Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nogironlar jamiyati rahbari: «Mutasaddilar tezroq chiqib ketishimizni so‘rashyapti. Lekin qayerga ko‘chamiz?»

Nogironlar jamiyati rahbari: «Mutasaddilar tezroq chiqib ketishimizni so‘rashyapti. Lekin qayerga ko‘chamiz?»

Toshkent davlat pedagogika universitetida tashkil etilgan bir tadbirda partiyamiz rahbarlaridan biri jtimoiy himoyaga muhtoj aholi manfaatini himoya qilish, ularga har tomonlama yordam berish partiyaning diqqat-e’tiborida ekanini ta’kidlab, «Bugun Sizlarni qanday muammolar qiynayapti?» tarzida o‘rtaga savol tashladi.

 O‘nlab yurtdoshlarimiz qo‘l ko‘tardi...

Ochig‘i, katta-katta davralarda imkoniyati cheklangan fuqarolarimizni himoya qilishning huquqiy asoslari yaratilgan deb, jar solarkanmizu ammo ijro masalasiga kelganda...

— Yunusobod tumani hokimligi olti yildan buyon tuman nogironlar jamiyatini joy bilan ta’minlash masalasini ortga surib kelmoqda, — deydi jamiyatning Yunusobod bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Ismoilov. — Uzoq yillar davomida biz faoliyat olib borgan binomiz 2014- yilda boshqa tashkilotga berib yuborildi. Shundan keyin Toshkent shahar binolardan foydalanish departamenti, tuman hokimligiga murojaat qildik. Ammo har gal bir xil javob olardik. Faqat 2017-yilga kelib, bir mahalla idorasi joylashgan bino yerto‘lasidan joy ajratib berishdi. Lekin u yerga jamiyat ixtiyoridagi hujjatlarni ko‘chirdik, xolos. O‘zimiz yana ko‘chada qoldik.

Nihoyat, 2018-yili Yunusobod tumanining o‘sha paytdagi hokimi 14-daha, 1-uydan ikkita xona ajratib berdi. Bu yerda ilgari «Yunus ota» mahalla idorasi joylashgan, ular boshqa joyga ko‘chayotganlarida ichki xonalarning eshik va romlari, hatto «rozedka»larini ham ko‘chirib ketishgan ekan. Nima bo‘lsa ham joy topilganiga xursand bo‘lib, kamchiliklarga ko‘z yumdik. Shundan keyin homiylar topib, tashlandiq binoni ta’mirlashga qaror qildik. Biroq kutilmaganda tuman hokimi o‘zgardi, mutasaddilar esa bizga boshqa joyga ko‘chishimiz zarurligini aytib qolishdi. Sababini surishtirsak, bu joy boshqa tashkilotga beriladigan bo‘libdi.

Yana tuman hokimligiga qatnay boshladik. Qancha harakat qilmaylik hokimimiz Rahmonbek Usmonovning qabuliga kirishning iloji bo‘lmadi. Har safar turli bahonalar bilan yo‘limiz to‘silaverdi. Hokim yordamchilarining «marhamati” bilan faqat ijtimoiy ta’minot bo‘limigacha borardik, xolos. Bu masalada Toshkent shahar hokimligiga ham murojaat qilgan bo‘lsak-da, arzimiz yana Yunusobod tuman hokimligining ijtimoiy ta’minot bo‘limiga kelib tushaverardi.

To‘g‘ri, bu orada bizga ikkita manzildan joy ko‘rsatishdi. Ulardan biri juda ham tor bo‘lib, faqat stol-stul zo‘rg‘a sig‘ardi. Ikkinchisi esa boshqa bir mahallaga tegishli edi. U yerni xususiy tashkilot ijaraga olgan, ijara pulidan esa mahallaning kommunal to‘lovlari qoplanar ekan. Bundan ham yomoni bizga ko‘rsatilgan ushbu joyga nogiron, ko‘zi ojiz fuqarolar birovlarning yordamisiz borolmasligida edi. Ayni paytda eshik-romi bo‘lmasa-da, xonamiz shundoq katta yo‘l bo‘yida, bekatga yaqin joylashgan. Nogironlar kelib-ketishga qiynalishmaydi.

Har dushanba qabul kunimiz. Bu yerga 25-30 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolar yig‘ilishadi. Yutuqlarimiz, muammolarimiz bilan o‘rtoqlashamiz, kimdir Brayl alifbosidagi kitoblarni o‘qiydi...

Bu yerning shart-sharoitlarini hokimiyat ko‘magisiz ham yaxshilab olishimiz mumkin. Ammo omonat o‘tiribmiz. Mutasaddilar tezroq chiqib ketishimizni so‘rashyapti. Lekin qayerga ko‘chamiz? Bu savolga 2014-yildan buyon javob yo‘q. Ba’zan o‘ylab qolaman, balki hokimimiz R.Usmanovning shunday sharoitda ekanimizdan xabari yo‘qdir. Agar xabar topganda biz bunchalik ovora bo‘lmasmidik...

 Yunusobod tuman nogironlar jamiyati rahbari B.Ismoilovning gaplarini eshitib, jamiyatning 2018-yildan buyon eshik-romsiz xonada faoliyat ko‘rsatayotganiga ishonmadim. Balki shuncha yil sarson yurgan jamiyat rahbari jahl chiqqanida biroz oshirib yuborgandir, degan o‘y bilan fotokamerani ko‘tarib, jamiyat raisi hamkorligida o‘sha manzilga bordim. Haqiqatan ham ichki xonalar eshik-romsiz. Elektr simlari tartibsiz holatda. Lekin bu yer rostdan ham nogironlarning kelib-ketishiga juda qulay ekan. Katta yo‘l bo‘yi, jamoat transportlari serqatnov, bino esa shundoq bekatning yonida.

Mamlakatimizda xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi lozimligi ta’kidlanayotgan bir paytda poytaxtimizning qoq biqinida shunday holat yuz berayotganiga chindan ham ishonish qiyin. Ushbu maqolani qog‘ozga tushirayotib, balki chindan ham tuman hokimi R.Usmonovning yuqoridagi holatdan xabari yo‘qdir, degan fikrga bordik. Ammo bugungi kun rahbari, ayniqsa, hokimning o‘z hududida bir guruh nogironlarga shunday munosabatda bo‘layotganlaridan xabarsiz bo‘lish mumkinmi, degan fikrga bordigu xulosa chiqarishga shoshilmaslikka qaror qildik. Ajabmas, ushbu maqola sabab hokim real holatdan xabar topsa...

 Ravshan Mahmudov,

O‘zMTDP Markaziy kengashi bosh mutaxassisi

(manba: «Milliy tiklanish» )

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring