Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ikkita xotindan uch nafar farzand. Alimentchi ota nima qildi?

Ikkita xotindan uch nafar farzand. Alimentchi ota nima qildi?

Foto:«Delo.ua»

Birovning shaxsiy hayotiga aralashib bo‘lmaydi. Biroq, qonun izn beradigan holat bundan mustasno. Turmushi o‘xshamay bir, ikki, hatto uch marta uylangan odamga: «bo‘ldi-ye, xotin qo‘lqopmidiki, almashtiraversang-almashtiraversang?!» qabilida pand-nasihat qilish mumkin, illo, Xudo insof bermas ekan, uylanishini ta’qiqlab bo‘lmaydi. Ammo ikki o‘rtada tug‘ilgan farzandlarning moddiy ta’minoti borasida otaga (o‘rni kelsa, onaga ham!) nisbatan  tegishli ta’sir chorasi qo‘llashga monelik yo‘q.

Olotlik  I.O‘. avvalgi ikki oilasidan uch nafar farzand  ko‘rgandi.  Ikkala turmushi ham o‘xshamadi. Sobiq rafiqalari da’vosiga ko‘ra undan farzandlari moddiy ta’minoti uchun  fuqarolik ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumanlararo sudi qarori bilan aliment undirish belgilangandi.

Ota tomonidan  belgilangan alimentni  o‘z vaqtida to‘lash borasida muammo tug‘ilmadiku-ya, biroq uning mamlakat tashqarisiga chiqishiga cheklov qo‘yilgandi baribir. Rost-da, osongina chetga chiqvolgan fuqaro majburiyatini bajarmay yuraversa, bundan faqat go‘daklari qiynaladi. Shu va shu kabi achchiq tajribalar bois qonunchilikka alohida me’yor kiritilib, aliment to‘layotgan fuqaroga farzandi to voyaga yetguncha mamlakatdan chiqishiga  vaqtinchalik cheklov qo‘yiladigan bo‘ldi.

Olotlik I. O‘.  vaziyat taqazosiga ko‘ra, chetga chiqishiga to‘g‘ri keldi. Yaxshi. Buning uchun farzandlari uchun to‘lanadigan aliment miqdorining hammmasini  bittada to‘lasin,  oq yo‘q.

Majburiy  ijro byurosining Olot tumani bo‘limi xodimlari unga shu haqda tushuntirishgan edi, ota rozi bo‘ldi: qancha to‘lashim kerak?

Darhol hisob-kitob qilindi:  ota uch farzandi uchun ular to voyaga yetguncha umumiy hisobda yana 50 million so‘m to‘lashi kerak ekan.

Ota rozi bo‘ldi va tegishli summani bir zarbda va naqd ko‘rinishda farzandlarining onalariga topshirdi.

Shu bilan ijro ishi tugatilib, I. O‘.ga nisbatan qo‘llangan barcha cheklovlar bekor qilindi.

Alqissa, ayollarning ko‘ngli to‘q endi. MIB xodimlari ham bitta ijro ishi poyoniga yetganidan xursand. Nega xursand bo‘lishmasin?! Birovdan  pul undirishda ozmuncha  balolarga giriftor bo‘lyaptimi ular?!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring