Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Deputatlarning mashina pardalari bo‘yicha taklifi haqida

Deputatlarning mashina pardalari bo‘yicha taklifi haqida

Foto: Olx.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning xabar qilishicha, bir guruh deputatlar tomonidan vakolatli davlat organlariga haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni 8 tadan oshmaydigan avtotransport vositalari uchun ikki yoniga o‘rnatilgan orqa tomon ko‘rinishini ta’minlaydigan tashqi ko‘zguni HAYDOVChINING O‘RNIDAN KO‘RIShGA halaqit bermagan HOLDA ORQA VA YoN OYNALARIGA ChIY PARDA YoKI DARPARDA o‘rnatishga BEPUL ASOSDA ruxsat berishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritish haqidagi takliflar taqdim etilibdi.

4 nafar deputatlarimizning ushbu taklifi hamda kezi kelganda jasorati tahsinga sazovor. Ko‘p ming sonli xalqning dardini yozishibdi. Yuzlab «soqov» deputatlarimiz orasida barmoq bilan sanarli tashabbuskorlari borligiga ham shukr.

Ammo 2 ta jihatdan ularning fikriga e’tirozim bor:

Birinchidan, orqa va yon oynalarga pardaga ruxsat berishni so‘ralgani g‘alati, chunki qonunchilikda bunga TAQIQ YO‘Q! Orqa oyna bo‘yicha qoidalarda «RUXSAT BERILADI» deb aniq va tiniq yozib qo‘yilgan. Orqa oynasiga tim qora parda o‘rnatganlarga ham hech kim jarima solmaydi. Bunda muammo yo‘q.

Yon oynalarga kelsak, orqa eshikka parda o‘rnatish bo‘yicha ham qonunchilikda taqiq yo‘q. Bu haqida Kun.uzdagi maqolamda batafsil yozganman.

Demak, orqa eshikka va orqa oynaga parda o‘rnatish uchun qonunchilikda taqiq yo‘q ekan, unda nima uchun yana ruxsat berishni so‘rash kerak, shunisiga tushunmadim. Amerikani qayta kashf etishga o‘xshab qolyapti bu.

Mening fikrimcha, masalaga boshqacharoq yondoshish kerak.

Muammo nimada? Muammo shundaki, qonunchilikni noto‘g‘ri talqin qilishi natijasida yo‘l patrul xizmati inspektorlari orqa eshikka parda o‘rnatish mumkin emas, degan noqonuniy talabni qo‘yishadi va ma’muriy bayonnoma tuzishadi. Ma’muriy sudlar esa masalani yuzaki ko‘rib chiqib, haydovchilarga ma’muriy jazo tayinlashadi.

Shu sababli deputatlarimiz eng avvalo Oliy sudga so‘rov yuborishlari kerak. Oliy suddagi mas’ullar ushbu masalani qonunchilik nuqtai nazaridan batafsil ko‘rib chiqib, barcha ma’muriy sudlarga orqa eshikka parda o‘rnatganlarni javobgarlikka tortish masalasiga oid tushuntirish, yo‘nalish berishi lozim.

Shuningdek, YHXBBga so‘rov chiqarib, qaysi asosga ko‘ra orqa eshikka parda o‘rnatganlarga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilayotgani haqida tushuntirish so‘rash kerak.

Lekin zinhor orqa va orqa yon oynalarga parda o‘rnatishga ruxsat so‘rash kerak emas! Chunki ruxsat bor! Qonunchiligimiz buni taqiqlamaydi! Deputatlarning ruxsat so‘rab yozgan so‘rovi aksincha ularning tegirmoniga suv qo‘yadi.

Old yon oynaga parda o‘rnatishga ruxsat berishni so‘rash – bu mantiqiy. Chunki haydovchining yonidagi oynalarga parda o‘rnatish qonunchilik bo‘yicha ham mumkin emas, bunisi to‘g‘ri.

Ikkinchi e’tirozim esa, deputatlar eng avvalo o‘zlari qabul qilgan qonunni qayta ko‘rib chiqishlari kerak. Orqa eshikka parda o‘rnatganlik uchun 5 mln so‘m (1-avgustdan 5 mln 500 ming so‘m) jarimani qaysi vijdon bilan tasdiqlashgani menga qorong‘u. Bu hech qaysi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Bor gap shu...

P.S.: Parda haqidagi maqolam chiqqaniga salkam 2 hafta bo‘ldi. YHXBB Matbuot xizmati ushbu maqolaga tez orada rasmiy munosabat berilishini ta’kidlagan edi. Hozircha ushbu munosabatni intiqlik bilan kutyapmiz. Va duo qilamizki, zora mas’ullarga insof kirib, xalq foydasi uchun ijobiy to‘xtamga kelishsa...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring