Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Nuqta» — tinish belgisi yoki yana turk seriallari haqida

«Nuqta» — tinish belgisi yoki yana turk seriallari haqida

Foto: «WebVoice»

Jurnalist sifatida bitta «nuqta» — tinish belgisida xato o‘tkazsam, o‘quvchining savodsiz bo‘lib qolishiga hissa qo‘shyapsan, deya tanbeh berishadi.

Bir paytlar Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani bilan Sirdaryoning Yangiyer shaharchasini almashtirib yozganimda hali chiqmagan, navbatchi tomonidan ushlab qolingan xato uchun majlisda barchaning oldida boshim egilib izza qilinganman.

Agar beparda — ya’ni, masalanda, «ular qo‘l ushlashib ketayotgandi», degan jumlani maqolamga qo‘shsam, to‘rtta odam o‘sha zahoti qaychilaydi — bo‘lim mudiri, adabiy kotib, muharrir o‘rinbosari va nihoyat muharrir. Uzoqqa bormaylik, yaqinda blogerlardan biri maktab formasi haqida o‘z mulohazalarini ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgandi, darrov ta’qib ostiga olindi. Bizning xato qilishga haqqimiz yo‘q. Har bir gapimizni o‘ylab gapirishimiz, o‘ylab yozishimiz shart. Ya’ni, xalqning ma’naviyatiga daxl qiladigan, savodiga putur yetkazadigan nimaiki bo‘lsa, avvalo o‘zimiz o‘shalarga qarshi kurashishimiz kerak. Bizning nashr (O‘zbekistonda chop etiladigan bir gazeta haqida so‘z bormoqda) nari borsa besh ming insonning qo‘liga yetib boradi. Ammo 33 mln. aholini qamrab olgan, auditoriyasi katta bo‘lgan televideniyening g‘ij-g‘ij xatosidan nega ko‘z yumishyapti?

Savod, qo‘yilayotgan ko‘rsatuvlar saviyasi haqida gapirmoqchi emasman. Ammo nega hamma kanalni turk seriallari bosib ketdi? Azaldan sallani olib kel desa, kallani olib kelamiz — turklar bilan yaxshi hamkorlik degani, ularning o‘zida berish man qilingan seriallar butun boshli televideniyemizni egallab olsin degani emas-ku!

Masalan, bir oilada ota ham, ona ham xiyonatkor, ularning uylangan o‘g‘li yoki qizi ham oilasiga xiyonat qiladi. Va bu — tabiiy hol. Xuddi dunyoda erkak zoti qurib ketganidek, opa singlisining eriga ko‘z olaytirgan. Xuddi dunyoda qiz zoti qurib ketganidek, yigit o‘gay onasining qizini sevib qolgan. U o‘gay ona ham eriga xiyonat qilib, yigitning otasiga tegib olgan, oqibatda yigitning onasi otasini tashlab ketgan, aslida o‘gay singil bir paytlar ota onasiga xiyonat qilganining mevasi — tug‘ishgan singil! Birinchi navbatda, xiyonatkorlikni targ‘ib qiluvchi turk seriallari bizga nima beradi? Ularning «an’ana»lariga nisbatan mehrmi? Mehrimiz oshayotgandirki, qizlarimiz bugun turk yigitiga turmushga faxr bilan chiqib ketyapti.

Turklarning kinodagi hayoti nafaqat ongimizga, balki xonadonlarimizga kirib kelmoqda. Yoshlar kinolar orqali boshqa millatning turish-turmushini o‘rganishadi, tarixiga qiziqa boshlaydi. Men boshqa xalqlarning tilini, urf-odatini, tarixini o‘rganishga qarshi emasman. O‘rganish boshqa, mehr qo‘yish boshqa... qolaversa, bunday seriallar orqali emas. Yana serialki, qizning onasi bilan teppa-teng aytishishi, o‘g‘ilning ota bilan yoqa bo‘g‘ib qolishi, kiyimlarini-ku aytmang. Havasimiz zo‘rligidan Turkiyaning ko‘ylagini kiymasak, to‘yga borolmaydigan bo‘lib qoldik. Sarpolarimizda albatta turklarning libosi, hatto galstuk, paypoq, sovungacha. O‘ylab ko‘rmayapmiz: ular seriallar orqali iqtisodini — kiyimlariga havas uyg‘otib, eksportni rivojlantiryapti. Bular orqali ko‘p narsani yo‘qotyapmiz. Cho‘ntagimizdagi pulimizni o‘zga davlatning mahsuloti uchun o‘n baravar qimmatiga sarflayapmiz. Ular esa bizga o‘xshaganlarning puli orqasidan boyishmoqda. Achinarlisi, evaziga oladigan badalimiz nafaqat moddiy yo‘qotish, balki MA’NAVIY tanazzulga yuz tutyapmiz. Qani bizlarda ham O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan kiyimlarni kiyib seriallar olsak va iqtisodimizga ana shunday hissa qo‘shsak, arzonchilik bo‘larmidi?!.

Qaysi kanalga olsang, qaysi kanalning dasturini ko‘rsang, turk seriali. Ba’zida dasturga qarab har bir kanal kelishib olgandek, ketma-ketlikda qo‘yiladigan «Gullar iztirobi», «Ertug‘rul», «Muhtasham yuz yil», «Ayol» kabi seriallar oqimi to‘xtamayotganidan hayratga tushasan. Yana bordir, bilmayman, chunki ko‘rmayman, asabim buziladi. Eng achinarlisi, «Yoshlar» kanalining qatordan quruq qolmayotgani.

Amerikaning jangari, urush sahnalariga boy bo‘lsa-da, baribir insoniylikni, g‘ururni, qahramonlikni targ‘ib etadigan kinolariga chidash mumkin. O‘zimizning ko‘ngilni to‘ldirar darajada ishlanmagan bo‘lsa-da, milliy mentalitetni saqlab qolishga harakat qilgan seriallarga chidash mumkin,  qahramonlarining ko‘zidan hech yoshi tinmaydigan va shu bilan birga urf-odatlari bizga yaqinroq bo‘lgan koreys seriallariga chidash mumkin, ammo ularning o‘zlari ham ko‘rishni man qilgan, o‘zlarining hayotidan, turmushidan uzoq bo‘lgan turk seriallariga chidab bo‘lmaydi.

Bu seriallarni targ‘ib qilayotgan, qo‘yishga ruxsat berayotganlarni izza qiladigan biror kishi bormi? Yoki bilib turib ataylab qilinayotgan dushmanlikmi bu? Bitta nuqta — tinish belgisida xato qilgani uchun jurnalist ta’na malomatga qolib turgan bir paytda, tarbiyasizlikka o‘rgatuvchi «nuqtayu verguli» yo‘q bunday kinolarning tobora ko‘p qo‘yilayotganiga qarshiman. Masalan, bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, palon pornografik film disklari ushlab qolindi, degan xabarlarga ko‘zimiz tushadi. Ammo nega televideniyeda berilayotgan pornografik kinolarning debochasi sifatida ishlangan seriallarni nazorat qilmaydi hech kim. Yoki buning ortida millatning ma’naviyatini o‘ldirishdek ataylab uyushtirilayotgan g‘oya yotibdimi? Bunga kim JAVOB BERADI? Ertaga bu seriallar tufayli pornografiyani ochiq oydin ko‘rsatadigan va tabiiy qabul qiladigan avlod yetishib chiqmaydi, deb kim kafolat beradi? Mana bunday har tomonlama yarim yalang‘och seriallar ertangi avlodni ham shunday tarbiyalaydi.  

Yo‘ldosh A’zamovning «Oydin sahifa», «Odamlar tashvishida», «Ota nasihati», «Furqat», «Parol «Regina» mehmonxonsi», Ali Hamroyevning «Qizilqum», «Favqulodda komissar», «Yettinchi o‘q», «Vodillik kelin», Ravil Botirovning «26-otilmasin», «Seni kutamiz yigit», Uchqun Nazarovning «Surayyo», «Shiddat», «Alangali sohil», Shuhrat Abbosovning «Toshkent non shahri», «Muhabbat dramasi», «Otamdan qolgan dalalar», Zohid Sobitovning «Stadionda uchrashamiz», «Ikki jangchi haqida qissa», «Farzandlar», «General Rahimov» kabi kinolar nega qo‘yilmaydi?  Yoki «Boy ila xizmatchi» kinosining nimasi yomon? Axir, qo‘shxotinlik va uning fojialari haliyam hayotimizda davom etyapti. «Toshkent non shahri» filmi-chi? Bugun hamma narsa pul bilan o‘lchanayotgan zamonda mana shunday issiq mehrli kinolarni ko‘rsak bo‘lmaydimi?!

O‘zbek xalqining tarixiy va zamonaviy hayoti sahifalarini milliy ruhda ochishga qaratilgan bunday kinolarning qaysidir jihatlari bugungi kun mafkurasiga to‘g‘ri kelmaydi, deya ta’qiblashadi, ammo chetdan kirib kelayotgan filmlar, seriallar bugungi kun mafkuramizga to‘g‘ri keladimi? Yuqorida sanab o‘tilgan kinolar namoyishiga taqriz yozgan, jon-jahdi bilan kurashayotganlar, nega bo‘lmag‘ur kinolar namoyishini to‘xtatish uchun ikki oyog‘ini etikka tiqib kurashmaydi. Bundan muddao nima? O‘lib borayotgan ma’naviyatni butunlay yo‘qqa chiqarishmi?

Tarixning ba’zi sahifalari yopiqligicha qolgan va bundan bexabar o‘tayotgan yosh avlod bugungi kunimiz tarixga aylanganida, o‘z tarixini mana shunday seriallar orqali yaratadimi? Axir yuqorida sanab o‘tilgan o‘z filmlarimiz nafaqat saviya, balki aktyorlar ijrodagi mahoratlari bilan ham odamni o‘ziga tortadi. Bugungi qo‘yilayotgan seriallardan ko‘ra, ularning foydasi ko‘proq emasmi? Eng bo‘lmaganda aktyorlar ularning mahoratidan saboq olib kinolarda yaxshi rol o‘ynarmidi? Masalan, Olim Xo‘jayev, Shukur Burhonov, G‘ani A’zamov, Nabi Rahimov, Sora Eshonto‘rayeva, Lutfixonim Sarimsoqovalar ijro etgan rollar haligacha yodimizdan chiqmaydi. Afsuski, kino olamiga kirib kelayotgan ko‘pgina yosh aktyorlarimiz mana shunday kinolarning chetda qolayotgani oqibatida yetuk, millatimiz faxri bo‘lgan aktyorlarni, ularning ijro mahoratlarini ham unutib qo‘yishmoqda. Telekanallarimizda o‘sha filmlar qayta-qayta qo‘yilaversa, turk seriallariga tobora o‘rganib borayotgan ongimiz ularga ham ko‘nikarmidi? Va bu ko‘nikish bizga foyda keltirsa keltiradiki, zarar keltirmaydi. Ammo turk seriallariga tobora ko‘nikish, voqea-hodisalarini tabiiy qabul qilish va oqibatda hayotimizni o‘shanga moslashtirishga harakat millat ma’naviyatini tanazzuliga olib keladi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring