Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ertaga nima bo‘ladi?

Ertaga nima bo‘ladi?

Illyustrativ foto

Sayyoramizda shiddat bilan yoyilayotgan balo — koronavirus insoniyat oldiga bir qancha savollarni qo‘yib turibdi shu tobda. Birinchi savol: virusning yo‘li to‘sildimi?

Umidbaxsh xabarlar yo‘q emas, albatta. Biroq virus yo‘li to‘la-to‘kis to‘silgani haqida gapirishga hali erta. Davlatlar ko‘rayotgan choralarga qaramay, virus turli mamlakatlarda birma-bir paydo bo‘lyapti. Virusga chalinganlarni aniqlashda yuzaga keladigan mushkulliklar va uning yuqumliligi darajasini hisobga oladigan bo‘lsak, dunyo bo‘yicha ayni infeksiyani tashib yurganlar soni e’lon qilinganidan ancha ko‘p bo‘lishi ehtimoli katta.

Buni tan olish ma’qulmi yoki inkor qilish?

Virus tahdidi ommaning sarosimaga tushishi, ya’ni qo‘rquv ta’sirida kishilarda ongsiz harakatlar qilish ustun kelishi, bu esa ijtimoiy-iqtisodiy inqirozni va keyinchalik ijtimoiy-iqtisodiy kollapsni keltirib chiqarishi va vaziyatni yanada qiyinlashtirishi bilan ham qo‘rqinchlidir. Ammo bu yerda muhim savol bor — sarosima qayerdan kelib chiqadi, boshqacha aytganda, sarosimaning «ona»si nima?

Qo‘rquvning manbasi bu — mavhumlik. Masalan, qorong‘ulikdan qo‘rqish qorong‘u joyda nima borligini bilmaslikdan kelib chiqadi. Demak, qo‘rquv va undan kelib chiqadigan sarosimani yo‘qqa chiqaruvchi birgina omil — mavhumlik-qorong‘ulikni ketkazish, ya’ni vaziyatga oydinlik kiritish. Qorong‘u joyga nur taratsangiz, qo‘rquv ketadi. Hatto u yerda xavf turgan bo‘lsa-da, qo‘rquv birmuncha chekinadi.

Inchunun:

  • virus tahdididan paydo bo‘ladigan sarosimani oldini olish uchun aholini maksimal darajada virus haqida ma’lumotlar bilan qurollantirish;
  • kishilar xavf-xatar darajasi haqida voqelikka mos tasavvurga ega bo‘lishlarini ta’minlash lozim.

Holatni yashirish esa, aksincha, qo‘rquv va sarosimaning ko‘payishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, buning teppa-teskarisiga:

  • ilmsizlik sabab bir toifa kishilarning beg‘am bo‘lishiga,
  • xavfsizlik choralariga bepisandlik qiluvchilarning soni ko‘p bo‘lishiga olib keladi (bu esa o‘ta jiddiy salbiy omil).

Ilmsizlik natijasida kishilarda hosil bo‘ladigan e’tiborsizlik, beg‘amlik, xavfsizlik talab etuvchi tartiblarga amal qilmaslikka qarshi davlat tomonidan ko‘riladigan majburlov choralari esa katta kuch va mablag‘larni safarbar etishga olib boradi. Ammo shunda ham bunday choralar yaxshi natija keltirmasligi mumkin – mavhumlikda qolgan odamlarning bir qismi battar sarosimaga berilishlari mumkin.

Katta xatarlar — voqelik chaqiriqlari. Bu kabi chaqiriqlarga munosib javob berish keng ommaning ishi va ommaviy safarbarlikni talab qiladi — ba’zi tashkilotlarning ba’zi tadbirlari bilan ish bitmaydi. Ommaviy safarbarlik tushunchasi esa ommaviy onglilikni taqozo qiladi. Aynan ommaviy onglilikni oshirish xavfsizlik omillarining o‘z-o‘zidan ishga tushib ketishini ko‘p marotaba osonlashtiradi. Shuning uchun ommaviy axborot vositalari (ayniqsa televideniye) orqali:

birinchidan, koronavirus haqida, umuman, virus haqida, uning xatari, «ishlash» mexanizmi haqida tushunishga maksimal oson qilib tayorlangan chiqishlar (xususan, qisqa filmlar) qilinishi,

ikkinchidan, xatar darajasini ommaga boricha oshkor qilish lozim.

Jamiyat boshiga keladigan bunday sinovlar fuqarolar qay darajada ommaviy safarbarlikka tayyor ekanini ham ko‘rsatadi. Ammo bu hammasi emas. Safarbarlikka qodir bo‘lmagan har bir xalq, ayniqsa bunday xalqning oydinlarida buning sabablarini tahlil qilishiga fursat paydo bo‘ladi.

Moddiy farovonligidan birmuncha mast bo‘lib, hushyorligini yo‘qotgan Yevropa yoxud totalitar tuzumlar sharoitida faqatgina kuch bilan tartib saqlashga «qodir» bo‘lgan xalqlar o‘zining «usti-boshi»ga bir nazar solishining mavridi keldi, chamasi.

Katta xavflar yuzaga kelganda o‘tmishi buyuk xalqlarda birlashish, bir-birni qadriga yetish va, nimasini aytamiz, es-hushning joyiga kelishi kuzatiladi. Buning ortidan esa xalqning boshiga yaxshiliklar keladi.

Hozirda xalq, davlat, jamiyat ichidagi turli guruhlar bir-biriga yaqinlashishi, bir-birining qadriga yetishi, ko‘p narsani qaytadan o‘ylab ko‘rishi fursati keldi. Biz ham o‘tmishi buyuk xalqmiz, axir?!

Muhammad Shakur

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring