Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda nafaqat gullar, shu bilan birga axlat uyumi ham bor

Namanganda nafaqat gullar, shu bilan birga axlat uyumi ham bor

Foto: Nuz

Namanganni gullar shahri deyishadi. Haqiqatan ham Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ini, uning atrofidagi ko‘chalarni aylansangiz, rang-barang gullarni, atrofdagi ozodalik va saranjom-sarishtalikni ko‘rib, bahri-dilingiz ochiladi. Ammo ayrim joylar ham borki, holatga boqib, hayratdan yoqa ushlaysiz.

Hamroh va Istiqlol ko‘chalari tutashgan burchakdan yaqin orada o‘tgan namanganliklar va shahar mehmonlarining og‘iz-burunlarini berkitishdan o‘zga choralari yo‘q. Chunki bu yerdagi axlatxona haftalab tozalanmaydi. Aholi olib chiqib tashlagan narsalar orasida achiydigan va sasiydiganlari ham bor. Ularning qo‘lansa hidi atrofni tutgan. Kasallik tarqatuvchi pashshalar g‘ujg‘on o‘ynaydi. Bunday noxush holatdan aholi nihoyatda aziyat chekmoqda.

– Uyimiz mana shu axlatxonadan ellik-oltmish metr narida, - deydi «Nurafshon» mahallasi fuqarosi Malikaxon Ergasheva. – Bu yerdan tarqalayotgan badbo‘y hidlarga, pashshalar xurujiga toqat qilib bo‘lmayapti. MFY raisi Sohibaxon Xolmirzayevaga bir necha marotaba murojaat qildik. Lekin hozirgacha hech qanday natija chiqmadi. Hokimlik mutasaddilari, sanitariya nazorati, obodonlashtirish boshqarmasi, «Toza hudud» korxonasi vakillarining ham parvoyi falak...

Malikaxon opaning fikrlarini Munavvarxon G‘afurova, Munavvarxon Sattorova, Tursunxon Turg‘unova kabi qo‘ni-qo‘shnilar ham tasdiqlashdi.

Shahar hokimligi va tegishli tashkilotlarning mutasaddilari tezda zarur choralarni ko‘rib, “Nurafshon” mahallasidagi ekologik vaziyatni yaxshilanishini ta’minlaydilar, deb o‘ylaymiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring