Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIBB «Miraziz Bazarov ishi» bo‘yicha tafsilotlarni e’lon qildi

IIBB «Miraziz Bazarov ishi» bo‘yicha tafsilotlarni e’lon qildi

Toshkent shahar IIBB kaltaklangan bloger M.Bozorov ishi bo‘yicha yangi tafsilotlarni e’lon qildi.

Joriy yilning 28-mart kuni  Yunusobod tumanidagi Amir Temur xiyobonida uch-to‘rtta fuqaro yosh yigit va qizni LGBT faollari deb gumonlab, ularga tan jarohatlari yetkazgan. Ularga yana 20-25 nafar shaxslar qo‘shilib, bezorilik harakatlarini davom ettirishgan. Dastlab janjalni boshlagan 12 nafar fuqaro ushlangan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandi («Bezorilik, bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilishi») alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov davomida hodisada bevosita ishtirok etgan shaxslar aniqlanib (31 nafar), ularning har birining harakatiga huquqiy baho berildi. Ulardan to‘rt nafari jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida jalb qilindi. Bular: Toshkent viloyatida tug‘ilgan 1989-yilda tug‘ilgan Qurbonov Farhodjon va 1991-yilda tug‘ilgan Yo‘ldoshev Muzaffar, shuningdek poytaxtda istiqomat qiluvchi 1993-yilda tug‘ilgan Fazlitdinov Bohodir hamda 2002-yilda tug‘ilgan Anvarov Rixsitilla. Ayblanuvchilarga nisbatan uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi tanlandi. Dastlabki tergov tugagandan so‘ng, jinoyat ishi qonuniy qaror qabul qilinishi uchun sudga taqdim etiladi.

Mojaroda ishtirok etgan qolgan 27 nafar shaxslarning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi («Mayda bezorilik»), 194-moddasi («Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik»), 195-moddasi («Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish») va 201-moddasida («Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish») nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud.

Shuningdek, Toshkent shahar IIBB axborot resurslarida 1991-yilda tug‘ilgan Bazarov Mirazizga tan jarohati yetkazilganligi holati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi «i» bandi («Bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud shu guruh manfaatlarini ko‘zlab qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish») alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi. Tergov tomonidan sud-tibbiy ekspertiza xulosasi olingach, jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «k» bandiga («Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilishi») qayta malakalandi. Jinoyat ishi doirasida tuzilgan tergov-tezkor guruh tomonidan 100 dan ortiq fuqarolar so‘roq qilindi, jinoyatchilar harakatlangan bo‘lishi mumkin deb gumonlangan 41 172 ta avtotransport vositalari o‘rganilmoqda. Mazkur jinoyatga aloqador fuqarolarning shaxslari aniqlanmoqda.

Shu bilan birga, 1-aprel kunidan 20-aprelga qadar Toshkent shahar IIBBga fuqarolardan 28 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, unda Bazarov Miraziz internetda joylagan videolarida ushbu fuqarolarni va ularning qarindoshlarini haqorat qilgani, ularni terroristik tashkilotlar bilan hamkorlikda ayblab tuhmat qilgani, milliy an’analarni oyoq osti qilib, ayollarning sha’niga putur yetkazayotgani hamda millatlararo nizo uyg‘otayotgani sababli unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni talab qilishgan.

Shuningdek, Mirobod tumani 110-son umumta’lim o‘rta maktabi o‘qituvchilaridan jamoaviy ariza kelib tushgan bo‘lib, unda Internet tarmog‘idagi mediamakonlarda mazkur maktab o‘qituvchilarining kasbiy va shaxsiy sifatlari haqida haqoratli ma’lumotlar tarqatganligi va shu bilan ularning obro‘sini toptaganligi uchun Bazarov Mirazizga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rashgan.

Mazkur arizalar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, tegishli kompleksli ekspertiza tayinlandi.

Tergovga qadar tekshiruv natijalariga ko‘ra, Bazarov Mirazizning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi «g» bandida («G‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish») nazarda tutilgan jinoyat alomatlari borligi aniqlanib jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, jabrlanuvchining so‘zidan tuzilgan fotorobot asosida Bazarov Mirazizga tan jarohati yetkazishga aloqador bo‘lgan gumon qilinuvchining shaxsini aniqlashda fuqarolardan ko‘mak so‘raymiz, deyiladi IIBB ma’lumotida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring