Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident yangi qonunni imzoladi: Ishsizlik nafaqasi oshiriladi

Prezident yangi qonunni imzoladi: Ishsizlik nafaqasi oshiriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Aholi bandligi to‘g‘risida»gi Qonun prezident tomonidan imzolandi (O‘RQ–642, 20.10.2020-y). Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Aholining bandligini ta’minlashga oid qator masalalar Qonun darajasida belgilandi. Jumladan:

  • aholi bandligini rag‘batlantirish va tadbirkorlikka jalb etish uchun subsidiya, grant va kreditlar ajratish;
  • har yili ish o‘rinlarini tashkil etishga doir davlat byurtmasini shakllantirish;
  • mahalliy mehnat organlari tomonidan ish qidirayotgan va ishsiz shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmatlar turlari;
  • ish qidirayogan shaxslarni mahalliy mehnat organlari tomonidan ro‘yxatga olish va hisobdan chiqarish tartibi;
  • «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kopmleksini yuritish;
  • mehnat stajini elektron tarzda hisobga olish.

Shuningdek, Qonun bilan Mehnat kodeksiga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, ishsizlik nafaqasi 12 oylik davr ichida ko‘pi bilan 26 hafta davomida to‘lanishi belgilandi (amalda ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga 13 hafta, boshqa toifadagilarga 26 hafta mobaynida to‘lanadi).

Qonunga ko‘ra, ishsizlik nafaqasi miqdori quyidagicha oshiriladi:

  • ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) so‘nggi 12 oylik davr ichida mahrum bo‘lgan shaxslarga – avvalgi ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi miqdorida, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHEKM – 679 330 so‘m)dan oz bo‘lmagan miqdorda (amalda MHEKMning 35,2 foizidan oz bo‘lmagan);
  • ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan hamda uzoq (1 yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslarga – MHEKMning 1 baravari miqdorida (amalda MHEKMning 26,5 va 35,2 foizidan oz bo‘lmagan miqdorlarda);
  • ilgari ishlamagan, birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga – MHEKMning kamida 75 foizi miqdorida (amalda MHEKMning kamida 26,5 foizi miqdorida).

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring