Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda «Raqamli kutubxona» ochildi (foto)

Namanganda «Raqamli kutubxona» ochildi (foto)

Foto: Xabar.uz

Namangan viloyatida sakkizdan o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan 1 123 100 nafar yosh bor. Ularning qariyb 500 ming nafari maktab o‘quvchilari hisoblanadi. Xo‘sh, ularni oliy ta’lim bilan qamrab olish mumkinmi yoki ta’limdan so‘ng ish bilan ta’minlashning qanday yo‘llari mavjud?

Ularni kasb-hunarga o‘rgatishning yana qanday optimal yechimi bor? Buning uchun axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarur. Aynan shu maqsadda viloyatda yoshlarni AKTga o‘qitish uchun 12 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tashkil qilingan. Yil yakuniga qadar 5 ta AKTga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari, IT-markazlar ochish rejalashtirilgan.

Joriy yilning 19 fevral kuni Namangan shahrining Davlatobod tumanida kutubxona ochildi. Ahamiyatlisi, ushbu an’anaviy kutubxona ichida «Raqamli kutubxona» faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi.

Kutubxonada viloyatda tug‘ilgan ijodkorlarning tarjimai holi haqida hikoya qiluvchi posterlar tashkil qilingan.

Shu bilan birga, bu yerda viloyatdagi navbatdagi o‘n uchinchi IT-markaz ham ish boshladi.

Viloyatda xizmat safari bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov rahbarligidagi Ishchi guruh a’zolari bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Alohida ta’kidlash joiz, «Raqamli kutubxona»ni tashkil etishda AKT vazirligi, IT-Park hamda soha korxona va tashkilotlari mutaxassislari katta hissa qo‘shishdi.

Kutubxonada faoliyati yo‘lga qo‘yilgan IT-markaz o‘quvchilari nafaqat axborot texnologiyalariga doir kitoblardan, balki jahon adabiyot durdonalarini ham o‘qishlari mumkin bo‘ladi.

Respublikamizdagi barcha IT-markazlar ushbu «Raqamli kutubxona»ga bog‘lanib, bu imkoniyatdan foydalanishlari mumkin. Yangi kutubxonada 30 mingta kitob bo‘lsa, «Raqamli kutubxona» orqali kitobxonlarga 10 millionta kitobni mutolaa qilish imkoniyati yaratilgan.

Kunbo‘yi kompyuterda ishlagan «aytishnik» toliqib qolsa, charchog‘ini chiqarish, ko‘ziga dam berish uchun nima qiladi? IT-markazda buning uchun maxsus burchak tashkil qilinibdi. Shinamgina joyda maqom musiqalarini tinglash mumkin.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida ushbu kutubxonaning ochilishi hamda IT-markaz faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi namanganlik yoshlarga ajoyib sovg‘a bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring