Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

Dunyo yangi urush arafasida... (birinchi qism)

Dunyo yangi urush arafasida... (birinchi qism)

Foto:«The Guardian»

Ispan mustamlakachilarining ayrim yo‘riqlaridan bugun ham yirik davlatlar foydalanadi. «Eldorado» — oltinni qo‘lga kiritish orzusi aynan ispan afsonalaridan kelib chiqqan. Eldorado dastlab ayrim toifa insonlar, so‘ngra imperiyalar, XVI asrga kelib esa barcha mustamlakachilarning orzusini ifodalovchi iboraga aylanib qoldi.

Yangi davrimizning eldoradosi aynan Arktika bo‘lishi mutaxassislar tomonidan ko‘p uqtirilmoqda. Arktikaning dengiz yo‘llari va strategik xom ashyolari jahon geografiyasida inqilob bo‘lishi oydinlashib borar ekan, buyuk davlatlarning ishtahasini qitiqlayotgan istaklar uchquni dunyoda yangi urush olovini alagalatmaydimi, degan xavotirlar tug‘iladi.

Abadiy muzliklarning erishi

Arktika geografik jihatdan shimoli-g‘arbiy va shimoli-sharqiy yo‘nalishlarda tahlil qilinadi. Asrlar osha eng yirik flotlar Atlantika va Tinch okeani o‘rtasidagi masofani tezroq suzib o‘tish uchun o‘z kemalarini ko‘proq shu tomonga burishni istashgan. Sietldan Osloga (Panama kanali orqali) shimoli-g‘arbiy yo‘nalish bo‘yicha 11 297 kilometr va Yokogamadan (Yaponiya) Rotterdamgacha shimoli-sharqda 12 038 kilometrlik suv yo‘li istalgan davlatning orzusidagi «oltin baliq» desak adashmaymiz. Umuman olganda, shimoliy yo‘nalishlar nazariy jihatdan jahon iqtisodiyotining tom ma’nodagi jon tomirlaridir. Yaqin vaqtgacha ushbu transport yo‘nalishlari deyarli umuman imkonsiz, muzliklarga cho‘mgan bu joylar avvallari hech kimga qiziq emas edi. Ammo… Abadiy muzliklarning erishi Arktikani yangi manfaatlar nuqtasiga aylantiryapti.

Shimoliy qutbda joylashgan, hatto Xitoyga o‘xshagan uzoq davlatlar, turgan gapki, bunday vaziyatda tinch o‘tirgan emas. Ularni tushunsa bo‘ladi — axir, Arktika ochilmagan qo‘riq, dunyoning boyliklari shu yerda to‘plangan.

AQSh Geologiya xizmati kashf qilinajak neft zaxiralarining 10 foizi va gaz zaxiralarining 29 foizi Arktika tubida yotganini 2008-yilda xomcho‘t qilgandi. Bugungi kunda ham Arktikaning ulushi chakkimas — jahon neft zaxiralarining 13 foizi, gaz zaxiralarining 30 foizi. O‘lka baliq resurslari, oltin, olmos, qalay, qo‘rg‘oshin, rux, nikel, temir, uranga juda boy. Buncha «shirinliklar» kimni ham qiziqtirmasligi mumkin?

Shuning uchun Arktika davlatlari (AQSh, Kanada, Daniya, Norvegiya, Rossiya) o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashdi. Umuman olganda, oxirgi yillarda «eldoradochilar» o‘rtasida nafaqat yerda, balki kosmosning ham u yoki bu qismini egallash uchun kurashlar qizigandan-qiziyapti. Bugungi kungacha yer yuzida (asosan davlatlar egallab turgan hududida) resurslarga bo‘lgan ehtiyojning u darajada yuqori emasligi umumiy mojaroni keltirib chiqarmagan edi. Arktika davlatlari, umuman olganda, tinch hamkorlik yo‘lida edilar. Shu sabab Arktika kengashi, Arktika mintaqasi parlamentlari konferensiyasi va Shimoliy forum kabi muassasalar tuzildi. Bular ishlamayapti deyishdan yiroqmiz, Rossiya va Norvegiya o‘rtasidagi Barens dengizi to‘g‘risidagi mojaro ham, asosan Shimoliy Muz okeanida mavjud bo‘lgan gidrologik manbalar tufayli 2010-yildagi mojaroni ham murosaga olib keldi. Xo‘sh unda nega yana vaziyat jiddiylashmoqda?

Uglevodorod resurslarining 95 foizi allaqachon mavjud EEZ tarkibiga kiritilgan. EEZ – bu «Exclusive economic zone» — Eksklyuziv iqtisodiy zona Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1982-yilgi Dengiz huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasida belgilangan dengiz zonasi bo‘lib, unga ko‘ra, suveren davlat dengiz resurslarini qidirish va ulardan foydalanish, jumladan, suv va shamoldan energiya ishlab chiqarishda alohida huquqlarga ega. Kelajak yoqilg‘isiga bo‘lgan ehtiyojning oshib borishi buyuk davlatchilik siyosatini olib borayotgan mamlakatlarda Arktikani egallashga undayotgan bo‘lsa ajabmas.

Ikkinchidan, Arktikaning eng muhim jihati joylashgan strategik o‘rnidir. Agar e’tibor bilan qarasangiz, Shimoliy muz okeanining muzlari erishi shimolda yangi suv yo‘lini hosil qiladi. Bu nima degani? Bu kelajakda kim shu suv yo‘lini nazorat qilsa, jahon savdosiga katta ta’sir o‘tkaza oladi degani. Shuning uchun ham Arktika masalasining oxiri urushga borib taqalishi ehtimoldan xoli emas.

Muz qatlamlarining erib ketishi yana bir katta muammoni tug‘diradi, ammo bu haqda maqolaning keyinrog‘ida gaplashamiz.

«Xrushchyovning botinkasi»

Tarixda «Xrushchyovning botinkasi» degan ibora bor. Sobiq ittifoq rahbari Nikita Xrushchyov 1960-yilda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh assambleyasining 902-umumiy yig‘ilishida Filippin delegati Lorenso Sumulonganing nutqiga norozilik bildirish uchun botinkasini yechib, BMT stoliga bir necha bor uradi (bu borada bir qancha qarashlar va fikrlar bor, ammo aynan dalillar keltirilmagan). O‘sha kuni «Vengriya masalasi» muhokamasi bo‘lib o‘tgan va Xrushchyov Sovet delegatsiyasining boshqa a’zolari bilan birgalikda har qanday yo‘l bilan uni buzishga uringan edi.

Ertasi kuni «The New York Times» gazetasi «Khrushchev Bangs His Shoe on Desk; Khrushchev Adds Shoe-Waving To His Heckling Antics at U.N.» sarlavhasi ostida maqola e’lon qildi.

Bekorga bu voqeani esga olmadik, zero, yaqin kelajakda ham Rossiya shimolda muhim davlat bo‘lishga intilishdan to‘xtamaydi. Agar NATO davlatlarining agressiyasi Arktikaga kuchayib borsa, Rossiyaning global harbiy strategiyasi ham shimolda hal qiluvchi rol o‘ynay boshlashini yodda tutish kerak. Rossiya shimolga qadamini ertaroq tashlashni boshlagan. Nufuzli OAVlarning xabarlariga ko‘ra, Kreml shimolda o‘z harbiy kuchini ko‘paytirmoqda. Rossiya Arktikasida qurollanish ham qo‘shnilar tomonidan harbiy sarmoyalarning ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Xo‘sh, bu qurollanish nima uchun? Qurol yaratilgach, undan foydalanishga harakat qilinadi, zero, «qinsiz qilich qonsirar» degan gap bekorgamas.

Foto:«The Guardian»

Shuningdek, Rossiya harbiylari Arktikada qanday strategik maqsadlarda harakat qilishi mumkinligini ko‘rib chiqish muhim. Rossiya tashqi siyosatdagi maqsadlariga erishish uchun harbiy kuchdan foydalanishi kutilmagan hodisa bo‘lmaydi. Rossiyaning Gruziya operatsiyalari, Qrimning qo‘shib olinishi, Sharqiy Ukrainadagi urush va Suriya hukumatini harbiy qo‘llab-quvvatlash kabi ishlari uning Arktikada ham shunday harakat qila olishini anglatadi. Xo‘sh, Ukraina va Gruziyada-ku davlat mavjud edi, ular qarshilik ko‘rsatdi, ammo hech kimi yo‘q Arktikani kim himoya qiladi?

Shimol kimga tegishli?

Arktika quruqlik, ichki suvlar, hududiy dengizlar, eksklyuziv iqtisodiy zonalar (EEZ) va Shimoliy qutb doirasi ustidagi xalqaro suvlardan iborat. Arktikadagi barcha quruqlik, ichki suvlar, hududiy dengizlar va EEZlar Arktikaning sakkizta qirg‘oq davlati: Kanada, Daniya (Grenlandiya orqali), Finlyandiya, Islandiya, Norvegiya, Rossiya, Shvetsiya va AQSh (Alyaska orqali) yurisdiksiyasini yuritadilar. Xalqaro huquq bu sohani Yerning boshqa qismlari singari tartibga soladi.

Xalqaro qonunga binoan Shimoliy qutb va Shimoliy Muz okeanining uni o‘rab turgan hududi hech bir davlatga tegishli emas. Atrofdagi beshta Arktika mamlakati 22 km ega bo‘lgan hududiy dengiz bilan va ularning dengiz sohillariga qo‘shni bo‘lgan 370 km eksklyuziv iqtisodiy zonasi (EEZ) bilan cheklangan. Hududiy dengizlardan tashqaridagi suvlar — qirg‘oq davlatlaridan 22 km uzoqlikdagi «ochiq dengiz» (ya’ni xalqaro suvlar) deb hisoblanadi. Suv va dengiz tubi eksklyuziv iqtisodiy zonalardan tashqarida kengaytirilgan kontinental shelf «butun insoniyat merosi» hisoblanadi. Ushbu suvlarda baliqchilik qilish faqat xalqaro shartnomalar bilan cheklanadi. Ushbu hududlarda dengiz tubida va undan pastda mineral resurslarni qidirish va ekspluatatsiya qilish BMTning dengiz tubi bo‘yicha xalqaro idorasi tomonidan boshqariladi.

BMTning Dengiz huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasi («United Nations Convention on the Law of the Sea») ratifikatsiya qilingandan so‘ng, bir mamlakat kengaytirilgan kontinental tokchaga da’vo qilish uchun o‘n yillik muhlatga ega, agar u tasdiqlansa, o‘sha davlatga dengiz tubida yoki uning ostidagi manbalarga eksklyuziv huquqlar beradi. Norvegiya, Rossiya, Kanada va Daniya o‘zlarining eksklyuziv iqtisodiy zonalaridan tashqarida kengaytirilgan kontinental tokchalarga dengiz tubi da’volariga asos bo‘lishga qaratilgan loyihalarni boshlaganlar. Biroq Amerika Qo‘shma Shtatlari «United Nations Convention on the Law of the Sea»ni imzolagan, ammo hali tasdiqlanmagan holda qolmoqda.

Shimolni egallash esa yana dolzarb. Eng xavfli jihati shundaki, Kreml shimolga daxldor, ammo NATOga a’zo bo‘lmagan Finlyandiya va Shvetsiyaga qarshi agressiv munosabatda bo‘lishi mumkinmi? Agar NATO ularni Rossiya agressiyasidan himoya qilmasa, ularni kim himoya qiladi? Yevropa Ittifoqi bunga aralasha oladimi? Arktika markazi direktori, Finlyandiyaning Lapland universiteti professori Timo Koivurova bu savolga shunday javob beradi: «Yo‘q. Negaki, Shimoliy Atlantika shartnomasining mashhur beshinchi moddasi ittifoqni Finlyandiya va Shvetsiyani himoya qilishga unday olmaydi».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring