Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Karantinda bo‘lganlarda koronavirus aniqlanmadi. Ular uyiga kuzatilmoqda (foto)

Karantinda bo‘lganlarda koronavirus aniqlanmadi. Ular uyiga kuzatilmoqda (foto)

Xitoyda safarda bo‘lgan jami 584 nafar vatandoshimiz joriy yilning 4-6-fevral kunlari uchta charter reys orqali mamlakatimizga olib kelingani xabar qilingan edi. Ularning 459 nafari erkak va 125 nafari ayollardir.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, har bir reysga  vazirlikning malakali infeksionist va epidemiolog mutaxassislari jalb etilib, parvoz oldi va parvoz davomida olib kelinayotgan fuqarolarning salomatligi tibbiy kuzatuv ostiga olindi. Parvoz davomida yo‘lovchilar orasida tana harorati ko‘tarilgan va sog‘lig‘ida o‘zgarishlar bo‘lgan fuqarolar aniqlanmadi.

Reyslar Toshkent xalqaro aeroportiga uchib kelganida yana bir bor tegishli mutaxassislar tomonidan samolyot bortiga chiqib, yo‘lovchilarning tana harorati portativ teplovizor va elektron termometrlar yordamida o‘lchandi, ularning orasida tana harorati me’yoridan yuqori bo‘lgan fuqarolar aniqlanmadi. Shuningdek, yo‘lovchilar samolyot trapidan tushishlari bilan, shu yerning o‘zida mutaxassislar tomonidan ularning egnidagi kiyimlari hamda ularning qo‘l yuklari tegishli tartibda zararsizlantirildi.

So‘ngra barcha yo‘lovchilar koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, xavfsiz sanitariya-epidemiologik holatni ta’minlash hamda aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasalariga joylashtirildi.

Bugun «Bo‘ston» sanatoriysida joylashtirilgan 294 nafar fuqaroni karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan uyiga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan, koronavirus inkubatsiyasi davrini hisobga olgan holda, Xitoydan olib kelingan fuqarolarimiz 14 kun davomida xalqaro sanitariya-epedimiologiya talablari asosida qat’iy karantin holatida saqlandi. Shu davr yakuniga qadar tibbiy kuzatuv va maxsus laboratoriya tekshiruvlari to‘liq, xalqaro standartlar bo‘yicha olib borildi. Karantinda bo‘lgan fuqarolar birinchi kun va inkubatsiya davrining tugashi bilan, ya’ni ikki marta koronavirus infeksiyasi bor yo‘qligini aniqlash bo‘yicha virusologik laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazildi. Tahlil natijalari hamyurtlarimizda koronavirus infeksiyasi yo‘qligini aniqlab berdi.

– «Bo‘ston» sanatoriysi to‘liq karantin talablari asosida jihozlandi. Kuzatuv olib borish uchun tegishli tibbiy jihozlar va zarur dori vositalari bilan ta’minlandi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitaniya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov. – Xususan, koronavirus diagnostikasi vositalarining zarur zaxiralari yaratilib, kerakli dori hamda dezinfeksiya vositalari, uskunalar, sarflash materiallari, shuningdek, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlandi. Sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelingan fuqarolar alohida nazorat ostida bo‘lib, muntazam tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazildi. Shuningdek, mazkur tibbiyot muassasalarida barcha kerakli maishiy vositalar va zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlandi. Oshxonalarda 14  kunlik taomnoma tuzilib, kuniga uch marta sifatli ovqatlanish tashkil etildi.

Barcha muassasalarda yuqumli kasalliklar bo‘yicha malakali virusolog, epidemiolog va boshqa yetakchi shifokor-mutaxassislar ish olib bordi. Ular karantin muassasasida belgilangan muddat yakuniga yetgunga qadar faoliyat yuritishdi. Shuningdek, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash maqsadida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya xodimlari jalb etilib, ular alohida binolarga joylashtirildi.

– Xitoyda xavotirli epidemik vaziyatdan ancha tushkun ahvolga tushib qolgan edik, – deydi bo‘kalik Sevara Miraliyeva. – Ana shunday qiyin vaziyatda davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik bizni judayam quvontirdi. Yurtimiz tuprog‘iga qamdam qo‘yishimiz bilan ko‘nglimiz ancha xotirjam bo‘ldi. Biz joylashgan sanatoriyda barcha sharoitlar yaratilgan ekan. A’lo kayfiyatda dam oldik, bir-birimiz bilan do‘stlashdik. Ochig‘i, bu joydan ketgimiz ham kelmayapti.

Karantin ob’yektlarida saqlanayotgan fuqarolarning oila a’zolari va yaqin qarindoshlari bilan muloqot qilishlari uchun telefon apparatlari o‘rnatildi. Bundan tashqari, Toshkent shahridagi Stomatologiya institutida karantindagi fuqarolar bilan ularning ota-onalari va yaqin qarindoshlari muloqoti uchun videokonferensaloqa vositalari va telefon apparatlari o‘rnatilgan «Call center» faoliyat yuritdi.

– Bu yerda bizga 14 kun davomida juda yaxshi qarashdi, – deydi buxorolik Ilhom Qurbonov. – Shifokorlar juda xushmuomalalik bilan kayfiyatimizni ko‘tarishga harakat qilishdi. Har kuni bizni ikki martadan tekshiruvdan o‘tkazib turishdi. Bo‘sh vaqtimizni unumli o‘tkazish uchun ham barcha sharoitlarni qilib berishdi. Bu yerga kelib barcha xavotirlarimiz tumandek tarqab, qalbimizni faxr-iftixor hissi egalladi. Mana shunday yurtning farzandi ekanlimizdan g‘ururlandik. Negaki, ko‘pgina mamlakatlar Xitoydagi fuqarolarini yurtiga qaytarib, bu darajada e’tibor va ko‘mak ko‘rsata olmayotganining guvohi bo‘lib turibmiz. Shunday ekan, hamisha vatan himoyasida bo‘lgan baxtiyor insonlarmiz, deb bemalol ayta olamiz. Fursatdan foydalanib, bizga g‘amxo‘rlik qilgan barchaga chuqur minnadorlik bildiramiz.

Erta-indin karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan boshqa tibbiyot muassasalaridagi Xitoydan olib kelingan fuqarolarimiz ham o‘z uylariga kuzatiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring