Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Hasanboy endi yozmaydigan bo‘ldi (jiddiy hikoya)

Hasanboy endi yozmaydigan bo‘ldi (jiddiy hikoya)

Obodonlashtirishga tushgan Q. qishlog‘ida ishlar to‘xtab qolgan. Avvaliga eski shiyponni o‘rnidan Yoshlar markazi quramiz deb, ishni boshlashdi. Poydevori bitib, to‘rt-besh qator g‘isht terilgach, ustalar qayoqqadir yo‘qolib qoldi. Shu-shu qurilish joyida qotdi. O‘tmishda bahavogina joy bo‘lgan hudud bugun oftobning tig‘ida qovjirab, o‘z jozibasini yo‘qotgan. Yaxshilab e’tibor bergan kishining ko‘ziga daydi itlarning sharpasi ko‘rinadi. Bir chetda chala qorilgan va qotib qolgan sement aralashmasi...

Shiyponni qo‘yib, qishloqning boshqa qismiga yuzlanamiz. Tegirmon guzarining pastqam ko‘chalari yaralgandan buyon asfalt siyoqini ko‘rgan emas. Avvaliga shag‘al to‘kilib, ko‘chalar tekislangach, guzar aholisi terisiga sig‘may quvondi: nihoyat ravon yo‘llarda yurishadi. Ammo mana necha oydirki, asfalt tugul, chala to‘kilgan shag‘alli ko‘cha avvalgidek ko‘rinishda mung‘ayib qoldi.

Eng yomoni ichimlik suvi o‘tkazish bilan bo‘ldi...

Ulkan mashinalar ayamasdan qishloqning tekis ko‘chalarini kovlab tashladi. Quvurlar yotqizildi. Kovlangan ko‘chalarda enlik-enlik chang ko‘tarildi. Do‘nglar hosil bo‘ldi. Mashina haydovchilar ko‘chalarda tetapoya qilib qoldi....

Xullas, qishloqdagilarga qiyin bo‘ldi. Boz ustiga, yangi tizimni ishga qo‘shamiz deb, eski ichimlik suvini o‘chirishdi. Ammo, qaniki, ichimlik suvi chiqsa....

Odamlar daryodan, ariqdan suv olib kelib icha boshladi.

Qishloqning ayni vaqtdagi holati suvga to‘ymay qovjiragan erta ko‘klamni eslatardi. Ravon asfalt yo‘llar tugul, odamlar avvalgi tuproq, ammo tekis yo‘llarni orzu qilishardi.

Shu qishloq maktabida Hasanboy ismli kamgapgina yigit ishlaydi. Gavdasi kichik, bo‘ynini ichkariga tortib yuradigan bu bola ona tili va adabiyotidan dars beradi. Bir-ikki gazetada maqola yozib, televideniyeda gapirganda el og‘ziga tushgan.

Uch-to‘rt bekorchi bir bo‘lib, Hasanboyni turtkilashga tushdi.

— Seni orzu-umid bilan o‘qitganmiz, bir yozgin bularning ustidan, chala qilgan ishlari burnidan chiqsin!..

— Essiz, mana bu shiypon qanday bahavo joy edi-ya, iliqqan itlarga makon bo‘ldi...

— Hasanboy, ayamay yoz, ortingda xalq turibdi. Sen bu muammoni ko‘tarmasang kim ko‘taradi? Ishni boshlashdimi, chiroyli qilib, tugatib qo‘yishsin.

Xullas, Hasanboy yozadigan bo‘ldi.

Oradan bir necha kun o‘tgach, viloyat gazetasida «Tagi teshik islohot yohud odamlarni sarson qilishdan kimga foyda?» nomli achchiqqina maqola bosilib chiqdi. Uni turli boshqa nashrlar, veb-saytlar ko‘chirib bosdi. Q. qishlog‘idagi muammolar yuqori minbarlarda ham yangragan bo‘ldi.

Shundan so‘ng, qishloqda ishlar yurishgandan yurishib ketdi.

Yo‘llar to‘g‘rilandi, suv masalasi ham hal etildi.

Hasanboy «mana men tufayli muammolar hal bo‘ldi» deya o‘rtaga chiqmadi. Sabzitaxtadek portfelini ko‘targancha, maktabga borib kelaverdi.

Hammo balo qandaydir «kattakon»ning qishloqqa tashrifidan boshlandi. Majlis uyushtirildi, obodlashayotgan qishloq ko‘klarga ko‘tarildi, «ammo ayrim besabrlar shukur qilmay muammolarni matbuotga ko‘tarib chiqqani, hududni butun viloyatga sharmanda qilgani» qoralandi.

Biron kishi kallasini ko‘tarib kattakonga «shu tanqid bo‘lmasa ishlar o‘lda-jo‘lda qolardi» demadi. Balki, deya olmadi.

Majlis tugadi. «Katta» ketdi.

— Hasanboy bekor yozibdi. Ana katta aytdi, bu ig‘vo ekan. Indamasak ham bitar ekan bu ishlar.

— Bu o‘qituvchi o‘lgur avvaldan pismiq edi-da. Indamay yurganidan qo‘rqish kerak...

— Hasanboy azaldan yozg‘uvchi edi. Bunaqalar buzg‘unchi bo‘ladi, zakunchi bo‘ladi. Bo‘lar-bo‘lmas narsani ham yozaberadimi, odam?!

Xullas, bechora o‘qituvchi ostona hatlab ko‘chaga chiqa olmay qoldi. Majlis tafsilotlari o‘nga yana yuz qo‘shilib, tarqalib ketdi. Odamlar Hasanboyni gapirishar, qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatishardi.

Hasanboy-chi? O‘shandan beri qo‘liga gazeta tugul, qalam ushlashga qo‘rqib qoldi, bechora.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring