Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jomadon, kamera, noutbuk. O‘zbekistonga mashhur trevel blogerlar kelmoqda

Jomadon, kamera, noutbuk. O‘zbekistonga mashhur trevel blogerlar kelmoqda

Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistonga mashhur trevel blogerlar kelmoqda. 10 nafar sayohatchi blogerning mintaqa bilan tanishuv safari 8 avgustdan 18 avgustga qadar davom etadi.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan tashkil etilgan dasturdan ko‘zlangan maqsad mintaqa mamlakatlariga turizmni targ‘ib etishga ko‘maklashishdan iborat.

Cynthia Bil (Journal of Nomads sayti), Alesha Bradford (NOMADasaurus sayti), Shivya Nath (The Shooting Star sayti), Alex Reynolds (Lost With Purpose sayti), Michael Turtle (Time Travel Turtle sayti) kabi blogerlar Toshkent va Samarqandda, shuningdek, Tojikistonning diqqatga sazovor joylarida bo‘ladi.

Fabio Nodari (Fabio Nodari Photo sayti), Jennifer Ruiz (Jen on a Jet Plane sayti), Nicole Smoot (Adventures of Lil’ Nicki sayti), Valerie Stimac (Valerie & Valiseand Space Tourism Guide sayti), Shaolin Tran (We Travel the World sayti) kabi blogerlar esa Qozog‘iston va Qirg‘izistonga boradi. 

Sayohat mavzusida yozishga ixtisoslashgan blogerlarning yurtimiz hamda qo‘shni mamlakatlar haqidagi taassurotlarini ularning veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali kuzatib borib mumkin.

Trevel blogerlar tarixiy obidalar, ekstremal hodisalar, betakror urf-odatlar, maftunkor tabiat manzaralari kabi mintaqa hayotining turli jihatlarini yoritadi. Tashkilotchilarga ko‘ra, mehmonlar tog‘larni kezadi, chavandozlik mahoratini oshiradi, o‘tovda tunaydi. Shu tariqa xalqaro miqyosda ko‘p ming sonli o‘quvchilarga ega sayohatchi blogerlar Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistonning o‘ziga xosliklarini ko‘rsatib beradi.

Ko‘hna va navqiron Markaziy Osiyoda turizm borasida hali foydalanilmagan imkoniyatlar bisyor. Ushbu soha yaqin kelajakda mamlakatlar iqtisodiyotini yuksaltirishda hal qiluvchi o‘rin tutishi shubhasiz. AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi ham turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarga alohida e’tibor qaratib, mahalliy turistik tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda, mehmonxona va gid xizmatini takomillashtirish, yangi turistik mahsulotlar ishlab chiqishga ko‘maklashmoqda.

Trevel bloging – sayohat blogerligi oxirgi yillarda shiddat bilan rivojlanmoqda. Mahoratli blogerlarning ko‘p ming sonli mushtariylarga ega bo‘layotgani, qolaversa, mo‘may daromad topayotgani sohaga qiziqishni oshirmoqda. «Forbes» nashri xulosasiga ko‘ra, «Youtube» tarmog‘ida eng katta auditoriyaga ega 10 nafar bloger 2018 yilda 181 million dollar ishlagan. 

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring