Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kuper, kelajak, kino – hammasi haqida batafsil

Kuper, kelajak, kino – hammasi haqida batafsil

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper bilan matbuot anjumani o‘tkazilayotgani haqida xabar berib o‘tgan edik. Quyida argentinalik murabbiyning fikrlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

Osiyo Kubogi haqida
Osiyo Kubogida jamoaning ijobiy va salbiy jihatlarini ko‘rdim. Ammo biz hozir katta o‘zgarishlar qila olmaymiz, chunki buning uchun vaqt kam. Ammo ba’zi kichik jihatlarni o‘zgartirib, terma jamoa o‘yinini kuchaytirishga harakat qilamiz. Urugvayga qarshi bo‘ladigan bahsda xuddi Osiyo Kubogi nimchorak finalida Avstraliyaga qarshi kechgani kabi o‘ynashga harakat qilamiz. Futbol kichik jihatlardan iborat. Aynan shu narsa bizga g‘alaba yoki mag‘lubiyat olib keladi.

Kelajak haqida
Mening shartnomamga nima yozilgan, bilasizmi? Jahon chempionatiga chiqishimiz kerakligini aytilgan. Mening shartnomamda qaysi futbolchilar o‘ynashi kerakligi haqida band yo‘q. Shunday ekan, tarkibni men tanlayman.

Futbolda kelajak degan narsa yo‘q. Futbolchi jamoada kelajak uchun emas, bugun uchun o‘ynashi lozim. Shunday ekan, yoshidan qat’iy nazar eng kuchli futbolchilar o‘ynaydi.
To‘g‘ri, biz Osiyo Kubogida chorak finalga chiqa olmadik va bu mening aybim. To‘g‘ri, xatolar bo‘ldi va bu mening aybim. Ammo men hozir kelajak haqida gapirishni istamayman. Kelajak - bu men uchun Xitoydagi musobaqa. Hozir aynan shu musobaqaga tayyorlanyapman. Keyin boshqasiga navbat keladi.

Men kelajakni gapirmayman. Bu nisbiy narsa. Hammasini yaxshi rejalashtira olgan jamoa g‘alaba qozonadi. Biz hozir yaxshi yo‘nalishdamiz. Maqsadimiz esa bitta - JChga chiqish.

Yoshlarga e’tibor
Albatta yoshlarga ham e’tibor bo‘ladi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi bilan yaqin aloqada bo‘lib turibmiz, e’tiborlisi u ispan tilini biladi. Bu yaxshi. U bilan bomaslahat ish olib boramiz.

Osiyo Kubogidagi muvaffaqiyatsizlik
Osiyo Kubogidan o‘zim ham yaxshiroq natija kutgandim. Ammo bunga erisha olmadik va bu mening aybim. Biroq maqsadimiz jahon chempionatiga chiqish. Biz shuning uchun kurashmoqdamiz.

Yetakchilarga qarshilik
Osiyoning yetakchi jamoalarini yenga olishimizga shaxsan o‘zim ishonaman. Yaponiya, Janubiy Koreya va Avstraliya terma jamoalarini yenga olamiz. Ammo bunga nafaqat men, balki barcha ishonishi shart.

Osiyo Kubogida ko‘rdim, o‘sha raqiblardan kam joyimiz yo‘q. Faqat hammasini to‘g‘ri rejalashtirib, kuchimizdan to‘g‘ri foydalana olsak, qit’a yetakchilarini yutishimiz mumkin.

Futbol - arifmetika emas
Futbol arifmetika emas. Kim qancha yugurgani yoki ovqat yeganini tahlil qilib, jamoani boshqarish men uchun emas. Yaqinda internetda o‘qib qoldim, ellik yildan so‘ng murabbiylar maydon chetida o‘tirgancha kompyuter orqali ularni boshqarib turar ekan. Balki shunday bo‘lar ham. Ammo hozir unday emas. Hozir g‘alaba uchun mahorat bilan birga Vatanga muhabbat, sadoqat, iroda kuchi va boshqa jihatlar ham kerak bo‘ladi.

Futbol va kino
Terma jamoaning har bir o‘yinini bir necha marta ko‘raman va tahlil qilaman. Nima uchun bu qadar ko‘p? Bir kinoni necha marta tomosha qilishimni bilasizmi? Besh, olti martalab ko‘raman. Chunki yaxshi filmni bir ko‘rishda to‘liq qamrab olish qiyin. Har safar ko‘rganimda o‘sha filmdan yangi narsa topaman, akterlar harakatida, dialogida yangi jihat qidiraman. Futbol uchrashuvini tahlil qilish ham men uchun xuddi shunday.

Agar boshqa murabbiylar bitta o‘yinni bir ko‘rishda tahlil qilib chiqishsa, demak ularning mahorati menikidan juda yuqori ekan. Men unday emasman.

O‘zbek futbolchilari Yevropada o‘ynamasligi haqida
Juda qiyin savol. Balki futbolchilar O‘zbekistondan chiqqisi kelmas? Balki Yevropaga borgisi kelmas? Kimgadir Rossiya yoqadi, kimgadir esa Xitoy. Buni yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak.

Ammo shuni ayta olaman, o‘zbek futbolchilari Yevropada o‘ynashga tayyor. Bunga umuman shubham yo‘q. Ammo nima uchun ular Yevropada o‘ynamasligini bilmayman.

Sardor Rashidov haqida
Sardor Rashidovni hech kim milliy jamoadan chetlatib qo‘ygani yo‘q. Biz uni chaqirishni istagan edik, ammo viza bilan bog‘liq muammolar tufayli buning iloji bo‘lmadi.
Umuman, hech bir futbolchi terma jamoadan chetda emas. O‘zi ko‘rsatganlarni albatta chaqiramiz. Hammani kuzatib boryapmiz.

Terma jamoani yoshartirish haqida
Siz nimani xohlaysiz? Jahon chempionatiga chiqishnimi? Yoki tarkibni yoshartirishnimi? Balki 70 foiz o‘yin vaqtini faol o‘ynashimizni istarsiz? Nima istaysiz, o‘zi?

Tarkibni yoshartirishni men ham juda istayman. Ammo yoshlarni faqat istak bo‘lgani uchun chaqirmaslik lozim. Buni ular isbotlashi kerak.

Masalan, hozir yoshlarni xohlasak ham chaqira olmaymiz. Chunki O‘zbekiston olimpiya jamoasi Osiyo chempionati saralashida ishtirok etadi.

O‘FA vitse-prezidenti tarkibni yoshartirish haqida gapirganiga keladigan bo‘lsak, menga bu borada hech narsa degani yo‘q.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring