Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Markaziy bank «Davr bank» ishi bo‘yicha ma’lumot berdi

Markaziy bank «Davr bank» ishi bo‘yicha ma’lumot berdi

Foto: «dividends.nuz.uz»

Markaziy bank «Davr bank» XATB Uchtepa filiali xodimlarining xatti-harakatlari bo‘yicha fuqarolardan kelib tushayotgan e’tirozlar bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ma’lumot berdi:

«Joriy yilning 7-may kuni Markaziy bank Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati rahbari «Davr bank» XATB xodimlari ustidan bank depozitiga qo‘yilgan pul mablag‘larining noqonuniy o‘zlashtirilgani bilan bog‘liq masalalar yuzasidan shikoyat qilgan bir guruh fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘z navbatida, shikoyat qilgan mijozlarning bank tomonidan huquqlari buzilgani to‘g‘risidagi murojaati belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi va shu kunning o‘zida shikoyat xatida ko‘tarilgan masalalarga aniqlik kiritish uchun «Davr bank» XATB rahbarlari Markaziy bankka taklif etildi.

Markaziy bank tijorat banklari nomidan bank xodimlari tomonidan amalga oshirilgan har qanday xatti-harakatlar uchun bank to‘liq javobgar deb hisoblaydi. Shu munosabat bilan, «Davr bank» XATBga qisqa muddatda bank tomonidan mijozlarga yetkazilgan zararlarni keyinchalik aybdor xodimlardan regress huquqida talab qilish asosida qoplab berish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Bank tomonidan jabrlangan mijozlarning masalalarini hal qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmagan taqdirda, Markaziy bank tomonidan bankning ayrim operatsiyalarini to‘xtatishgacha bo‘lgan qat’iy choralar qo‘llaniladi.

Markaziy bank ushbu masalaga «Davr bank» XATB rahbariyatining e’tiborsizligi, shu jumladan, filial mansabdor shaxslarining fuqarolarga qo‘yayotgan «jinoyat sodir etishga ularning o‘zlari sharoit yaratgan» kabi ayblovlarini noo‘rin deb hisoblaydi va bu holatlar bank aksiyadorlaridan bank rahbarlarini almashtirishni talab qilishga sabab bo‘lishi mumkinligini qayd etadi.

Markaziy bank mazkur masala to‘liq bartaraf etilmagunga qadar amalga oshiriladigan barcha jarayonlar ustidan doimiy nazorat o‘rnatilishini ma’lum qiladi», deyilgan Markaziy bank ma’lumotida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ommaviy axborot vositalarida «Davr» banki xodimlari ko‘p millionli o‘marishlar bilan qo‘lga olingani haqida xabar tarqalgan edi. IIBB matbuot xizmati ushbu xabarni tasdiqlagandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring