Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gapning indallosi shu: shartnomada «sharm» bo‘lmaydi!

Gapning indallosi shu: shartnomada «sharm» bo‘lmaydi!

Ma’lumki, shartnoma — ikki yoki bir necha shaxsning fuqarolik huquqlari va burchlarini vujudga keltirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi kelishuvidir. Fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkin hisoblanadilar.

Masalan, oldi-sotdi shart­nomasi bo‘yicha bir taraf, ya’ni sotuvchi tovarni boshqa tarafga — sotib oluvchiga mulk qi­lib topshirish majburiyatini oladi. Sotib oluvchi esa, bu tovarni qabul qilish va uning uchun belgilangan bahodagi pulni to‘­lashga majbur.

Bugungi kunda fuqarolik sudlarida  oldi-sotdi shartnomasiga oid ko‘plab nizolar ko‘­rib chiqilmoqda. Bu jarayonda oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishda taraflar kelishuvga va qo­nun­da belgilangan talablarga qat’iy amal qilmaganliklari aniqlanmoqda. Oqi­batda ular o‘rtasida nizolar kelib chiqmoqda.

Sud tomonidan shartnoma haqiqiy emas, deb topilganda taraflarning har biri boshqasiga shartnoma bo‘yicha olgan hamma narsani qaytarib berishi lozim. Agar olingan narsani aslicha qaytarib berish imkoni bo‘lmasa, uning qiymatini pul bilan to‘lashi shart.

Bundan tashqari sud tomonidan, shart­noma bahosidan kelib chiqqan holda, nohaq tarafdan davlat bojini undirish ham belgilanadi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudlari tomonidan 2018-yil va 2019-yilning o‘tgan to‘rt oyi davomida oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqqan nizolar yuzasidan 55 ta fuqarolik ishi ko‘rilgan.

Shundan 25 tasi bo‘yicha da’vo arizalari qanoatlantirilgan, 21 tasi bo‘yicha da’vo rad etilgan, 4 ta fuqarolik ishi ish yuritishdan tugatilgan va 5 da’vo arizasi ko‘r­masdan qoldirilgan.

Misol uchun Valijon To‘xtayev (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 2018-yil 19-aprelda Jizzax shahar, Alisher Navoiy shohko‘chasidagi o‘ziga tegishli uyni Qodir Hasanovga sotishi to‘g‘risida notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shart­nomasini tuzgan. Bunga uning 2 nafar oila a’zolari ham rozilik bildirib, ariza berishgan.

Ushbu shartnoma davlat ro‘y­xatidan o‘tkazilib, Q.Hasanov nomiga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan. Ammo oradan 5 oy o‘tishiga qaramay, V. To‘xtayev sotgan uyini bo‘shatib bermagan. Oxir-oqibat Q. Hasanov uni uydan majburiy tartibda ko‘chirish to‘g‘risida sudga murojaat qilgan.

O‘z navbatida, V.To‘xtayev ol­di-sotdi shartnomasini haqi­qiy emas, deb topish haqi­dagi qarshi da’vo bilan sudga murojaat qilgan. U o‘z arizasida xonadonni sotmaganini, balki olgan qarzi evaziga garovga qo‘ygani, biroq oldi-sotdi shartnomasi oson rasmiylashtirilgani uchun shunday shartnoma tuzganini asos qilib keltirgan.

Ammo sudda V. To‘xtayevning bu boradagi vajlari biron-bir dalil bilan o‘z isbotini topmadi. Aksincha, uning ikki nafar oila a’zosi uy sotilgach, bir oy ichida bo‘shatib berish haqida notarial tasdiqlangan ariza berganlar.

Ushbu holat oldi-sotdi shart­noma­si­ning 8-bandida ko‘rsatilgan.

Alohida yozma tilxatda ham V.To‘xtayev uyini sotgani va bir oyda bo‘shatib berishini qayd etgan.

Shuningdek, shartnomaning 6-bandida tomonlar uyni 80 000 000 so‘mga baholagani, sotuvchi ushbu pulni sotib oluvchidan to‘liq olgani ko‘rsatilgan. Ushbu bandni V.To‘xtayev o‘z imzosi bilan tasdiqlagan.

Sudda guvoh N.Tohirovning tomonlar o‘rtasida pul oldi-berdisi bo‘lganini eshitmagani haqidagi ko‘rsatmasi ishonch­ga sazovor emas, deb topildi. Chunki Fuqarolik kodeksining 109-moddasida bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelmasligi, biroq nizo chiqqan taqdirda, taraflarni bitim tuzilgani, uning mazmuni yoki bajarilganini guvohlarning ko‘rsatuvlari bilan tasdiqlash huqu­qidan mahrum qilishi belgilangan.

Shu sababli sudning hal qiluv qarori bilan V.To‘xtayev oila a’zolari bilan nizoli uydan ko‘chirildi. Uning oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi qarshi da’vosi rad etildi.

Aytish kerakki, Fuqarolik kodeksining 112-moddasi 2-qismiga ko‘ra, agar taraflardan biri notarial tasdiqlash talab qilinadigan bitimni to‘liq yoki qisman bajargan bo‘lsa, ikkinchi taraf esa, bitimni notarial rasmiylashtirishdan bosh tortsa, sud bitimni bajargan tarafning talabi bo‘yicha uni haqi­qiy deb hisoblashga haqlidir.

Bu holda bitimni keyinchalik notarial rasmiylashtirish talab qi­lin­maydi.

Amaliyotda ushbu qonun talabiga muvofiq oldi-sotdi bitimini haqiqiy, deb topish haqidagi da’vo talablari ham uchraydi.

Masalan, Bobur Rahimovning Sergey Antonovga nisbatan uy-joy oldi-sotdi bitimini haqiqiy, deb topish haqi­dagi da’vo arizasi bilan sudga qilgan murojaati bunga yaqqol misoldir.

B.Rahimov o‘zining da’vo arizasida Do‘stlik tumani, Do‘stlik ko‘chasidagi uy-joyni javobgardan 2001 yilda 900 000 so‘mga sotib olgani, javobgar bu haqida tilxat yozib berganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, u uch yil muddatga uyni sotish huquqi bilan ishonchnoma ham bergani, biroq e’tiborsizligi sababli uyni rasmiylashtirib olmaganini, javobgar oilasi bilan chet davlatga ketgani va hozir ular qayerda ekanini bilmasligini asos qilib keltirgan.

Sud tomonidan aniqlanishicha, nizoli uy 1993-yil 21-iyundagi davlat orderiga asosan javobgarning nomiga xususiylashtirilgan.

Xususiylashtirishda uning turmush o‘rtog‘i va qizi ham ishtirok etgan.

Shu sababli ular ham nizoli uy mulkdori hisoblanishadi. Nizoli uyning sotilishida esa, Fuqarolik kodeksining 225-moddasi talabiga muvofiq barcha mulkdorlarning roziligi olinmagani sababli sudning hal qiluv qa­rori bilan oldi-sotdi bitimini ha­qiqiy deb topish haqidagi da’vo arizasi rad etildi.

Aksincha, Yusuf Omonov javobgar Daniya Yepashnikovaga nisbatan oldi-sotdi bitimini haqiqiy deb topish haqi­dagi da’vo bilan sudga murojaat qilgan. Yu.Omonov bunda Jizzax shahar, Hamid Olimjon ko‘chasidagi uyni 1992 yilda javobgardan guvohlar ishtirokida 15 000 rublga sotib olganini, javobgar undan pulni olib qaytib kelganida uy­ni rasmiylashtirishini bildirgan holda chet davlatga ketganini, shundan buyon qaytib kelmagani, uning hozir qayerda ekanini bilmasligini asos qilib ko‘rsatgan.

Sudda aniqlanishicha, 1984-yil 15-avgustdagi oldi-sotdi shartnomasiga asosan nizoli uy D.Yepashnikovaga mulk huqu­qi asosida tegishli bo‘lgan. Javobgar nizoli uyni 1992-yil 23-iyulda da’vogarga 15 000 rublga guvohlar ishtirokida sotgan hamda bu haqda taraflar o‘rtasida oddiy yozma shakldagi tilxat tuzilgan.

D. Yepashnikovaning boshqa shaxs bilan qonuniy nikohda turganligi, sudlanganligi, vafot etganligi, ruhiy kasalligi, qidiruvda ekanligi, respublika hududidan chiqqanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar aniqlanmagan. Sud-xatshunoslik eks­pertizasining 2018-yil 8-iyundagi xulosasida nizoli uyni sotganligi haqi­dagi 1992-yil 23-iyuldagi tilxatdagi imzo hamda yozuvlar D.Yepashnikovaning o‘zi tomonidan bajarilganligi qayd etilgan.

Shuningdek, sud majlisida so‘ralgan guvoh K.Saydullayev nizoli uy oldi-sotdisida ishtirok etib, tilxatga guvoh sifatida imzo qo‘yganligi ha­qi­da tushuntirish bergan. Ush­bu holatda sud Fuqarolik kodeksining 112-moddasiga asosan oldi-sotdi bitimini ha­qi­qiy deb topgan.

Xulosa qilib aytganda, mulk hu­quqining bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tishida ol­di-sotdi shartnomasi o‘ta muhim o‘rin tutadi.

Ayniqsa, uy-joy oldi-sotdi shartnomasini tuzishda uning ishtirokchilari qonun talablariga qatiy rioya etishi, ushbu shartnomani haqiqiy emas deb topishga asos bo‘ladigan ho­latlarni tekshirib ko‘rishi, tuzilgan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishi qat’iy talab etiladi. Bu, o‘z navbatida, kelgusida nizo kelib chiqishi holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Akram Shukurov,
fuqarolik ishlari bo‘yicha
Jizzax viloyati sudining raisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring