Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Kimdir katta miqdorda «sabzi» sotmoqchimi yo?» – Jamoat transportida tibbiy qo‘lqop majburiy qilinishi keskin qarshi olindi

«Kimdir katta miqdorda «sabzi» sotmoqchimi yo?» – Jamoat transportida tibbiy qo‘lqop majburiy qilinishi keskin qarshi olindi

Foto: Xabar.uz

19-oktyabr sanasidan Toshkent shahar jamoat transporti (avtobus, metro, yo‘nalishli taksi) xizmatidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy niqob bilan birgalikda tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi shart etib belgilangani haqida Transport vazirligi xabar tarqatdi.

Xabarga ko‘ra, maxsus ishchi guruhi tomonidan transport infratuzilma ob’yektlari va jamoat transportida kuchaytirilgan tartibda nazorat tadbirlari o‘tkaziladi.

Ushbu qaror ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

«Kecha tuni bilan bundan ko‘zlangan mantiqiy maqsadni o‘ylab, o‘yimga yeta olmadim, – deb yozadi bloger Xushnudbek Xudoyderdiyev. – Birinchidan, buning qanday foydasi bor? Kimdir aniq kafolat bera oladimi bu qaror foydali ekanligiga. Ilmiy izlanishlar olib borilganmi? Aniq tadqiqotlarning xulosasi bormi? Yoki shunchaki qaysidir kottakonning xayoliga keldi, tamommi? Dezinfeksiya tunnellaridan saboq chiqarmadikmi?

Ikkinchidan, Transport vazirligining bunaqa qaror qabul qilishga vakolati bormi o‘zi? Fuqarolarga yana qo‘shimcha xarajat qildiradigan majburiy talabni qo‘yishga kim ularga huquq berdi? Yoki tekin qo‘lqop tarqatishadimi hamma yo‘lovchilarga?

Ha, aytgancha, bu hali hammasi emas. Endilikda Transport vazirligining inspektorlari va huquq-tartibot idoralari vakillaridan iborat maxsus ishchi guruhi transport ob’yektlari va jamoat transportida kuchaytirilgan tartibda nazorat tadbirlari o‘tkazar ekan, ya’ni niqob hamda qo‘lqop taqmagan fuqarolarni aniqlab, jarima solishsa kerak-da hoynahoy.

Xullas, bu qarorni o‘qib, avvalroq kanalimda yozgan latifa yana esimga tushib ketdi. Kimdir telefon qilgan shekilli, "akalar, sabzimiz ketmayapti, sabzini aytinglar" deb...».

«Transport vazirligi, nima qilyapsilar ey? deb yozadi bloger Shahnoza.Bir yarim ming so‘mlik avtobusga chiqish uchun yana besh ming xarajat qiladimi odamlar? Bir martalik qo‘lqop uch ming, niqob ikki ming tursa. Taksida yurmay, avtobusga chiqar ekan, o‘sha bir martalik qo‘lqopni titilib ketgunicha kiymasligiga, qo‘lqopi orqali virusni yanada ko‘proq tarqatmasligiga kafolat bormi? Undan ko‘ra qo‘lini tez-tez yuvib yurgani yaxshi-ku. Xushnud aytmoqchi, kimdir katta miqdorda “sabzi” sotmoqchimi yo?».

«...Moskvada 16 oktyabrdan metro va avtobuslarga qo‘lqop va maskasiz kiritish to‘xtatilgan edi. O‘zlariga qulay payti o‘zimizniki, o‘zlariga kerak payti xorijnikini ma’qullashning yaqqol namunasi bu. Ayniqsa, ruslarning xatti-harakatlarini takrorlash bo‘yicha ustamiz.

Darvoqe, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus yuqtirishning oldini olish maqsadida qo‘lqop taqib yurishni tavsiya qilmaydi. Qo‘lqop taqish aksincha infeksiyani yuqtirib olish ehtimolini oshiradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ham o‘zimizga ma’qul payti amal qilamiz, odatda.

Ruslar virus yuqtirish bo‘yicha yangi rekordlarni ko‘rsatayapti, bizda agar rasmiy statistikaga ishoniladigan bo‘lsa, vaziyat ancha barqarorlashib qolgan. Rasmiy statistikaga ishonsak, albatta»qayd etadi «Davletovuz».

Jamoat transportida tibbiy qo‘lqopning majburiy qilinishi turli ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan ham keskin qarshi olinmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring