Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Dunyo qo‘rquv iskanjasida. «Sovuq urush» yangi shaklda qaytmoqda (2-qism)

Dunyo qo‘rquv iskanjasida. «Sovuq urush» yangi shaklda qaytmoqda (2-qism)

Foto: «rusvesna.su»

AQSh va Rossiya joriy yilning fevral oyi boshida «O‘rta va yaqin uzoqlikdagi raketalarni yo‘q qilish haqidagi bitim»dan chiqishga qaror qilgani, ushbu tarixiy bitim va undan voz kechilishining insoniyat taqdiriga tug‘diradigan xavfi haqidagi maqolaning dastlabki qismini e’lon qilgandik.


Dunyo qo‘rquv iskanjasida. «Sovuq urush» yangi shaklda qaytmoqda (1-qism)


Quyida tahlilning ikkinchi qismi bilan tanishasiz.

Har boshda har turli fikr...

Yevropa xavfsizlik tizimining mustahkam tayanchlaridan biri bo‘lgan shartnomadan chiqish bo‘yicha intilishini turli arboblar turlicha baholamoqda.

9M729 qanotli raketaci. Foto: «BBC»

Masalan, Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas AQShni qo‘llab-quvvatladi. Germaniya bundestagi deputatlari Roderix Kizevetter va Rolf Myutsenix janoblari 9M729 qanotli raketalari nemislargacha yetib bormasligi uchun Rossiyani qurolni Yevropadan ancha uzoqda, Ural tog‘lari ortiga saqlashga chaqirdi.  

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Jeremi Xant esa shartnoma ijrosini to‘xtatish bo‘yicha AQShning pozitsiyasiga to‘liq xayrixohligini izhor qildi.

Polsha tashqi ishlar vaziri Yasek Chaputovich shartnoma bilan bog‘liq hozirgi holatda Yevropa uchun eng to‘g‘ri qaror – yadro kallaklariga ega bo‘lgan Amerika raketalarini qit’ada joylashtirishdir, deb izoh berdi.

Yadro kallaklariga ega bo‘lgan Amerika raketalari. Foto: «Korrespondent.net»

Chexiya bosh vaziri Andrey Babish Rossiya va AQSh o‘rtasida majburiyatlardan soqitlik muhiti paydo bo‘lishini afsus bilan qarshi oldi va amaldagi kelishuvni saqlab qolish juda zarurdir, dedi.  

Avstriya tashqi ishlar vaziri Karin Knaysl esa AQShning qarori afsus uyg‘otishini va jiddiy xavotirga asos yaratishini ta’kidladi.

Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Margot Vallstryom yadro qurollari ustidan nazoratning hozirgi holatidan halovatini yo‘qotganini yashirmadi.

Shveysariya yaqin olti oy ichida AQSh va Rossiya kabi davlatlar shartnomani saqlab qolish yo‘lini topishiga umid qildi.

Ispaniya tashqi ishlar vaziri Jozep Borrel shartnomaning to‘xtatilishini juda yomon yangilik va dunyodagi beqarorlikni yanada kuchaytiradi, deb hisoblaydi.

Xitoy tomoniga AQShning bu harakatlari sira ma’qul kelmagan va qarama-qarshilik bo‘yicha tomonlarni muloqotga chaqirmoqda.

Eron AQShning ushbu niyatini global ziddiyatni taranglashtirish va jahonda yakkahokimlikka intilish sifatida qoraladi.

NATO va Yaponiya esa har qanday sharoitda ham AQShning qarorini qo‘llab-quvvatlaydi. Osiyo-tinch okeani mintaqasida Yaponiya nafaqat AQSh-Rossiya munosabatlarining, balki AQSh-Xitoy manfaatlari to‘qnashuvining yangi maydonchasiga aylanib qolishdan hadikda.

Qurollanishning yangi poygasimi?

Bu bilan yadro quroli urushi xavfi ortadi. Yevropani qo‘rquv iskanjasida ushlagan «sovuq urush» davri yangi shaklda qaytmoqda. Bu orqali so‘nggi paytlarda o‘z armiyasiga ega bo‘lish haqida baralla so‘z yuritayotgan yevropalik arboblarga rasmiy Vashington aslida NATOning egasi kimligini, butun Yevropa uchun harbiy mas’uliyat kimning zimmasida ekanligini ko‘rsatib qo‘ymoqda.

NATO qarorgohi. Foto: «Ukrinform»

Bu orqali AQSh o‘zining 750 milliard dollarga ko‘tarilayotgan mudofaa xarajatlarining bir qismini Yevropadagi ittifoqchilari zimmasiga yuklaydi. NATOga a’zomisiz, xavf-xatar o‘smoqda, kechirasiz, o‘z xavfsizligingiz xarajatini qoplab qo‘ying...

Qurol-aslaha sotish bo‘yicha ham yaxshigina buyurtmalarga ega bo‘ladi va amerika kompaniyalarining bozori uchadi. Tramp uchun bu yaqinlashib kelayotgan navbatdagi prezidentlik saylovlar oldidan yaxshigina siyosiy dividend keltirishi mumkin.

Ayrim xalqaro ekspertlar endi bu raketalar faqatgina Rossiyaga qaratilmagan, deyishmoqda. U Xitoyni va Shimoliy Koreyaning yadro qurolini ishlatishdan tiyishni ham ko‘zlamoqda. Masalan, Xitoyning 90 foiz yadro salohiyati aynan yaqin va o‘rta masofadagi raketalarda. U uzog‘i bilan Guamgacha yetib boradi.

AQSh ham uning atrofida o‘ziga xos himoya qalqoni hosil qilishni istamoqda. Shu ma’noda amerikaliklar bu raketalarni Osiyodagi Janubiy Koreya, Yaponiya va Filippinga keltirib o‘rnatishi va shartnomaga qo‘shilmagan Pekinga kuchli pressing qo‘llashi mumkin.

Xitoy raketalari. Foto: «News Front»

Shartnomadan chiqish ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik va uni nazorat qilish bo‘yicha mavjud tartiblarning izdan chiqaradi, raketa texnologiyalari sohasida yangi qurollanish poygasini boshlaydi.

Xususan, global xavfsizlik sohasida katta ahamiyatga ega Strategik hujum qurollari bo‘yicha shartnoma muddati 2021-yilda tugaydi. Shu choqqacha u yana besh yilga uzaytiriladimi-yo‘qmi, ochiq qolayotgan edi.

Hozir AQSh Prezidenti Tramp va uning Milliy xavfsizlik bo‘yicha yangi maslahatchisi Jon Bolton janoblari Amerika uchun har qanday cheklov va qurol-yaroq ustidan nazorat tizimlariga qarshi bo‘lishmoqda. Vaziyat taranglashsa, tomonlar mazkur muhim hujjatdan ham chiqib ketishi muqarrar.

Laziz Hasan o‘g‘li

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring