Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shuhrat Sattorov

Kim neni izlasa, topgay begumon...

Jek Ma: «Milliarderlardagi bosh o‘xshashlik nima?»

Jek Ma: «Milliarderlardagi bosh o‘xshashlik nima?»

Foto: «Stmegi.com»

Jahonning eng muvaffaqiyatli va puldor kishilaridan sanalgan Jek Ma yoshlarga eng ta’sirchan murojaatini yo‘lladi. Uni quyida e’tiboringizga havola qilamiz.

«Mening badavlat otam bo‘lmagan. Uch yil urinib universitetga kira olmaganman. Harvardga kirish uchun o‘n yil urindim, ular meni xohlashmadi. Oxir-oqibat o‘qituvchilar tayyorlaydigan kollej talabasi bo‘ldim. O‘sha kezlarda ish topish muammo edi. 1994-yillarda o‘qituvchilar o‘n dollar evaziga bir oy ishlashga rozi edilar. O‘ttizta idoraning eshigini qoqib bordim. Birortasi meni ishga qabul qilmadi. Maktabda ingliz tilidan saboq berar ekanman, hayotimni o‘zgartirishga bo‘lgan orzular menga tinchlik bermas edi. Shunda internet degan yangilik haqida eshitib qoldim. Ko‘pchilik uning nimaligini bilmas edi. Men esa kun-tun o‘rgandim, unga oid manbalarni o‘qidim, istiqbolini o‘rgandim.

Shunda menda internet orqali buyurtma olib, Xitoyda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni yetkazib berishda vositachilik qiladigan kompaniya ochish fikri tug‘ildi. Atrofimdagilar mening ustimdan kulishar, g‘alati va bo‘mag‘ur fikrlar xayolimga qayerdan kelishini aytib, kalaka qilishar edi.

Ish boshlashim uchun bankdan uch ming dollar olishga uch oy vaqtim ketdi. «Alibaba» kompaniyasi to‘g‘risidagi maqsadlarim xomxayol ekanini aytib, ko‘plab sarmoyadorlar meni rad etishdi. Men oldinda meni ulkan muvaffaqiyat kutib turganini sezar edim. Qattiq mehnat qildim. Oxir-oqibat ming mashaqqat bilan o‘n sakkizta sarmoyadordan ellik ming AQSh dollari to‘plashga erishdim.

«Alibaba» uch yil mobaynida hattoki bir dollar ham foyda keltirmagan. Ammo meni nima ruhlantirgani qiziq bo‘lsa kerak? Bu — bizga maktub yo‘llayotgan mijozlar edi. Ular hozircha bizga katta miqdorda to‘lov to‘lay olmasliklari, ammo bu ishimiz ulkan g‘oya ekani, kelajagimiz oldindaligini yozishar edi. Ular ko‘pincha «Hozir bizga yordam bersangiz, biz kun kelib rivojlanamiz, o‘shanda biz sizga yordam beramiz, siz ham kuchli kompaniyaga aylanasiz», deb yozishar edi. Kichik foydamiz, sekin-asta kattalasha boshladi. 

Chindan ham, o‘n olti yil o‘tib, bizda hamma narsa bor edi: savdo platformalaridan tortib,  elektron to‘lov tizimlari va dunyo bo‘ylab millionlab mijozlar va yetakchi mahsulot ishlab chiqaruvchilar.

Muvaffaqiyatli insonlardagi bosh umumiylik nima? Ijobiylik! Ular kelajak sari doimo ijobiy kayfiyatda borishadi. Ijobiylik odamga imkoniyatni yorqinroq ko‘rishga yordam beradi. Bugungi yoshlarning ko‘pi ish topa olmasligini pesh qilib nolishadi. Bu — xato! Atrofga qarang — biz imkoniyatlar asrida yashayapmiz! Sizning eng kuchli jihatingiz bor — siz yoshsiz! Bu imkoniyatlar orasida nimanidir boshqacha qila olishingizga ishonsangiz, bu to‘g‘risida o‘qib-o‘rganishdan erinmang.

Haqiqiy tadbirkorlik — mehnat degani. Muvaffaqiyat qozonishni istasangiz, boshqalar uxlab yotganda siz o‘rganing, tong saharda shahar uyqudaligida siz imkoniyatlaringizni kengaytirish uchun ertaroq uyg‘oning. Hayotda yiqilishdan qo‘rqmaslik kerak. Ayniqsa, yoshlikda! Yiqilasiz, yana oyoqqa turasiz. Har qanday xato — beqiyos foyda!  

Har bir inson uchun erta — bu zabt etilmagan kelajak. Olg‘a borish kerak, harakat qilish kerak. Atrofdagilar sizga ishonsa-ishonmasalar, siz o‘z orzularingiz ro‘yobiga ishoning, jamoani bunga ishontiring!

Yashashni ham unutmang. Biz hayotga ishlash uchun emas, baxtiyor bo‘lish uchun kelganmiz. Puldan qayg‘urmang! Agar siz orzularingiz ortidan quvsangiz, pul sizning ortingizdan quvadi!»


Hayot va harakat, boylik va muvaffaqiyat haqida eng maroqli suhbatlarni, ilhombaxsh hikoyalarni «Biz g‘alaba qozonamiz» kitobida o‘qing. Yurtimiz kitob do‘konlaridan so‘rang.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring