Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirusning yangi belgisi aniqlandi

Koronavirusning yangi belgisi aniqlandi

Foto: «Reuters»

Hid va ta’m bilish qobiliyatining susayishi koronavirus infeksiyasining muhim alomatlaridan biri sanaladi. Britaniya otolaringologlar uyushmasi o‘nlab bemorlarni o‘rganib shunday xulosaga kelgan.

Janubiy Koreya, Xitoy hamda Italiyada COVID-19 infeksiyasini yuqtirganlarning chorak qismida aynan hid va ta’m bilish sezgisi keskin susaygan. 

Germaniyada ham bedavo virusga chalingan har uch bemordan ikki nafari is sezish qobiliyatini yo‘qotgan. Koronavirus bilan og‘rigan fransiyalik taniqli basketbolchi Rudi Gober ham aynan hid va ta’m sezgisi g‘oyib bo‘lganidan arz qilgan.

Mazkur alomat nisbatan yoshroq bemorlarda ko‘proq qayd etilgan.

Italiyalik shifokor Marko Metra shaxsiy kuzatuvlariga tayanib ingliz hamkasblari xulosasini tasdiqlagan. 

Mutaxassislarga ko‘ra, hid va ta’m sezgisining yo‘qolishi nafaqat COVID-19 virusi, balki nafas yo‘llariga daxl qiluvchi boshqa yuqumli xastaliklarga ham xosdir.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xulosasiga ko‘ra, isitma, quruq yo‘tal, bosh va mushaklarda og‘riq, holsizlik hamda charchoq koronavirusning asosiy alomatlari sirasiga kiradi. Ammo keyingi paytlarda COVID-19 infeksiyasini yuqtirgan ko‘p sonli bemorlarda mazkur alomatlarning birortasi kuzatilmay, faqat hid va ta’m sezgisi yo‘qolishi ro‘y bermoqda. Eron, AQSh, Fransiyada shunday holat ko‘paygan.  

Hid va ta’m sezgisining yo‘qolishi koronavirusning hali ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan belgisi sanaladi. Shu bois ko‘p hollarda bunday bemorlar virusni yon-atrofdagi o‘nlab odamga yuqtirishi xavfi oshadi. Shunga ko‘ra, britaniyalik shifokorlar hid va ta’m sezgisini yo‘qotgan kasallarni jamoat joylariga chiqmay, uyda o‘z-o‘zini karantin qilishga undamoqda. Ayni choqda, ular hamkasblariga ham hid va ta’m sezgisi susaygan bemorlarni shaxsiy himoya vositalaridan foydalangan holda ko‘rikdan o‘tkazish lozimligini uqtirmoqdalar.

Ingliz shifokorlarining xavotiri bejiz emas. Buyuk Britaniyada otolaringologlarning koronavirusga chalinishi holati allaqachon qayd etildi. Xitoyda ham ko‘p sonli otolaringolog hamda ko‘z shifokorlari virus yuqtirib olgan va ulardan ayrimlari vafot etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring