Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Obod markaz» tufayli uyi buzilgan fuqarolarning muammosi hal etildi

«Obod markaz» tufayli uyi buzilgan fuqarolarning muammosi hal etildi

Foto: Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Namangan viloyat adliya boshqarmasi joriy yilning 7-8 oktyabr kunlari Mingbuloq tumanida yashovchi bir guruh fuqarolarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib muhokamaga sabab bo‘lgan muammolari o‘rganib chiqildi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi. 

Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarda Mingbuloq tumanida «Obod markaz» dasturi doirasida bir qator turar va noturar bino-inshootlar buzilganligi, biroq kompensatsiya to‘lanmayotganligi ko‘rsatilgan.

Tuman hokimining 2019-yil 18-avgustdagi qarori bilan Jomashuy shaharchasi hududida joylashgan turar va noturar bino-inshootlar ro‘yxati tasdiqlangan va u yerdagi ko‘chmas mulklar to‘liq yoki qisman buzib, zamonaviy loyihalar asosida qayta qurishga ruxsat berilgan.

Biroq, hozirgi kunga qadar tuman hokimining 2019-yil 1-iyundagi qaroriga asosan ro‘yxatdagi 5 nafar fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer maydonlari ajratilgan, biroq qolgan fuqarolarga esa yer maydonlari ajratib berilmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, buzilishga tushgan bino-inshootlar bozor qiymatida 2,5 mlrd. so‘mga baholangan va tuman hokimligiga yuborilgan, biroq ushbu pul mablag‘lari fuqarolarga o‘z vaqtida va to‘liq  to‘lab berilmagan.

Namangan viloyati hokimining 2019-yil 27-iyundagi farmoyishi doirasida mazkur murojaatchilardan yana biri fuqaro U.E.ning nogironligi bo‘lgan qizi G.O‘. nomiga ushbu tumanda qurilayotgan uy-joylardan biri ajratilib, boshlang‘ich pul mablag‘lari to‘lab berilishi ta’minlandi.

Shuningdek, ushbu tumanda bir necha yillardan buyon ijarada asosida boshqa uyda yashab kelayotgan fuqaro M.X.ga «Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga asosan tuman xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat qilishi taklif etilgan.

Bundan tashqari, ushbu tumanda yashayotgan fuqaro I.R.ga, uning sharoiti inobatga olinib, homiylik mablag‘lari asosida 2 xonali turar joyni qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Hozirda fuqaro I.R.ga ko‘p qavatli turar joylardan vaqtincha yashab turish uchun xonadon ajratib berish choralari ko‘rilmoqda.

O‘rganish davomida aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha Mingbuloq tuman adliya bo‘limi tomonidan tuman hokimligiga joriy yilning 8 oktyabr kuni taqdimnoma kiritilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring