Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Namanganda alternativ guruhlar uchun maxsus binolar foydalanishga topshirildi (foto)

Namanganda alternativ guruhlar uchun maxsus binolar foydalanishga topshirildi (foto)

Foto: Maktabgacha ta’lim vazirligi

Kuni kecha Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan Namangan viloyatiga press-tur tashkil etildi. Tashrif davomida maktabgacha yoshdagi bolalarni maktabga tayyorlash maqsadida UNICEF xalqaro ko‘magi bilan viloyatning bir qator tumanlarida alternativ guruhlarni o‘qitish uchun tashkil etilgan binolarning ochilish marosimlari bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda  Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin, vazirlik mutasaddilari,  shuningdek, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Muhammedzoda ishtirok etishdi. Ular har bir tumanda tashkil etilgan binolarni foydalanishga topshirishdi hamda u yerdagi yaratilgan shart-sharoitlar bilan shaxsan tanishishdi.

Bu kabi ta’lim dargohlari Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on, Norin, Kosonsoy hamda Chust  tumanlarida foydalanishga topshirildi.

«Bizning Norin tumanimizdagi alternativ guruhlar uchun maxsus xonalarimiz Soybo‘yi MFY binosida tashkil etildi. Bu guruh 30-sonli MTT qoshida tashkil etilib, bu yerda 3-6 yoshdagi aralash guruhlarda maktab davriga qadar o‘qish-yozish, gimnastika, sport kabi bir qator amalish mashg‘ulotlar o‘rgatib boriladi. Ular ikki guruhga bo‘lingan holda, ertalab 8:00 dan 12:00 gacha birinchi hamda 13:00 dan 16:00 gacha ikkinchi guruh uchun mashg‘ulotlar o‘tib boriladi», — deydi Norin tumanidagi 30-sonli MTT rahbari Xurshida Almanova.

Xususan,  To‘raqo‘rgon tumanidagi «Qatag‘on saroy» MFYda joylashgan Pedagogika  kolleji binosida ham xuddi shunday alternativ guruhlar uchun bino foydalanishga topshirildi.

«Kollejimiz qoshida bu kabi binoni foydalanishga topshirayotganimizdan juda xursandman. Bizning kollejimizda Maktabgacha ta’limda foaliyat yurituvchi tarbiyachilar yetishib chiqadi. Endi talabalarimiz bolalar bilan ishlashga ko‘nikishi va tajriba orttirishi uchun uzoqqa borishiga hojat bo‘lmaydi», — deydi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi pedagogika kolleji direktori Akmalov Jalolxon.

Bu kabi guruhlar davlat hisobidan mutlaqo bepul tarbiyalanib, ikki guruhda kam ta’minlangan, «Temir daftar» va «Ayollari daftari» ga kirgan oilalarning 50 nafar bolalari qamrab olinishi rejalashtirilgan.

«Yaqinda davlat tomonidan 20 sotix yer taqdim etishgan edi. Biz unga ekin ekib, foydalanmoqdamiz. Endi mana alternativ guruhlar tashkil etishib, uch egizak farzandlarimni shu yerga o‘qib-o‘rganib maktabga tayyorlanishiga jalb etishdi. Albatta, men bundan xursandman. Uyda ularni tarbiya qilishim menga birmuncha qiyin edi. O‘zim kabi yana 28 nafar ayollarning bolalari bundan keyin shu yerga qatnashar ekan. Ko‘pchiligi ish bilan ta’minlandi, bolasi bilan ishlash ularga ham qiyin edi», — deydi Soybo‘yi mahallasida yashovchi Mahliyo Yo‘ldosheva.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring