Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Niqobli bosqinchi begona emas ekan...

Niqobli bosqinchi begona emas ekan...

Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudida bosqinchilikka oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. E’tiborlisi, bosqinchi begona bo‘lib chiqmadi: u jabrlanuvchning sinfdoshi ekan!

 ...Sh.Yaxshiyev sinfdoshi A.Tillayevning Qorako‘l tumanidagi «Sher saxiy» bozorida savdo faoliyati bilan shug‘ullanishini yaxshi bilgan, albatta. Ertayu kech bozorda bo‘lgan odamning kunduzi uyida xotinidan boshqa kishi bo‘lmasligi ehtimoli katta. Shunga qaramay, Sh.Yaxshiyev yana bir karra «razvedka» qilib, taxmini to‘g‘ri ekaniga batamom amin bo‘ldi. Buyog‘iga aniq harakat qilsa — ko‘z ochib yumguncha yaxshigina boylik egasiga aylanadi.

U 2019-yilning 1-fevral kuni A.Tillayevning uyiga devor oshib o‘tganda vaqt peshinga yetmagandi. Oq rangli ayollar ro‘molidan o‘ziga niqob yasab, barmoq izlari qolmasligi uchun qo‘lqop kiyib, ichkariga kirgani hamono xonadon bekasiga duch keldi. Vaqtni boy bermay ayolga hujum qilib, biqiniga oshxona pichog‘ini tirarkan, xuddi kinolardagidek shart qo‘ydi: mol kerakmi yoki jon?

Jon shirin, ayol bosqinchining talabiga bo‘ysinib, avvaliga qo‘l va qulog‘idagi, so‘ng yotoqxona javonidagi boshqa tilla taqinchoqlarini tutqazdi. Naqd pul chiqmadi. Ayolni urib-tepibdi hamki, natija yo‘q: bori shu ekan. Bosqinchi jami olti million so‘mdan ko‘proq qiymatdagi taqinchoqlarni qo‘lga kiritgach, «melisaga xabar qilsa, o‘ziga yomon bo‘lishini» aytib, juftakni rostladi. Ketar chog‘i «Artel» rusumli qo‘l telefonini ham ko‘zdan qochirmadi.

Sh.Yaxshiyevning tahdidiga qaramay, o‘sha kuniyoq tegishli organlarga xabar berildi. Ko‘p o‘tmay bosqinchi ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Bu yog‘i endi sud...

...Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudi raisi U.Bozorovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Sh.Yaxshiyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan aybdor deb topilib, 10 yil ozodlikdan mahrum etildi.

Olti million so‘mdan sal ko‘proq zararga shuncha jazomi?

— Bo‘lmasa-chi? — dedi sud raisi. — O‘g‘rilik bilan bosqinchilik jinoyatlari o‘rtasida farq katta. Shu sabab tayinlangan jazodan ajablanmang, hammasi qonun doirasida...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring