Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Qizlarimdan eng boʻlmasa biri qolsa boʻlardi». Zangiotadagi fojianing ogʻir nidosi

«Qizlarimdan eng boʻlmasa biri qolsa boʻlardi». Zangiotadagi fojianing ogʻir nidosi

Foto: «Xabar.uz»

Yangi yil arafasida Zangiota tumanidagi «O‘rikzor» mahallasida is gazi tufayli 4 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 5 nafar qiz vafot etdi: ikki aka-uka va bir singilning farzandlari...

Bir xonadondan beshta tobutning chiqishi…  tasavvurga sig‘mas musibat!..


Mavzu doirasida:

Zangiotada bir xonadonda 5 nafar qiz is gazidan vafot etdi


...Men uchun o‘sha xonadonga borish juda og‘ir bo‘ldi. Mahallaga kirib borarkanman, musibatning sharpasini his qilaman. Hamrohim — shu mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ul xodimasi Ma’suda opaning ham ko‘zlarida mung, yuzida horg‘inlik. Yo‘l-yo‘lakay ikkalamiz ham mavzudan chalg‘ishga harakat qilamiz.

— Mana, ko‘chalarimizning, yo‘llarimizning ahvolini ko‘ryapsizmi, — deydi Mas’uda opa o‘rtamizdagi og‘ir sukunatga chek qo‘ymoqchidek. — Shu o‘rtadagi mahallalardagi bolalar uchun bog‘cha yo‘q, o‘n nafar nevaram bor. Ammo bog‘chaga beraylik desak — yo tuman markaziga yoki shaharga olib borishimiz kerak...

Fojea yuz bergan xonadonga yaqinlashamiz. Kun sovuq bo‘lishiga qaramay yo‘l chekkasiga to‘kilgan qumda bolalar uycha yasash bilan band. Chekkaroqda turgan sakkiz yoshlar chamasidagi qizaloq: «Kumushlarnikiga kelyapsizlarmi? Kumush zaharlandi, endi u yo‘q», — dedi. Yuragim qinidan chiqqudek bo‘ladi. «Kumushlarning qismati muncha o‘xshash?» — xayolimdan shu o‘y o‘tadi. Kechagina hovlini to‘ldirib turgan qizaloqlarning ovozi o‘rnida og‘ir sukunat...

...Onaizor bizga peshvoz chiqadi. Ko‘zlariga-da qaraging kelmaydi. Biroz suhbatdan so‘ng ular yotgan xonani ko‘rsatadi.

— O‘sha kuni pechkaning gorelkasini yangitdan qo‘yuvdik. Xitoyniki ekan. Past yonsa ham yaxshi qizdiradi, deyishuvdi, — deydi onaizor. — Ovsinimning ikki qizi, qaynsinglimning qizi biznikida yotib qoladigan bo‘lishdi. Ungacha rosa sho‘xliklar qilishdi. Suratlarga tushishdi. Katta qizimga bayrami munosabati bilan ko‘ylak olib beruvdim. Kiyib «men malikaman», «men malikaman», deya rosa aylanib, bizga maqtangandi...

Oxirgi so‘zlarni aytayotgan onaizorning ovozi qaltirab ketdi: «Qizlarimdan eng bo‘lmasa biri qolsa bo‘lardi». Bu onaizorning so‘ngsiz armoni, ilojsizlik ortidagi ilojsiz yupanchi...

— Kumush kichkinam — u boshqacha edi. Mehribon... o‘sha kuni men uchun olib qo‘ygan shirinliklarini ortimdan ko‘tarib yurdi. Boshqacha edi u... Yo‘q, yo‘q Qunduzim... Hamisha «xo‘p bo‘ladi», deb aytganimni qilardi... yo‘q, yo‘q... Qunduz, Kumush... Kumush, Qunduz, yo‘q, yo‘q... Ikkalasi ham o‘lmasligi kerak edi, Kumushim, Qunduzim, Jasmina...

Ayol yig‘lab yubordi: «Hammasi birdan o‘ladima-a...».

Onaning aytishicha, qizaloqlarning tepada o‘z xonalari bo‘lgan. Qishda gaz pasayib ketgani natijasida u xonalar yaxshi isimagani bois oshxona yonidagi  pechkasi xona ichiga qurilgan ekan. Chiroyli ta’mirlangan uyga o‘sha kuni ko‘chib o‘tishgan...


Nyurenberg, Osvensim fojiasi...

Ikkinchi jahon urushi yillarida gaz kamerasida necha minglab bolalar o‘ldirilgan ataylab. Tarixning bu qora  sahifasi hamon qalblarni larzaga keltiradi. Bu haqda kinolar ishlandi, kitoblar yozildi. Hatto Germaniyada o‘sha bolalarning xotirasiga atab muzey tashkil etilgan. Borib kelgan shoiralardan biri gaz kamerasida o‘ldirilgan bolalarning tuflichalariga atab hatto she’rlar yozdi. Chunki inson qurbon bo‘ldi, yorug‘ dunyoga to‘ymagan go‘daklar uvol ketdi. Bir insonning hayotiga bevaqt nuqta qo‘yilishi — fojia.


Bugun u yerda bir oila is gazidan vafot etayotgani, ertasiga yana boshqa joyda bolalar umri yakun topayotgani shunchaki bir ko‘z yugurtirib o‘qiydigan, eshitganda bir marta «voh» deb qo‘yadigan xabar emas. Musibatki, har bir insonni ogohlikka chorlaydi, fojiaki, umrbod eslaganda ko‘ngilni larzaga soladigan. Xuddi gaz kameralariga  shafqatsiz odamlar tomonidan go‘daklar ataylab tiqilgani kabi bugun bizning yurtimizda ham odamlarning, butun xalqning loqaydligi tufayli hali ham gaz kameralari ko‘rinmay o‘z ishini bajarayotgandek go‘yo... Agar shunday bo‘lmaganda atigi besh oylik qish mavsumida qanchadan-qancha oilalar, ota-onalar va bolalar essiz ketarmidi? Bu haqda tinimsiz ijtimoiy tarmoqlarda, saytlarda, OAVda maqolalar, shumxabarlar tarqalmoqda. Ammo qurbonlarning oxiri ko‘rinmaydi, qish tugashiga esa hali kamida uch oy bor.

Bundan ikki oy oldin poytaxtimizning Chilonzor tumanida sodir bo‘lgan voqea butun O‘zbekistonni larzga solgandi. Bir oiladan to‘rt nafar bola-ya... Tinchlik, to‘kinlik zamonida... Bunga qanday chidash mumkin.

Chilonzorda sodir bo‘lgan voqeadan keyin mutasaddilar xulosa chiqarishi, ehtiyot choralarini ko‘rishi kerak edi. Manbalarning barchasini o‘rganib chiqdim. Va juda ko‘pchilikka savol bilan murojaat qildim. Shuncha targ‘ibot-tashviqot ishlariga qaramay ko‘pchilik hali is gazining nima ekanligini bilmaydi. Ko‘pchilik tabiiy gazning sizib chiqishidan fojia yuz beradi deb o‘ylarkan.

Aslida tabiiy gaz odam organizmiga gaz tarzida havoda 10 foizdan ortiq konsentratsiyasi mavjud bo‘lganda bo‘g‘ilishga sabab bo‘larkan. Is gazining manbai esa yoqilg‘ining to‘liq yonmasligi. Tabiiy gaz, yoqilgan ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari to‘liq yonmasligi oqibatida paydo bo‘ladigan zaharning havo tarkibida atigi 0,1 foiz bo‘lishi insonni zaharlab o‘ldirishi mumkin. Mana shu yerda odamlar chalkashadi. Gaz yonib turibdi, o‘chib qolmadimi, demak, zaharlanmaymiz deb o‘ylashadi. Yo‘q, aynan yonib turgan gazning to‘liq yonmasligi oqibatida paydo bo‘ladigan is gazi nosoz dudbo‘ron, havo almashish kanallarining yo‘qligi, nostandart isitish jihozlari va uskunalaridan foydalanish havoga is gazining tarqalishiga olib keladi. Yuqorida aytganimizdek, uning 0,1 foizginasi odamlarni hushsizlantiradi va inson qayta hushiga kelmaydi.

— Ayni paytda ushbu soha xodimlari uyma-uy yurib, ana shunday xavf tug‘ilgan xonadonlarni jarimaga tortyapmiz, gaz tarmog‘idan uzib qo‘yayapmiz, — deydi tuman gaz taqsimoti bosh muhandisi A.Hakimov. — Afsuski, ko‘pincha aholi yana o‘zboshimchalik bilan gaz tarmog‘iga ulanib olgan holatlar ham uchrab turibdi. Aholi har yili qish boshlanishidan oldin yangi pechka sotib oladimi, dudbo‘ronni almashtiradimi, duch kelgan ustaga emas, soha mutaxassisiga murojaat qilishi kerak. Ularda shunday ko‘nikmani shakllantirish lozim...

— Ota-onam shifokor bo‘lgan, — deydi mahalla oqsoqoli Tal’at aka. — Avvallari  mahallada biror odam sariq kasal bo‘libdi, desa hamma sergak tortardi. Farzandlarini tekshirtirardi, chorasini ko‘rardi. Ammo hozir odamlar har qanday voqeaga ham sovuqqon. Uyma-uy yurib, tekshiruv ishlarini olib boryapmiz. Ammo hamyurtlarimizda men bilan bu hodisa bo‘lmaydi, degan qarash bor.

Ha bu sovuqqon qarash xudbinlikdan boshqa narsa emas. Bu qarash esa har doim ko‘pgina yo‘qotishlarimizga sabab bo‘ladi.

Ulovda mahallaga kirib kelayotganimda  bir kelin: «Gaz avval juda past edi. Mana shu fojiadan keyin yaxshi yonayapti. Gazning ko‘tarilishi uchun shunday qurbonliklar berishimiz kerakmi?» — deydi. Go‘daklarning qurbonligi evaziga  bunaqa sharoit yaratiladimi?!

Darhaqiqat, qayerda qandaydir fojia bo‘lsa, o‘sha joyda darrov nazorat ishlari kuchayadi, go‘yoki hamma sergak tortadi. Ammo bunday voqealar bo‘lmasdan oldin, oktyabr oyidanoq respublika bo‘yicha xonadonlar nazoratga olinishi kerak emasmidi?

Gaz sohasi mutaxassislarining «Gaz, chiroq xavfsizligi bo‘yicha xonadonlarni tekshirishga borsak, uy egalari kirgizmaydi», degan fikrlarini ham aytishadi. Yana savol tug‘iladi-da, agar biror fuqaro gazdan qarz bo‘lsa, dod-voy solishiga qaramay MIB xodimlari qo‘li ilingan  buyumlarini olib ketadi. Iste’molchilarga ko‘ngildagidek sharoit yaratishga kelganda ming xil bahona, sabab ko‘rsatiladi. Bu jarayondagi suiiste’molchiliklarni-ku, qo‘yavering!

Shu o‘rinda javob ham paydo bo‘ladi: Xonadon egalari tekshiruvchilarni kirgizmasa ham bostirib kirib, nosoz pechka uchun jarima solish, kerak bo‘lsa, o‘sha joyning o‘zida tuzatib qo‘yish mumkin emasmidi?

Xalqimiz orasida e’tibor berilishi shart bo‘lgan holatlar chetda qolib, ahamiyatsiz narsalarga e’tibor kuchayib ketgan. Seriallar uchun befarq bo‘lolmaymiz. To‘yga yangi ko‘ylak olish uchun loqayd emasmiz. Kelin sarposiga sovundan tortib paypoqqacha qo‘shish esimizdan chiqmaydi. Ammo hayotimizni xavf ostiga solayotgan burnimizning tagidagi nosozliklar uchun qo‘l siltaymiz. Oqibati esa juda ayanchli. Yangi yil arafasida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida qo‘lbola pirotexnika tufayli bir bolaning  oyoq-qo‘li sochilib ketgani va vafot etgani haqida shumxabar tarqaldi. Eng achinarlisi, pirotexnika vositalaridan dunyo bo‘yicha 380 ming bola jarohat olgani — fakt. Tinchlik, to‘kinlik, farovonlik zamonida-ya. Urush davrida ham bolalar shunchalik qurbon bo‘lmagandir? Bunga ham avvalo kattalar sababchi. Bolasini ataylab mayib-majruh qilayotgan, hatto o‘limga yetaklayotgan ota-onalar desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Pirotexnika vositalarini sotayotganlarni oqlamayman, ammo ular bu «ajal ovunchoqlari»ni uyingizga majburlab tashlab ketayotgani yo‘q-ku. Maktabda o‘qituvchi farzandimizning xulqi yomonligi yoki baholari pastligi uchun bir shapaloq ursa, ijtimoiy tarmoqlarda oylab muhokama qilamiz. Yoki gazeta obunasi uchun o‘quvchidan pul so‘ragan o‘qituvchiga qo‘l ko‘tarishgacha boramiz. Ammo farzandlarimiz pirotexnika vositalari uchun sarf qilayotgan mablag‘ning har tomonlama ko‘rsatayotgan asoratlari nega bizni junbushga keltirmaydi?!. «Gap»ga vaqtida pul berganimizdek, choyxonaga borish vaqti esimizdan chiqmaganidek mas’uliyatli bo‘lishga qachon o‘rganamiz?

Bir oiladan bir necha a’zosi bevaqt vafot etishi faqatgina o‘sha xonadonning fojiasi emas, millat fojiasi. Bugun hatto pechka va dudbo‘ron yasaydigan mutaxassislarni tayyorlashga ehtiyoj bor. Xitoyning, Eronning gaz moslamalari bizning pechkalarimizga to‘g‘ri kelmas ekan, sifatsiz mahsulotlarni ajal uchun sotib olish kerak emas. Bugun ana shunday isitish jihoz va uskunalarni qurilayotgan uylarga moslab ishlab chiqaradigan korxonalarga, mutaxassislar tayyorlaydigan o‘quv dargohlariga ehtiyojimiz bor. Bugun qurbonlik berib, keyin ortidan ogohlikka chorlaydigan emas, qurbonlik bermaslik uchun mas’uliyat bilan o‘z vazifalarini bajaradigan mutaxassislarga ehtiyojimiz bor.

...Hovlidan chiqib ketayotganimizda ortimga qaragim kelmadi. U menga gullagan tobutni eslatdi. Onaizorga qanday yupanch berishni bilmadim. Yupanch, taskin topolmadim. Har bir sabrning, sinovning ajri bor. Qo‘limdan sabr tilashdan boshqa narsa kelmadi. Onaizor esa dilidagi yupanchini tiliga chiqardi: «Faqat bir narsa taskin beradi. Qachonlardir bu dunyodan paymonam to‘lsa, farishtalarim bilan endi uyoqda uchrashaman...».

Jasmina, Qunduz, Kumush va yana ikki farishtacha... Oxiratda bu dunyodan kuyib o‘tayotgan ota-onalariga shafoatchi bo‘lsin!

Bundan ortiq yana nima ham deya olardik...                                                                                    

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring