Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Harbiylarimiz AQShda rekord natijalarni qayd etmoqda

Harbiylarimiz AQShda rekord natijalarni qayd etmoqda

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Missisipi shtatidagi «Camp Shelby» harbiy o‘quv bazasida bo‘lib o‘tayotgan «Ilg‘or jangchi» musobaqasining yana 4 ta yo‘nalishdagi bahslari yakunlandi. Unda murakkab sun’iy to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish, uzoq masofaga marshni amalga oshirish, jang sharoitida yaradorga tez tibbiy yordam ko‘rsatish hamda ishtirokchilarning tungi sharoitda harbiy topografiya bo‘yicha bilim va mahoratlari sinovdan o‘tkazildi.

10 ga yaqin to‘siqlarni o‘zida jamlagan, uzunligi 900 metr bo‘lgan yo‘lakdan o‘tish bahslarida O‘zbekistonlik o‘g‘lonlar ham muvafaqqiyatli ishtirok etib, ushbu shartda tengsiz ekanliklarini yana bir bor namoyon etishdi.

Balandligi 8 metr bo‘lgan murakkab shakldagi yog‘och to‘siqqa chiqish va to‘rli arqondan foydalanib undan tushish, kengligi chamasi 20 metr bo‘lgan suv havzasidan arqon yordamida o‘tish, notekis va nostandart muvozanatga ega bo‘lgan turli sun’iy to‘siqlardan o‘tish kabi kishidan katta jismoniy kuch talab etadigan ushbu majmuaviy mashqlarda hamyurtimiz kichik serjant Xayrullo Olimov 9 daqiqayu 20 soniya vaqt sarflab, musobaqa rekordini yangiladi.

Musobaqaning keyingi shartida ishtirokchilardan 18 kg yuk bilan belgilangan vaqt oralig‘ida 20 kilometrlik masofani bosib o‘tish talab etildi.  Mazkur shartda har ikki harbiy xizmatchimiz ham raqiblaridan ildam harakatlanib, marra chizig‘ini 2 soatu 2 daqiqada bosib o‘tib, musobaqa natijalarini yangilashga erishdi. 

Jang maydonida tibbiy yordam ko‘rsatish mashqida ishtirokchilar 4 ta o‘quv savoli bo‘yicha sinovdan o‘tishdi. Unga ko‘ra 4 nafar turli ko‘rinishdagi yaralangan jangchilarni jang maydonidan olib chiqish, ulardagi shikastlanish darajasini aniqlash, tashqi hayot belgilariga qarab birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, yopiq yoki ochiq sinish kabi jarohat olganlarga tezkor muolaja qilish hamda ularni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish vazifalarini bajarishdi. 

Shu kuni tungi sharoitlarda harbiy topografiya bo‘yicha ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari ham tekshirildi. Ushbu shartda ham harbiy xizmatchilarimiz yaxshi natijalarni ko‘rsatib zarur ballarni qo‘lga kiritishdi. Dastlab ular musobaqa tashkilotchilari tomonidan berilgan 5 ta nuqta koordinatalarini xaritalarda to‘g‘ri belgilab, so‘ngra ajratilgan 4 soat vaqt ichida 20 km radiusdagi ushbu nuqtalarni topishdi.  Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, harbiylarimiz zamonaviy navigatsiya vositalarisiz, yovvoyi hayvonot olamiga ega bo‘lgan noma’lum hududda, xususan botqoqlik va qalin o‘rmonzorda harakatlanishiga to‘g‘ri keldi. Mardligi va shijoati baland yigitlarimiz bu shartni ham mezbon ishtirokchilar bilan tengma-teng uddalashdi.

Musobaqaning so‘nggi bosqichida ishtirokchilar turli rusumdagi qurollardan o‘t ochish, artilleriya olovini yo‘naltirish hamda test sinovlarida bellashadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 18-aprel kuni start olgan ushbu musobaqalarda ishtirok etib, yurtimiz sha’nini himoya qilayotgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari III darajali serjant Dilmurod Sulaymonov hamda kichik serjant Xayrullo Olimovlar estefeta hamda uzoq masofaga yugurish shartlarida ham shu kungacha qayd etilgan musobaqa rekordini yangilagan, o‘zbekistonlik harbiylar 2019 yilda ham ushbu musobaqada I o‘rinni qo‘lga kiritishgan edi.

Leytenant Otabek NORBOYeV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti. AQSh, Missisipi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring