Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Komil Allamjonovga o‘rinbosarlar tayinlandi

Komil Allamjonovga o‘rinbosarlar tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan 2019-yil 7-mart kuni qabul qilingan farmoyishga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o‘rinbosarlari tasdiqlandi. Bu haqda Agentlikning «Telegram»dagi rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Xodjimetov Avazbek Jabbarkulovich — Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Avazbek Xodjimetov

Avazbek Xodjimetov 1974-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash Oliy maktabini tamomlagan. Mutaxassisligi bo‘yicha — xalqaro iqtisodiy munosabatlar, siyosatshunoslik: tizimli tahlil va istiqbolni belgilash.

A.Xodjimetov mehnat faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi «Jahon» axborot agentligida boshlagan.  2004-2007-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi elchixonasida press-attashe, 2007-2009-yillarda Tashqi ishlar vazirligi BMT va xalqaro tashkilotlar boshqarmasida davom ettirgan. 2009-2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2015-2016-yillarda Xalqaro hamkorlik va xavfsizlik ishlari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-tahliliy markaz direktori vazifasida ishlagan. 2016-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi lavozimiga tayinlangan. 2017-yildan shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati Axborot-tahlil ishlari bo‘yicha sektori mudiri lavozimida ishlab kelayotgan edi.

A.Xodjimetov Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari sifatida davlat axborot siyosatini amalga oshirish, sohaga oid qonunchilikni takomillashlashtirish, axborot xavfsizligini ta’minlash, axborot tahlili hamda ommaviy axborot vositalari faoliyatini rivojlantirish kabi vazifalarni bajarish uchun mas’ul bo‘ladi.

Rahimova Nargizaxon Asrorovna —  Agentlik direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Nargizaxon Rahimova

N.Rahimova 1978-yil 27-dekabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1999-yil Toshkent davlat texnika universitetini iqtisodchi-muhandis mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1999-yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudida maslahatchi lavozimida boshlagan. 2000-2006-yillar mobaynida O‘zbekiston Tashqi Iqtisodiy faoliyat Milliy bankida faoliyatini davom ettirgan.

2006-yildan buyon axborot, jurnalistika sohasi bo‘yicha qator lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. «Delovoy partner», «Birja» kabi gazetalarda, qator elektron ommaviy axborot vositalarida mas’ul lavozimlarda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Media markazida Bosh mutaxassis sifatida faoliyat yuritgan.

Nargizaxon Rahimova Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasining chet ellarda ijobiy imidjini shakllantirish – PR-markaz vazifasi ijrosi, shuningdek, agentlikning davlat organlari axborot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish kabi vazifalar uchun mas’ul bo‘ladi.

Bozorov G‘ayrat Nazarovich — Agentlik direktorining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

G‘ayrat Bozorov

G‘ayrat Bozorov 1984-yili Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Toshkent Davlat jahon tillari universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi bo‘yicha — xalqaro jurnalist.

G‘.Bozorov mehnat faoliyatini O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida boshlagan. 2007-yildan 2016-yilga qadar agentlikda mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2016-yilda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi Davlat korxonasi Marketing bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. 2018-yildan buyon shu kunga qadar nashriyot-matbaa  ijodiy uyi direktorining nashriyot va marketing masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

G‘.Bozorov Agentlik direktorining o‘rinbosari sifatida litsenziyalash va nazoratni tashkil etish, nashriyot-matbaa sohasi, kitob savdosi va axborot kutubxona resurslari faoliyatini rivojlantirish  kabi vazifalarni bajarish uchun mas’ul bo‘ladi.

Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan, Agentlik direktori o‘rinbosarlarining maqomi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosariga tenglashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring