Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hokimlarni xalq saylashi kerak. Shu kunlarga baribir kelamiz» — Prezident

«Hokimlarni xalq saylashi kerak. Shu kunlarga baribir kelamiz» — Prezident

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-sentyabr kuni hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik — iqtisodiyotning o‘sish nuqtalaridan biri, aholi bandligini ta’minlashning katta manbai. Shu bois mamlakatimizda bu sohani rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Prezidentning farmon va qarorlari qabul qilinib, barcha zarur sharoitlar yaratib berildi. Endi hokimlar va sektor rahbarlari ishni to‘g‘ri tashkil etib, yangi korxonalar ochilishi, ularning yashovchanligi, mahsulotlari hajmi, yaratilgan ish o‘rinlari bo‘yicha natija qilishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi qaroriga asosan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimi joriy etilgan edi. Shunga muvofiq, birinchi marta tuman va shaharlardagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash muhiti, infratuzilma va mavjud resurslardan foydalanish darajasi o‘rganildi. Tahlillar asosida ulardagi tadbirkorlik rivoji holati «yaxshi», «o‘rta» va «qoniqarsiz» hududlarga ajratildi. Xususan, 48 ta tuman va shahardagi holat «yaxshi», 119 tasida «o‘rta» hamda 33 tasida «qoniqarsiz» deb topilgan.

Videoselektor yig‘ilishida ushbu tahlillar asosida joylardagi muammolarni hal etish, ko‘rsatkichlari nisbatan past bo‘lgan hududlarga ko‘maklashish choralari muhokama qilindi.

Iqtisodiy kompleksga kiruvchi vazirlik va muassasalar «tadbirkorga xizmat qiluvchi» tashkilotga aylanishi zarurligi ta’kidlandi. «Qoniqarsiz» deb baholangan tuman va shaharlarning salohiyatini yuzaga chiqarish, «yaxshi» hududlarning tajribasini ommalashtirish muhimligi qayd etildi.

Misol uchun, Samarqand tumanida hududiy sanoat mahsulotlari hajmi 1,1 trillion so‘mni tashkil etib, aholi jon boshiga 4,5 million so‘mdan to‘g‘ri kelgan. Bu Samarqand viloyatidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Shuningdek, 508 ta tadbirkorlik sub’yekti tashkil etilib, yangi ish o‘rinlarining 71 foizi kichik biznesda ochilgan. Mahalliy budjet tushumlari so‘nggi uch yilda 2 baravar ortgan.

Shuningdek, Qamashi tumanida so‘nggi uch yilda 802 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti tashkil etilib, ishlamayotgan 132 ta korxona qayta tiklangan. Eksport hajmi o‘tgan yilgiga nisbatan 1,5 barobar oshgan.

Aksincha, Nukus, Baliqchi, Bekobod, Xovos, Baxmal, Mirzacho‘l, Yangiqo‘rg‘on, Shovot, Kasbi, Qumqo‘rg‘on, Uchtepa kabi tumanlardagi ahvol qoniqarsiz. Aslida ularda ham yetarlicha salohiyat va infratuzilma bor.

Masalan, Qumqo‘rg‘on tumani tadbirkorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha Surxondaryo viloyatida eng oxirgi o‘rinlardan birida. Lekin u yerda 124 ming gektar yaylov va 48 ming gektar oborotdan chiqqan yer bor. Ulardan samarali foydalanish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilmagan.

Bekobod tumanida ham kichik biznes ulushi respublikadagi eng so‘nggi o‘rinlardan birida. Tumanda yiliga 10 ming tonna paxta, 100 ming tonna don yetishtirilsa-da, qayta ishlanmaydi.

Mutasaddilarga «qoniqarsiz» deb baholangan tumanlarda muhandislik kommunikatsiyalarini yaxshilab, kichik sanoat zonasi tashkil etish, yaylovlarda chorvachilik, qorako‘lchilik, yilqichilikni rivojlantirish, chegaraoldi savdo va xizmatlarni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgan tuman va shahar hokimlari hamda ularning o‘rinbosarlari maoshiga 30 foiz ustama tayinlanib, ahvol qoniqarsiz bo‘lgan hududlar rahbarlariga jarima qo‘llanishi aytib o‘tildi.

«Odamlarimiz turmushini yaxshilashga harakat qilmagan rahbar bir kun ham ishlamaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Qoniqarsiz» hamda «o‘rta» deb baholangan tuman va shaharlarda inqirozga qarshi boshqaruv tizimi joriy etilishi belgilandi. Ya’ni, ularga rahbarlik qilish istagini bildirgan har qanday talabgor hududni rivojlantirish dasturini mahalliy kengashlarda himoya qilishi mumkin. Xalq vakillarini ishontira olgan salohiyatli kishilar butun jamoasi bilan tumanga rahbar etib tayinlanadi.

«Hokimlarni xalq saylashi kerak. Shu kunlarga baribir kelamiz», — deya ta’kidladi Prezident.

Yig‘ilishda yangi korxonalar tashkil etish, borlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Joriy yilning 8 oyida 60 mingdan ziyod yangi kichik biznes sub’yektlari faoliyat boshladi. Ularning har biri o‘rtacha 38 million so‘m soliq tushumini ta’minlab, kamida 2 tadan ish o‘rni yaratmoqda. Lekin 31 mingdan ziyod korxona faoliyati haligacha tiklanmagan. O‘z biznesini ochish harakatidagi insonlar ham juda ko‘p.

Savdo-sanoat palatasi rahbarlari va Biznes-ombudsman joylarga chiqib, tadbirkorlik faoliyatini boshlashga xalaqit berayotgan muammolarni hal etishi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashishi kerakligi ta’kidlandi.

«Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish, banklar tomonidan mablag‘ berilgan, lekin xomashyo, energiya resursi yoki logistika kabi sabablarga ko‘ra to‘xtab qolgan loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Tijorat banklari tadbirkorlarning biznesdagi natijalariga qarab ularga «imtiyozli xizmatlar paketi»ni taklif qilishi muhimligi aytildi.

Ma’lumki, kichik biznes va mahalliy resurs soliqlari to‘liq hududlar ixtiyorida qoldirilmoqda. Ya’ni, hududlarning budjet barqarorligi, rivojlanishi tadbirkorlik faoliyati bilan bevosita bog‘liq.

Masalan, Konimex tumanida mahalliy budjetga soliq tushumlari joriy yilning 8 oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 141 foizga oshgan. Pandemiya davrida moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan 20 ta korxonaga soliq ta’tili berilishi natijasida 100 ta ish o‘rni saqlab qolingan.

Davlat soliq qo‘mitasiga barcha viloyatlarda ishni shunday tashkil etib, mahalliy budjetlarni mustahkamlash yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Yig‘ilishda bu yil kutilayotgan budjet taqchilligini imkon qadar qisqartirish uchun qo‘shimcha tushumlarni ta’minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi. Hududlarning soliq salohiyatini tahlil qilib, qo‘shimcha daromadlarni aniqlash, budjet tashkilotlarining pullik xizmatlardan daromadlarini ko‘paytirish va bino-inshootlaridan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi.

Oxirgi 4 yilda biznesni rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar natijasida ko‘plab kichik korxonalar faoliyati kengaygan. Davlatimiz rahbari bunday intilishlarni rag‘batlantirish, korxonalarni yiriklashishga undaydigan qulay muhit yaratish zarurligini ta’kidladi.

Shu maqsadda, tadbirkorlik sub’yektlariga berilayotgan imtiyozlarni tabaqalashtirish kerak. O‘rta biznes toifasiga kirishi mumkin bo‘lgan korxonani aniqlab, Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan maqsadli mablag‘lar ajratish, mahsulotini sertifikatlash, ilm va innovatsiya xarajatlarini qisman qoplab berish kabi choralar orqali ularga ko‘maklashish muhimligi aytildi.

Videoselektor yig‘ilishida so‘zga chiqqan hokimlar tadbirkorlikni rivojlantirish, qo‘shimcha zaxiralarni ishga solishga doir rejalarini bayon qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring