Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Loyihani 3 oyda amalga oshirmasangiz, joydan ayrilasiz

Loyihani 3 oyda amalga oshirmasangiz, joydan ayrilasiz

Foto: «Norma»

Loyihani 3 oyda amalga oshirmasangiz, kichik sanoat zonasidagi joydan ayrilasiz. Bu Prezidentning 2019-yil 21-iyundagi PQ-4363-son qarorida nazarda tutilgan, deyiladi «Norma» xabarida.

Yangi boshqaruv tizimi

 Hozirgi vaqtga qadar kichik sanoat zonalari faoliyatini operativ boshqarish funksiyasi:

  • 10 gektar va undan ko‘p bo‘linmas hududga ega KSZ uchun - Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalari;
  • 10 gektardan kam hududga ega bo‘lgan, bitta tuman (shahar) doirasida joylashgan KSZ uchun — tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzurida kichik sanoat zonalarini boshqarish yagona direksiyalari tomonidan amalga oshirilgan.

Endi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kichik sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiyalarni tashkil etishga qaror qilindi. Har bir KSZga direksiyalarning mas’ul xodimlari biriktiriladi. Binobarin, tuman (shahar) darajasidagi yagona direksiyalar o‘z faoliyatini to‘xtatadi.

Yagona direksiyalar davlat muassasasi shaklida tashkil etilib, bir oy muddatda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Direktorlarni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish ma’muriy kengashlar tomonidan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Direksiyalar KSZ hududlarining arxitektura-rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachilar bo‘lib qatnashishga haqli.

Ishtirokchilar uchun yangi qoidalar

Birinchidan, yer uchastkalarini berish, KSZ hududida amalga oshirish uchun investitsiya loyihalarini tanlash va joylashtirish to‘g‘risidagi qarorlar tuman (shahar) hokimining yer uchastkasini berish to‘g‘risidagi alohida qarorini qabul qilmagan holda ma’muriy kengashlar bayonnomalari shaklida rasmiylashtiriladi. Eslatib o‘tamiz, shu kabi tartib erkin iqtisodiy zonalar uchun amal qiladi.

Ikkinchidan, agar KSZ ishtirokchisi tomonidan investitsiya loyihasini sanoat zonasida joylashtirilgan kundan e’tiboran 3 oy mobaynida amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmasa yoki  ob’yektdan shartnomada (ishlab chiqarish maydonlarining uzoq muddatli ijarasi, tahr.) ko‘rsatilgan maqsadga nomuvofiq foydalanilsa, u bilan shartnoma bir tomonlama tartibda bekor qilinadi.

Uchinchidan, agar KSZ ishtirokchisi tomonidan investitsiya loyihasini amalga oshirish ob’yektiv sabablarga ko‘ra shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda yakunlanmagan bo‘lsa yoki oxirgi 6 oy mobaynida ishlab chiqarish faoliyati amalga oshirilmagan bo‘lsa, ma’muriy kengash unga loyiha amalga oshirilishini tezlashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tasdiqlagan holda qo‘shimcha muddat taqdim etishi yoxud shartnomani bekor qilishi mumkin.

To‘rtinchidan, ilgari KSZ ishtirokchilariga taqdim etilgan binolar va inshootlar (yoki ularning qismlari)ni xususiylashtirish huquqini amalga oshirish tartibi belgilandi:

  • o‘z mablag‘lari hisobiga rekonstruksiya qilish yoki kapital ta’mirlash ishlari olib borilgan binolar va inshootlar (yoki ularning qismlari)da, biroq ishtirokchi maqomini olgan kundan boshlab kamida 3 yil muddat o‘tgandan keyin – rekonstruksiya qilish yoki kapital ta’mirlash ishlarining xarajatlari chegirib tashlangan holda aniqlanadigan baholash qiymati bo‘yicha;
  • investitsiya va boshqa ijtimoiy majburiyatlarni to‘liq bajargan taqdirda (ishtirokchining shaxsiy mablag‘lari hisobiga rekonstruksiya qilish yoki kapital ta’mirlash ishlari olib bormagan holda), biroq ishtirokchi maqomini olgan kundan boshlab kamida 5 yil muddat o‘tgandan keyin – 5 yil mobaynida teng ulushlarda to‘lovlarni kiritish huquqi berilgan holda aniqlanadigan baholash qiymati bo‘yicha.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 21.06.2019-yildan kuchga kirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring