jarayonida nikohni bekor qilish to‘g‘risida sudlarga murojaat qilgan bir necha o‘nlab oila vakillari (asosan, yosh er-xotinlar) bilan suhbatlar o‘tkazildi.

Suhbatlarki, rasmiy ohangdan yiroq, xayrixohlik oshkora, qisqasi, «po‘m» bo‘lgan er-xotin sudya bilan emas, hayotning achchiq-chuchugini ko‘rgan insonlar bilan muloqot qilayotganday... Natija chakkimas: ajrim yoqasiga kelib qolgan 42 oila yarashtirildi. Shu 42 ta oilada jami 67 nafar voyaga yetmagan bolalar ulg‘ayotgani inobatga olinsa, «vakolatdan chiqish»lar faqat yaxshilikka xizmat qilgani oydinlashadi, nasib. Zero, tirik yetimlar nainki o‘sha oilalarning, balki davlat va jamiyatning muammosi hisoblanadi. Shu o‘rinda yarashgan oilalarning ayrim vakillarini ishga joylashtirish masalalari ham joyida hal etilgani aytib o‘tish ortiqchalik qilmaydi.

Sayyor qabullar o‘tkazilayotgan sanalar nogironlar kuniga to‘g‘ri kelgani ham e’tibordan soqit qilingani yo‘q. Orada fursat topib, viloyatdagi 32 ta mahalladagi 61 ta xonadonga kirilib, u yerdagi imkoniyati cheklangan ko‘ngli yarimlardan xabar olindi. Baholi kudurat muruvvat ko‘rsatildi.

Eng yodda qoladigan voqelik Buxorodagi «Ayollar muruvvat uyi»ga tashrif bo‘ldi. Bu dargohga tashrif kun tartibida yo‘q edi. Yo‘l-yo‘lakay maslahatga maxsi kiydirilar ekan, sovg‘a-salomlarga qo‘shib, kerakli masalliqlar ham olindi. Mazkur muruvvat uyida asosan, «sohibi uzr» ayollar makon topishgan... Shuginalarga sudyalar o‘z qo‘llari bilan palov damlab berishi kimning xayoliga kelgan?! «Bayram bayramdek bo‘lishi» uchun hofiz ham topib kelindiki, «o‘zicha o‘ynab, o‘zicha kulib» yuradigan ayollarning rostmona quvonib, raqsga tushishlari...  yerdan uzilgan oyoqlarni joyiga tushirmaydimi?! Shundayam aql-farosatdan qismay, o‘zininggina emas, o‘zganing ham koriga yaraydigan qilib qo‘ygani uchun O‘ziga shukr aytmaganga insof tilash ortiqcha.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring