Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kuyishda tez yordam beradigan 10 ta xalqona vosita

Kuyishda tez yordam beradigan 10 ta xalqona vosita

Foto: Siddiquedawakhana.com

Yengil kuyganda sovuq suv og‘riqni sal bo‘lsa-da kamaytirishi hammaga ma’lum. Quyida kuyganda birinchi yordam ko‘rsatish haqida gaplashamiz.

«Die Gesunde Wahrheit»ning yozishicha, ushbu vazifani uddalashda sovuq suvdan qolishmaydigan boshqa vositalar ham bor.


Sovuq kompress

Kuygan joy shu zahoti oqib turgan sovuq suvga tutilsa, shikastlangan soha diametri kichrayishi mumkin. Shuningdek, kuygan joyga sovuq kompress qo‘ysa ham bo‘ladi. Faqat uni alomatlar yengillashguncha har ikki soatda almashtirib turish kerak. Zinhor muzdan foydalana ko‘rmang: u qon aylanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Pirovard natijada nozik to‘qima zararlanishi mumkin.


Xom kartoshka

Tinchlantirish xususiyati tufayli xom kartoshka kuygan yaralarni davolashda ham ishlatiladi. Mayda qirg‘ichdan chiqarilgan kartoshkani shikastlangan joyga surtib, 15 — 20 daqiqaga qoldiramiz. Shu tariqa nafaqat og‘riq hissini kamaytirish, balki po‘rsildoqlarni kichraytirishga ham erishish mumkin.


Aloy vera

Aloy vera biriktirish va shifobaxshlik xususiyatiga ega. Yengil kuyishlarni davolashda unga yetadigani yo‘q. Ignali bargni ko‘ndalang kesib, shirasini to‘g‘ridan to‘g‘ri kuygan yara ustiga siqing. Mabodo qo‘l ostingizda bu o‘simlik bo‘lmasa, aloy vera tarkibli dorixona malhamlaridan foydalansa ham bo‘ladi.


Kokos yog‘i va limon sharbati

Bunday qorishma kuchli og‘riq to‘xtagach kuygan yarani tuzatishga yordam beradi. Kokos yog‘i Ye vitamini va yog‘ kislotalari manbai. Ular zamburug‘ga qarshi, antioksidant va antibakterial xususiyatlarga ega. Limon sharbati tarkibidagi kislotalar chandiqlarni tabiiy yo‘l bilan ochartiradi. Kokos yog‘iga limon sharbatini yaxshilab aralashtiramiz. Terining tiklanish jarayonini tezlashtirish uchun shikastlangan joyga surtamiz.


Asal

Antibakterial va yallig‘lanishga qarshi kurashish xususiyatiga ko‘ra asal yaralarni ajoyib tarzda dezinfeksiyalaydi va kuygan joyni tinchlantiradi. Shuningdek, gipertrofik chandiqlar paydo bo‘lish ehtimolini kamaytiradi. Asalni quruq dokaga surtib, kuygan yara ustiga qo‘yamiz. Bog‘ich kuniga uch-to‘rt marta almashtiriladi.


Qora choy

Qora choydagi oshlovchi modda kuygan joyni sovitadi va shu tariqa og‘riqni yengillashtiradi. Paketchali choy xona haroratidagi suvga bir necha daqiqaga solinib, keyin xasta joyga qo‘yiladi. Noxush his tezda o‘tib ketadi.


Sirka

Sirkaning antiseptik va biriktirish xususiyati yengil kuygan yaralarni davolashda hamda infeksiyalar profilaktikasida asqatadi. Teng miqdorda sirka bilan suvni aralashtiramiz. Eritmadan kuygan joyni yuvish uchun foydalanamiz. So‘ngra shikastlangan sohani suv va sirka aralashmasiga namlangan doka bilan yopib qo‘yamiz.


Lavanda efir moyi

Lavanda moyi ajoyib antiseptik va analgetik hisoblanadi. Ustiga-ustak, u chandiq paydo bo‘lish xavfini kamaytiradi. Ikki stakan suvga 5 tomchi lavanda moyi tomizamiz. To‘qima salfetkani unga namlab, kompress sifatida foydalanamiz. Boshqa yo‘li: bir necha tomchi lavanda moyini 2 choy qoshiq asal bilan aralashtirib, kuniga bir necha marta jarohatlangan teriga surtamiz.


Bargizub bargi

Hozirgi kunda bargizub – yengil kuyishlarni davolovchi xalqona vosita. Bargizub bargi antimikrob va yallig‘lanishga qarshi moddalarga boy. Bargni maydalab, bo‘tqa holiga keltiramiz. Kuygan yaraga surtib, ustidan ip gazlama yopamiz. Barg qurigach, kompressni yangisiga almashtiramiz.


Piyoz suvi

Piyoz suvi tarkibida oltingugurtli birikma va kversetin flavonoidi bor. Ular teri hujayrasining tiklanishiga javob beradi, og‘riqsizlantiradi va po‘rsildoqlar paydo bo‘lishining oldini oladi. Piyozni kesib, shikastlangan joyga suvi siqiladi. Unutmang, piyoz suvi yangi siqilgan bo‘lishi shart. Chunki saqlanganda shifobaxshlik xususiyati tez yo‘qoladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring