Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

Notariuslardagi navbat kutishlar qachon yo‘qoladi?

Notariuslardagi navbat kutishlar qachon yo‘qoladi?

Illyustrativ foto

Shu yil 30-oktyabr kuni telegramdagi «Huquqiy axborot» kanalida Adliya vazirligi butun mamlakatimiz bo‘ylab jami 138 ta yangi notariuslik o‘rinlariga tanlov e’lon qilgani haqida xabar berildi.

Xabarga ko‘ra yangi notarius shtat birliklarining taqsimi qo‘yidagicha:

  • Toshkent shahrida – 28 ta
  • Toshkent viloyatida – 17 ta
  • Samarqand viloyatida – 15 ta
  • Farg‘ona viloyatida – 13 ta
  • Surxondaryo viloyatida – 12 ta
  • Andijon viloyatida – 9 ta
  • Qashqadaryo viloyatida – 9ta
  • Xorazm viloyatida  – 9 ta
  • Buxoro viloyatida – 6ta
  • Jizzax viloyatida – 6 ta
  • Navoiyda – 5 ta
  • Namanganda – 4 ta
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 3 ta
  • Sirdaryo viloyatida – 2 ta bo‘sh notarius lavozimiga  tanlov o‘tkaziladi.

Adliya vazirligi respublika bo‘yicha 138 ta yangi notarius o‘rinlarini ochar ekan, bu notariuslardagi turli muammolarni hal qiladimi?

Fikrimcha — yo‘q.

Hozir mamlakatimizning istalgan hududida joylashgan notariusga boring, uzundan-uzun navbatlarga guvoh bo‘lasiz. Odamlar bir-ikki kunlab idora eshigida navbat kutib, qimmatli vaqtini yo‘qotishmoqda. Endi ana shu navbat kutishlar vaqtidagi asabbuzarliklarni, janjallarni gapirmay qo‘ya qolay.

Ertalab borasiz, nechanchidir navbatni olasiz, ammo hech sizning navbatingiz kela qolmaydi. Chunki siz kutib o‘tirganingizda notariusning huzuriga navbat olmagan qancha odam kirib, ishini bitirib chiqadi. Siz esa kutishda davom etaverasiz. Navbatsiz kirib-chiqayotganlar ustidan notariusga shikoyat qilmoqchi bo‘lasiz, ammo foydasi yo‘q. «Bular hujjatlarini kecha, kechadan oldingi kun (va hokazo, buyog‘i xohlagancha muddatni qo‘yib aytadi) tashlab ketishgan. Ishingiz shoshilinch bo‘lmasa, siz ham tashlab keting, ertaga kelasiz. Shoshilinch bo‘lsa, kuting», degan javobni eshitasiz va asabiylashib, kutishda davom etasiz.

Notariuslardagi uzundan-uzun navbatlarga notariuslar sonining aholi soniga taqqoslaganda ancha kamligi sabab bo‘lyapti. Joylarda notariuslar aholi murojaatlariga shunchaki ulgura olmayaptilar. Buning oqibatida esa navbatlar yuzaga kelayapti.

Oxirgi 3–4 yilda Toshkent, Payshanba (Kattaqo‘rg‘on tumaniga xizmat qiladigan notariuslar shu shaharchada faoliyat ko‘rsatadi), Urgut shaharlaridagi notariuslarga turli ishlar bilan bordim. Hammasida navbatlar, asabbuzarliklar, o‘rin talashib bir-biri bilan janjallashgan odamlar, navbatsiz kirib chiqayotgan turli «uddaburon»lar...

Notariuslar bilan bog‘liq korrupsion ishlar, belgilangandan ko‘proq pul olishlar, uzundan-uzun navbatlar haqida oxirgi 2-3 yilda ko‘p gapirildi, xo‘p tanqid qilindi. Ammo shu yilning 29 – 30 avgust kunlari yana ishim tushib Toshkent shahri, Yunusobod tumani 1-son notarial idorasiga borib ko‘rdimki, ahvol umuman o‘zgarmagan. Aynan shu notarial idoraga oxirgi marta 2014 yilda kirib, rosa navbat kutib, arzimagan ishimni ikki kunda zo‘rg‘a bitirib chiqqan edim. Bu yil ahvol oldingidan ham badtar. Uchta notarius ishlayotganiga qaramasdan, ularning har biri oldida o‘ntadan ziyod odam navbatda turibdi. Buyoqda esa navbatsiz kirib chiqayotgan «uddaburon»lar deganday, hammasi betartib bo‘lib yotibdi.

Muammoning yechimi bormi?

Notariuslardagi uzundan-uzun navbat bilan bog‘liq muammoning fikrimcha ikkita yechimi bor.

1) Xususiy notariuslarga ruxsat berish.

Mamlakat bo‘ylab hozirgi notariuslar soniga teng bo‘lmasa ham, kamida ularning 60-70 foizicha bo‘lgan miqdorda xususiy notariuslar faoliyatiga ruxsat berish kerak. Ana shunda xususiy va davlat notariuslari raqobatda ishlashadi. Buni ortidan esa notariuslar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat sifati oshadi. Navbatlar kamayadi. Bunda davlat budjetidan ham, Adliya vazirligidan ham hech qanday xarajat bo‘lmaydi. Xususiy notariuslar o‘zlariga kerak bo‘ladigan bino uchun joyni o‘zlari topadilar va boshqa kerakli jihozlarni ham o‘zlari oladilar.

2) Notariuslar sonini keskin oshirish yo‘li bilan.

Adliya vazirligining mamlakatimiz bo‘ylab 138 ta yangi notariuslik o‘rinlari tashkil etishi yetarli emas. Viloyatlar bo‘ylab qilingan taqsimot ro‘yxatiga qarasangiz, yangi notariuslik o‘rinlari ko‘pgina viloyatlarda hatto bir tumanga bittadan ham to‘g‘ri kelmayotganini ko‘rasiz. Boshqa ayrim viloyatlarda bir tumanga bittadan notarius o‘rinlari, Toshkent shahrida esa har bir tumanga ikkitadan yangi notarius o‘rinlari to‘g‘ri keladi va bu yangi o‘rinlarning ochilishi notariuslardagi uzundan-uzun navbatlarni bartaraf etish uchun yetarli bo‘lmaydi.

Masalan, Samarqand viloyatida 15 ta yangi notarius o‘rinlari ochish mo‘ljallangan. Bu viloyatdagi har bir tumanga bittadan yangi notarius o‘rni ochiladi degani. Xo‘sh, Kattaqo‘rg‘on va Urgut tumanlarida bittadan yangi notarius ish boshlagani bilan bu tumanlardagi notariuslarda uzundan-uzun navbatlar barham topadimi? Boshqa tumanlardachi? Fikrimcha yo‘q. Chunki navbatlarning uzunligini har bir tumanda bitta yangi notarius o‘rni ochib, bartaraf qilib bo‘lmaydi. Navbatlarni bartaraf qilish uchun kamida hozirgi ishlab turgan notariuslarning 50-60 foizi miqdoricha yangi ish o‘rinlari ochilishi lozim.

Umid qilamiz, Adliya vazirligi bu masalani chuqurroq o‘rganadi va kelajakda yanada ko‘proq yangi notariuslik o‘rinlari ochadi yoki xususiy notariuslarga ham faoliyat yuritishlariga ruxsat beriladi.

P.S. Notariuslar sonini salmoqli oshirish va uzundan-uzun navbatlarni bartaraf etish kerakligiga asosiy urg‘uni qaratayotganim sababi, bu yerdagi korrupsion holatlar asosan ana shu navbat kutishlar ortidan kelib chiqmoqda. Bu haqda yaqin kunlarda yangi maqolada batafsil to‘xtalib o‘taman.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring