Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Korrupsiya, yoqilg‘i-energetika, elektr va gaz – Prezident muammoli jihatlarni sanadi

Korrupsiya, yoqilg‘i-energetika, elektr va gaz – Prezident muammoli jihatlarni sanadi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatning qo‘shma yig‘ilishida mamlakatdagi eng muammoli jihatlarni sanab o‘tdi.

– Eng og‘ir masala yoqilg‘i-energetika sohasidir. Afsuski bu borada hali birinchi qadamni ham qo‘ya olganimiz yo‘q.

To‘g‘ri, qaror qabul qildik. Ammo sohada korrupsiya juda ko‘p, poraxo‘rlik juda ko‘p. Shu bois ham yoqilg‘i va energetika sohasida qilinadigan ishlar juda ko‘p.

Bu sohani yo‘lga qo‘ymay turib, hech narsaga erisha olmaymiz. Yillar davomida korrupsiya juda kuchayib ketgan.

Bir vaqtlar geologiya sohasida ancha katta bilimga ega edik. Ammo oxirgi yillarda biror kishi geologiya bilan shug‘ullanmadi va bu borada ilmiy salohiyatini yo‘q qildik.

Ta’bir joiz bo‘lsa, hozirgi geologiya UZI apparatisiz ishlayotgan shifokorga o‘xshaydi. Biror narsani aniq bilmaymiz.

Yana bir katta muammo transport sohasi. Yo‘llarimizning ahvoli juda og‘ir. Havo yo‘llari sohasida ham hali birinchi qadamni qo‘ya olmayapmiz. Qurilish va yo‘l qurilishi, ichimlik suvi bilan ta’minlash juda og‘riqli.

Tadbirkorlik, yangi ish o‘rinlari yaratish, agrar sohada xalqimiz bizdan aniq qaror va qonunlar kutmoqda. Mana shular eng muammoli masalalardir. Bugun siz tasdiqlaydigan nomzodlar mana shu sohada ish olib borishlari kerak.

Gaz-neft sohasida qancha rahbar o‘zgartirdik. Bu sohani boshqarish uchun yetarlicha salohiyatga ega rahbar O‘zbekistonda yo‘q.

Sal sovuq tushsa elektr o‘chishi, gaz yetishmay qolishi meni juda tashvishga solmoqda. Agarda bu borada tartib o‘rnatmasak, rivojlanishimiz juda qiyin bo‘ladi.

Kamida 4,5 milliard kilovatt energetika import qilmoqdamiz. Tarixda birinchi marta qo‘shimcha 1 milliard kilovatt energetika ishlab chiqardik. Hozirda quyosh va shamol energetikasi bo‘yicha ko‘plab ishlarni amalga oshiryapmiz. Agar bu ishlarni 15 yil oldin qilganimizda hozir mutlaqo boshqacha iqtisodga ega bo‘lardik.

Siz bilgan katta-katta tog‘ kon kombinatlarining ahvoli ham ancha og‘ir. Chunki ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxi ancha yuqori.

Agar darhaqiqat sohani yaxshi biladigan, halol va pok rahbarni deputatlarimiz topib bersa, juda minnatdor bo‘lar edim. Aynan vazirlar o‘z ishini uddalay olmagani uchun joylarda muammolar yetarli. O‘zi boshqaradigan sohaga tanqidiy yondoshib, xalqimiz va parlamentga berilgan va’dani bajaradigan odamlarga ehtiyoj bor.

Tarixda alohida shaxslarning o‘rni juda katta. Yirik korxonalar, vazirliklar va o‘rinbosarlarning munosiblarini topa olsak, katta ishni amalga oshirgan bo‘lardik. Bunday kadrlarni qidiryapmiz.

Eng katta illat bu korrupsiya. Biz bilan birga korrupsiya ham tengma-teng yuribdi. Unga qarshi turish uchun ishlash, qonunlar qabul qilish lozim.

Qonunni biror joydan ko‘chirib olib, mana ishlayapmiz, demanglar, iltimos, – deya deputatlarga murojaat qildi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring