Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hokimning ma’naviy tuhfasi. Qashqadaryoda kitobga haykal qo‘yildi

Hokimning ma’naviy tuhfasi. Qashqadaryoda kitobga haykal qo‘yildi

Foto: «Xabar.uz»

Majburiyat va mas’uliyat tushunchalari yonma yon kelsa-da biri ijroni, ikkinchisi his etishni anglatadi. Majburiylik qo‘yilgan vazifani to‘la ijro etishdir. Mas’uliyat esa uni anglash, his etish tuyg‘usi bilan bog‘liq. Shuning uchun ham amalga oshirayotgan ishlarimizni obdon his etish, mas’uliyatni sezishning samarasi ahamiyatlidir.

Ommaviy kitobxonlik madaniyatining uzviy bir bo‘lagi, ma’rifat tarqatishning muhim usullaridan biri kitob taqdim etishdir. Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan bu xayrli harakat barcha rahbar xodimlarning o‘zlariga yaqin bo‘lgan yoxud tahsil olgan ta’lim muassasalariga kitob taqdim etishlari bilan an’anaviy tus oldi.

Yaqinda Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev tomonidan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rahbariyati nomiga eng samimiy va ezgu niyatlar bilan bilimlar manbai bo‘lmish kitoblar majmuining taqdim etilishida ham ana shu tuyg‘uni tuyish mumkin.

Institut Axborot resurs markazidan o‘rin olgan, talabalar tomonidan sevib o‘qilayotgan o‘zbek yozuvchilaridan Tohir Malikning «Odamiylik mulki», «Tafakkur gulshani», «Quyoshingiz botmasin» va boshqa kitoblari, Erkin Vohidovning tanlangan asarlari, atoqli yozuvchi Shuhratning roman va hikoyalari, Chingiz Aytmatov va chet el yozuvchilarining asarlari shular jumlasidandir.

Foto: «Xabar.uz»

Inson ko‘rish, eshitish, mutolaa qilish orqali ma’naviy ehtiyojini qondiradi, cheksiz zavq-shavqqa to‘ladi. Tuman va shaharlarning qoq markazlarida e’tiboringizni jalb etuvchi kitoblar majmuasi gavdalansa, ulkan monument va haykallari qad rostlasa ko‘zingiz quvnab, dilingiz yayramaydimi? Albatta, shodlanasiz. U sizni ma’naviyat xazinasi — kitobga bo‘lgan e’tiboringizni yanada kuchaytirishi tayin. Ana shu ma’naviy ehtiyojni his etgan holda, Qashqadaryo viloyati hokimining tashabbusi va tashkilotchiligi bilan o‘zbek va jahon adabiyoti klassiklarining kitoblari majmuasiga viloyat hududining bir necha joylarida o‘rnatilgan monumentlar, haykallar bugungi kunda yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan barchaning diqqatini tortayotgani quvonarlidir.

R.Jumaniyozov, 
institut matbuot kotibi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring