Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Narxi osmonga chiqqan pomidor, eksportga «tayyorlanayotgan» yangi piyoz

Narxi osmonga chiqqan pomidor, eksportga «tayyorlanayotgan» yangi piyoz

Anomal sovuq pomidorga ta’sir qildimi?

Bir hafta davomida issiqxonada yetishtirilgan qizil yumaloq pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi 29 foizga oshdi va bu o‘tgan yildagi narxdan deyarli ikki baravar yuqori.  

EastFruit monitoring  tahlillarga ko‘ra, 2023-yilning 17-martidan 24-martigacha O‘zbekistonda bir kilogramm pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi 28 ming so‘mdan 36 ming so‘mga oshdi.

24-mart holatiga ko‘ra, pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan 1,8 baravar va 2020–2021-yillarning shu sanasiga nisbatan 2,4 baravar yuqori bo‘ldi, ya’ni o‘tgan hafta yurtimizda ushbu mahsulotning ulgurji narxlari boshqa mamlakatlarga qaraganda eng yuqori bo‘lib chiqdi (1 kg):

O‘zbekiston – 3,16 dollar

Polsha  – 2,79 dollar

Ukraina – 2,60 dollar

Tojikiston — 2,29 dollar

Moldova – 1,61 dollar

Gruziya – 1,16 dollar

Tahlilchilar oldinroq O‘zbekistonda pomidor narxining bunday tez ko‘tarilishiga anomal sovuq sabab bo‘lganini yozishgan edi. Tadbirkorlar ushbu ekinning vegetatsiya davrini hisobga olgan holda, yaqin kelajakda pomidor narxining pasayish ehtimoli yo‘q deb hisoblashmoqda.

O‘tgan haftada yurtimizda pushti yumaloq pomidor narxi ham ko‘tarildi, ammo o‘sish sur’ati qizil pomidorga qaraganda ancha past. 2023-yilning 17-martidan 24-martigacha pushti issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi 33 ming so‘mdan 36 ming so‘mga (9,1%)  – 2,89 dollardan 3,16 dollarga ko‘tarilgan.

 O‘zbekistonda yangi piyoz eksporti qachon boshlanadi?

Bir necha kun avval mamlakatimizning janubiy hududi bo‘lgan Surxondaryo viloyati dehqonlari erta kuzgi piyozni yig‘ib olishga kirishdi. Piyozning bir necha tonnalik dastlabki kichik partiyalari Surxondaryo va qo‘shni viloyatlar bozorlariga jo‘natilmoqda.

Qachon mamlakatimiz ulgurji bozorlariga katta miqdordagi yangi piyoz chiqariladi va eksporti boshlanadi?

VESAGRO konsalting kompaniyasi rahbari O‘rmonali Usmonovning EastFruit ga bergan ma’lumotlariga qaraganda, yangi piyozning katta partiyalarini taxminan bir hafta yoki o‘n kun ichida shakllantirish mumkin.

– Surxondaryo viloyatining uchta tumani (Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on va Sherobod tumanlari) fermerlari qishki ertagi piyozni yig‘ib olishga kirishdi. Piyoz oz miqdorda hududiy bozorlarga jo‘natiladi. Bilishimcha, poytaxt ulgurji bozorlariga hali yangi  piyoz kirib bormagan. Yangi hosil qulay ob-havo sharoitida, taxminan bir hafta yoki o‘n kun ichida  ulgurji bozorlarda paydo bo‘ladi.

Biroq, yangi piyoz hali to‘liq yetilmagani bois, ushbu mahsulotni uzoq masofalarga jo‘natish mumkin emas. Boshqacha qilib aytganda, piyozning po‘sti to‘liq pishmagan va kerakli yetuklikka erishish uchun ko‘proq vaqt ketadi. Hisob-kitoblarimga ko‘ra, joriy yilning 15-20-aprel kunlari O‘zbekiston ichki bozorida eksportga mo‘ljallangan yangi piyoz hajmi paydo bo‘ladi», — deya tushuntirdi O‘rmonali Usmonov.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil fevral oyining boshida yanvar ayozlari 2022-yil avgust-sentyabrdan 2023-yil yanvarigacha hosil bo‘lgan «avgust» qishki piyozining ko‘kbarglarini butunlay yo‘q qildi. Yangi barglar, ya’ni kurtaklar paydo bo‘lishi va rivojlanishi uchun qo‘shimcha vaqt talab qilindi, bu esa o‘z navbatida, piyozning pishish vaqtining taxminan 10-15 kunga cho‘zilishiga olib keldi.  Shu bois, kuzda ekilgan piyoz yig‘im-terimining boshlanishi ham kechikdi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston har yili 200 ming tonnadan ortiq piyoz eksporti bilan Markaziy Osiyoda eng yirik piyoz eksportchisi hisoblanadi. Mamlakatimizda joriy yilning yanvar oyida piyoz eksportiga o‘rnatilgan cheklov mart oyi o‘rtalarida bekor qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring