Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Propiskaga oid mantiqsizliklar davom etadi

Propiskaga oid mantiqsizliklar davom etadi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Toshkentda doimiy propiskaga kirita oladigan tashkilotlar soni yana bittaga ko‘payib, ular safiga Savdo-sanoat palatasi ham qo‘shilgandi. Hozir jami 87 ta tashkilot bor bu ro‘yxatda.

Buning mantiqsizligi shundaki, fuqarolarni 12 ta toifaga ajratgan propiska haqidagi o‘sha mashhur qonunning 11-bandida ham, Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 7-oktyabrdagi 336-sonli qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatda ham iltimosnoma kiritish huquqi faqat davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga berilgan. Boshqacha variant yo‘q.

Lekin 87 talik ro‘yxatda 3 ta nodavlat notijorat tashkiloti ham kiritilgan. Bular:

  • Yoshlar ittifoqi;
  • Mahalla respublika kengashi (nomi uzun, qisqartirdim);
  • Savdo-sanoat palatasi.

Yuqoridagilar davlat tashkiloti hisoblanmaydi, ularning huquqiy shakli – NNT!

Nahotki shunaqa qarorlarni tayyorlayotganlar davlat tashkiloti bilan NNTning farqiga bormasa? Borishadi, borganda qandoq. Chunki Vazirlar Mahkamasida ham, hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazadigan Adliya vazirligida ham juda malakali yuristlar ishlaydi, bunga aminman. Faqat negadir ko‘z yumishadi, ko‘rib ko‘rmaslikka olishadi. Yoki “tepadan” topshiriq bo‘larmikin ko‘z yumishga?

Bu gaplarimni o‘qib, xuddiki ro‘yxatga qo‘shilgan 3 ta NNTga qarshi chiqayotganday, ro‘yxatdan ularni o‘chirish kerak deyayotganday ko‘rinishim mumkin. Lekin aslo bunday emas.

Ko‘pchilik yaxshi biladi, bu lan’ati propiska tizimiga tish-tirnog‘im bilan qarshiman. Shu jumladan, mehnat sohasidagi eng katta diskriminatsiya va korrupsiyani keltirib chiqarayotgan 11-bandga ham.

Chunki Hukumatning o‘zi falon tashkilotga «sen bizga keraksan, respublika ahamiyatiga moliksan», deb turib, boshqasini bu ro‘yxatga kiritmasdan «sen bizga kerakmassan, sening xodimlaringni ham biz uchun zig‘ircha qadri yo‘q» degandek ish tutishiga chidab bo‘lmaydi.

Korrupsiya esa, tashkilotlar ichida bo‘ladi. Qaysidir xodimga doimiy propiska uchun tavsiyanoma yozishga hech qaysi rahbar pul so‘ramaydi, deb kafolat beradigan birorta mard bormi? Shuning uchun bunaqa bema’ni tartibni bekor qilish kerak. Bu haqida alohida maqolada batafil to‘xtalishga harakat qilaman.

Bu postdan asosiy maqsad esa oddiy – agar Hukumat o‘z prinsiplarida tura olmasdan, faqat davlat deyilgan joyga nodavlatni ham qo‘shdimi, unda oxirigacha borsin. Qolgan yirik NNTlarni ham ro‘yxatga kiritsin. Masalan:

  • siyosiy partiyalar;
  • Kasaba uyushmalari Federatsiyasi;
  • Xotin-qizlar qo‘mitasi;
  • Fermerlar kengashi;
  • Milliy olimpiya qo‘mitasi;
  • NNTlar milliy assotsiatsiyasi (NANNOUz);
  • Elektron OAV milliy assotsiatsiyasi (NAESMI);
  • Ma’naviyat va ma’rifat markazi;
  • «Yuksalish» umummilliy harakati;
  • nogironlar jamiyatlari;
  • Iste’molchilarning HHQJ federatsiyasi;
  • FJShMQMI (NIMFOGO);
  • «Oltin meros», «Sog‘lom avlod uchun», «Vaqf» kabi yirik xayriya fondlari;
  • Advokatlar palatasi orqali advokatlar;
  • Jurnalistlar uyushmasi orqali jurnalistlar;
  • Yozuvchilar uyushmasi orqali yozuvchilar;
  • va shu kabi boshqa yirik NNTlar.

Xo‘sh, insof bilan ayting-chi, ushbu NNTlarni davlat tashkilotlaridan qayeri kam? Davlatni qo‘ya turing, Yoshlar ittifoqi, Mahalla kengashi yoki SSP kabi NNTlardan qayeri kam? Bu uchalasining shoxi bormi yoki respublika uchun o‘tkazib qo‘ygan alohida xizmatlari bormi? Yoki Hukumat yuqorida men sanagan NNTlarni respublika ahamiyatiga molik bo‘lmagan, mayda-chuyda tashkilotlar deb hisoblaydimi?

Siyosiy partiyaning jonkuyar xodimidan «O‘zagroservis» xodimi nima uchun ustun?

Xotin-qizlar qo‘mitasining xodimi «O‘zbekipaksanoat» xodimidan nima uchun qadrsiz?

Fermerlar kengashi xodimi «O‘zpaxtasanoat» xodimidan nima uchun g‘arib? (xarip deb o‘qimang tag‘in)

Hukumatda bu savollarga javob bormi? Ayting, bilaylik? Nodavlat tashkilot xodimlarining diskriminatsiyasi sabablarini xalq bilib qo‘ysa yomon bo‘lmasdi.

Ijtimoiy adolatni chidaganga chiqargan, yoki oxirigacha adolat qilish kerak, yoki umuman boshlamaslik kerak bu ishni.

P.S.: aslida buni ro‘yxatning boshida turgan siyosiy partiyalar baralla aytishi kerak, ammo ular hozircha jiddiy mavzularda soqov bo‘lib yurishni ma’qul biladi. Ularga tonirovka xavfsizroq mavzu...

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring