Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mastlarga yo‘l bering!» — antiqa yo‘l belgilari haqida

«Mastlarga yo‘l bering!» — antiqa yo‘l belgilari haqida

Foto: «Milliy tiklanish» gazetasi

«Yo‘l qoidasi — umr foydasi». Zero, yo‘l harakati qoidalariga rioya etish insonni ko‘p xavf-xatardan asraydi. Avtotransport haydovchilari uchun yo‘l belgilari beminnat yordamchi vazifasini o‘taydi. Lekin dunyo mamlakatlarida shunday antiqa yo‘l belgilari ham borki, ular qanday ma’no bildirishini nogahon anglash qiyin», — deb yozadi «Milliy tiklanish» gazetasi.

Avstraliyada «Ehtiyot bo‘ling, tuyalar!» yoki «Ehtiyot bo‘ling, begemotlar, kengurular!» kabi yo‘l belgilari bor. Misr va Birlashgan Arab Amirliklarida «Tuyalarga yo‘l bering!», degan yo‘l belgisiga duch kelasiz. Bunday yo‘l belgilarini hatto yirik shaharlarning markaziy ko‘chalarida ham uchratish mumkin.

Shvetsiyada eng ko‘p tarqalgan yo‘l belgilaridan biri — «Ehtiyot bo‘ling, tipratikanlar!». Bu nafaqat avtomobil haydovchilarini, balki velosipedda ketayotgan odamlarni ham ogohlantiradi. Chunki har yili haydovchilarning e’tiborsizligi sabab mamlakatda ko‘plab tipratikanlar nobud bo‘ladi.

Foto: «Milliy tiklanish» gazetasi

Buyuk Britaniya, Chexiya kabi mamlakatlarda qo‘lida shisha ko‘tarib olgan, lekin o‘zi emaklab ketayotgan kishi tasviri tushirilgan «Mastlarga yo‘l bering!» belgisi mavjud.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yo‘l belgilariga xabarlar yozilgan holatga ham duch kelish mumkin. Garchi ular bir qadar g‘ayriodatiy bo‘lsa-da, ushbu davlatga kelgan xorijlik mehmonlarning kayfiyatini ko‘tarishga xizmat qiladi. Shu bois ko‘p sayohatchilar bu mamlakatlarga ana shunday yo‘l belgilarini ko‘rish uchun ham keladi. Masalan, ayrim mamlakatlarda qiyalikka ko‘tarilgan yo‘llarning chetidagi pastga qulash mumkin bo‘lgan joylariga «Uchishni o‘rgan!» nomli yo‘l belgisi ham qo‘yilgan. Bu orqali ham mavjud xavfga ishora qilingan, ham uning antiqa yechimi topilgan.

Ukrainada sayyohlar ularning yonida suratga tushishi uchun o‘rnatilgan yo‘l belgilari mavjud. Bunday yo‘l belgisiga «bu falon shaharda o‘rnatilgan, uning yonida hamma suratga tushadi», deb yozib qo‘yilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, turistlarni jalb qilishning antiqa usuli topilgan.

Ummon davlatida qum bo‘roniga duch kelish mumkinligidan ogohlantiruvchi yo‘l belgisi bor. AQShda esa yovvoyi hayvonlarga yo‘liqish tahdididan ogohlantiruvchi yo‘l belgilarini uchratish mumkin. Bular eng avvalo, tabiatni asrashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. AQSh hamda Meksika chegarasida joylashgan transport yo‘llarida yo‘lni shoshilib kesib o‘tuvchi migrantlardan (ular chegaradan noqonuniy o‘tayotgani uchun tez yuradi yoki yuguradi) ehtiyot bo‘lishni anglatuvchi yo‘l belgisi mavjud.

Meksikada esa hukumat transport yo‘li bir tekis emasligini o‘zlari ham tan olgan holda, uni tuzatishdan ko‘ra bu holatdan haydovchilarni ogohlantiruvchi yo‘l belgisi o‘rnatishni afzal ko‘rganiga guvoh bo‘lish mumkin. Avstriyada tramvaylar svetaforning qizil va sariq chiroqlarida ham harakatlanishni davom ettirishi mumkinligini anglatadigan yo‘l belgisi bor. Bundan bexabar sayyoh hatto o‘z hayotini xavf ostiga ham qo‘yishi mumkin. Yana bir tramvaylar bilan bog‘liq antiqa yo‘l belgisi Buyuk Britaniya qirolligining Nyukasl shahrida o‘rnatilgan. Unda transport haydovchilari emas, piyodalar ogohlantirilgan. Yo‘l belgisida «Elektr simlariga tegish shu zahotiyoq o‘limga sabab bo‘ladi, jarima 200 dollar» deyilgan yozuv mavjud.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Biz uchun antiqa ko‘ringan yo‘l belgilari eng avvalo, o‘sha mamlakatning tabiati va jamiyatning ijtimoiy holatidan kelib chiqib o‘rnatilgani. Qolaversa, bu sayyohlar e’tiborini jalb qilishning o‘ziga xos usuli sanaladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring