Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eshonqulov ishga tiklandi

Eshonqulov ishga tiklandi

Foto: «Xabar.uz»

Keyingi paytlarda sudlarda ishlar videokonferensaloqa tizimida ko‘rilayotgani xo‘b ma’qul bo‘lyapti-da. Ayniqsa, bu Oliy sud sudyalari tomonidan ishlarni nazorat tartibida ko‘rib chiqishida fuqarolarga qator qulayliklar yaratmoqda. Taraflar ham ortiqcha xarajat, ham vaqt sarflab, poytaxtga kelib o‘tirmaydi.

Yaqinda videokonferensaloqa tizimida qashqadaryolik X.Eshonqulovga oid fuqarolik ishi ko‘rib chiqildi, deb xabar beradi Oliy sud matbuot xizmati.

Ish materiallaridan ma’lum bo‘lishicha, H.Eshonqulov 2014-yildan Qashqadaryo yuqori kuchlanishli hududiy tarmog‘i (TYuKT) tasarrufidagi «G‘uzor 500 kV» podstansiyasida idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash o‘qchisi vazifasida ishlab kelardi.

2018-yil 20-iyul kuni tonggi 5 yarimlarda Janubiy G‘arbiy magistral elektr tarmoqlari korxona direktori D.To‘rayev va 2-bo‘lim boshlig‘i A.Shamanov tomonidan ish joyida xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi. Tekshirish davomida A.Shamanov H.Eshonqulovning dam olish xonasiga bostirib kirib, uning ruxsatisiz foto va videoga tushirib, majburan tushuntirish xati oladi. Oradan uch kun o‘tib, 170-sonli buyruq chiqadi. 27-avgustda 209-sonli buyruq bilan H.Eshonqulov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi, ya’ni vazifasidan chetlashtiriladi.

H.Eshonqulov buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudiga da’vo arizasini beradi. Viloyat sudining 2018-yil 4-oktyabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vo talabi rad qilinadi hamda 22-noyabrdagi ajrim bilan sud qarori o‘zgarishsiz qoldiriladi.

Oliy sud ushbu ishni nazorat tartibida ko‘rib, Samarqand viloyat sudining birinchi instansiya sudi hal qiluv qarori va kassatsiya instansiyasi ajrimi bilan kelishmadi.

Amaldagi Mehnat kodeksining 182-moddasi 5-qismiga ko‘ra, intizomiy jazo bevosita nojo‘ya xatti-harakat aniqlangandan keyin, ammo bu xatti-harakat aniqlangandan boshlab, xodimning kasal yoki ta’tilda bo‘lgani vaqtini hisobga olmasdan, uzog‘i bilan bir oy ichida qo‘llanilishi belgilangan.

Mazkur holatda javobgarning belgilangan 1 oylik muddatda da’vogarning nojo‘ya xatti-harakati uchun intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganligi haqidagi vaji bilan kelishib bo‘lmaydi. Chunki, dastlab ish beruvchining 2018-yil 23-iyuldagi 170-sonli buyrug‘iga asosan H.Eshonqulovga mehnat intizomini qo‘pol ravishda buzganligi uchun 30 foiz jarima jazo chorasi berilgan, keyinchalik 1 avgustdagi 181-sonli buyrug‘iga ko‘ra, yuqoridagi buyruqqa o‘zgartirish kiritilib, 2018-yil 27-avgustdagi 209-sonli buyrug‘i bilan da’vogar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Vaholanki, sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakat 2018-yil 20-iyulda aniqlangan bo‘lib, intizomiy jazo bevosita ushbu kundan e’tiboran hisoblanishi lozim bo‘lsa-da, intizomiy javobgarlikka tortish masalasi qonunda belgilangan muddat o‘tib ketgach, ya’ni 2018-yil 27-avgustda hal qilingan.

Sud Mehnat kodeksining tegishli moddalariga asoslanib, sud qarorlarini bekor qildi. H.Eshonqulovning da’vo talabini qanoatlantirdi. Uni avvalgi ishiga tiklash haqida ajrim chiqardi. Ya’ni Janubiy G‘arbiy magistral elektr tarmoqlari korxonasi rahbarining 2018-yil 27-avgustda chiqargan 209-sonli buyrug‘i g‘ayriqonuniy deb topildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring