Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Deputat bo‘lib ko‘p narsa yo‘qotdim»

«Deputat bo‘lib ko‘p narsa yo‘qotdim»

Foto: «IA Regnum»

Odamlarning muammosini hal qilaman deb, o‘zi muammolar qurshovida qolgan deputat navbatdagi saylovda nomzodini qo‘ymoqchi emas.

Shu yilning dekabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo‘lib o‘tadi. Avvalgilariga qaraganada «boshqacha» o‘tishi kutilayotgan saylovda endi tepadan «shu nomzod o‘tishi shart» degan buyruqlar bo‘lmasligiga umid bor harqalay. Prezidentimiz aytganidek, shu paytgacha nomzodi so‘zsiz «qo‘llab-quvvatlangan» «hokimbuva»lar ham endi deputatlikka ko‘rsatilmaydi. Endi bizga oyog‘i yerdan uzilgan deputatlar kerak emas.

Hali saylov kampaniyasiga rasman start berilmagan bo‘lsa-da, nomzodlarni saralash ishlari boshlab yuborilgan. Albatta, partiyalar ham birinchi navbatda shu kunlarda deputatlik maqomiga ega bo‘lib, xalqning ishonchini oqlagan xalq vakillarining nomzodini ilgari surishi turgan gap.

Yaqinda partiya tadbirlaridan birida O‘zMTDPdan xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashiga 18-Fitrat okrugidan saylangan deputat Qahramon Karimov bilan uchrashib qoldim va navbatdagi saylovga nomzodi qo‘yilgan-qo‘yilmagani bilan qiziqdim.

Deputat og‘ir o‘ksinib oldi-da:

— E-e, bu galgi saylovga nomzodimni qo‘ymasam kerak. Charchadim, endi tinchgina o‘z soham bo‘yicha ishlasam deyman, — dedi xafa bo‘lgandek bo‘lib.

— Okrugingizda ko‘pchilik sizni biladi, hurmat qiladi, nomzodingizni qo‘ysangiz bu gal ham balki g‘alaba qozonasiz. 

— To‘g‘ri, saylovchilarimdan ko‘nglim to‘q. Ammo shu ikki yil ichida deputat bo‘lib topganimdan shaxsiy yo‘qotishlarim ko‘p bo‘ldi. Kichik bo‘lsa-da, mansabimni topshirdim, maoshim kamayib ketdi, eng yomoni, sog‘lig‘imni yo‘qotdim.

— Nima, ishxonangizda muammo tug‘ildimi?  

— Bilasiz, «O‘zbekneftegaz» AJga qarashli «Avtogazta’minot» MChJda 2005 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelaman. Ishimga doimo vijdonan yondashib, halol bajarib kelganman. Deputatning yugur-yugurlari ko‘p: tuman kengashi sessiyalarida ishtirok etishga majbur, har haftada bir marta saylovchilar bilan uchrashishi kerak, partiya tadbirlari, har xil yig‘inlar. Buning uchun rahbaringizdan ijozat olishingiz zarur, ba’zan ruxsat bermaydi. Goho qilib o‘tirgan ishingizni tashlab, qabulingizga kelgan fuqaro bilan gaplashishga majbur bo‘lasiz.

Deputatning birinchi rahbar bo‘lgani yaxshi ekan, hech kimning qosh-qovog‘iga qaramay xohlagan paytingizda saylovchilaringiz oldiga chiqib ketaverasiz. Ammo tepangizda boshliq bo‘lsa-yu, sizning har qadamingizni kuzatib tursa, kamiga kunora kayfiyatingizni buzib, majlislarda kap-katta odamni turg‘azib uyaltirsa – ishdan ham ko‘ngil qolarkan. Hatto korxona direktori bir necha bor «Juda charchab, qarib qolibsiz, sizga shu deputatlik nima beradi, kerakmi sizga?», deya tanbeh ham berdi. Oxiri pichoq suyagiga borib taqaldimi, rahbarim: «Deputatlik faoliyating jonimga tegdi! Menga sening deputatliging kerak emas, yo ishda o‘tirasan, yo...», deb haqoratlashgacha bordi. Majlisda masalam ko‘rilib, Mehnat kodeksining 181, 182 bandlarini buzganim uchun «hayfsan» berishdi.

«Saylovchilarim tez-tez keladi, ularni alohida xonada qabul qilishim kerak», degan gap-so‘zlarimga ham quloq tutmay, to‘rt kishi bazo‘r o‘tiradigan boshqa xonaga ko‘chishim kerakligini aytishdi.

Albatta, rahbarning talabini to‘g‘ri tushunaman. U ham shaxsiy ishini talab qilayotgani yo‘q. Lekin men deputatman, saylovchilarim manfaati uchun ham xizmat qilishim kerak.

— Nahotki direktoringiz «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunidan xabardor bo‘lmasa?! Sizga deputatlik faoliyatingiz uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga majbur va bu qonunan tasdiqlangan. Qolaversa, bugun xalq vakilllari ham uyma-uy yurib aholi muammolarini o‘rganishi, ularning yechimini topib, joyida hal qilish choralarini ko‘rishi ayni siyosatimizning eng ustivor vazifasi sifatida belgilangan-ku! 

—  Siz aytgan qonundan ko‘chirma olib, rahbarimizga yetkazdim ham. O‘zMTDP Markaziy kengashiga ham bu haqda ma’lum qildim. Ular ham «tepa»dan kimlarnidir aralashtirib, rahbarimga qo‘ng‘iroq qilishdi. «Endi bemalol asosiy ishingiz bilan ham, deputatlik faoliyatingiz bilan ham shug‘ullanavering, sizni qonun himoya qiladi», deyishdi. «Endi qulog‘im tinch bo‘ldi», deb chuchvarani xom sanagan ekanman. Vaziyat yumshash o‘rniga battar taranglashdi. «Hoziroq arizangizni yozing, bizga «tepa»ga arz qiladigan xodim kerak emas», deyishdi.

Shu kuni qon bosimim ko‘tarilib, bir hafta davolanishga majbur bo‘ldim. Fitrat mahallasi raisi, faollar kelib holimdan xabar olib ketishdi. «Endi deputatlikdan voz kechaman» deb qat’iy qarorga keldim. Bunga qarshi bo‘lgan mahalla ahli yig‘ilib, partiya Toshkent shahar kengashiga ham borgan ekan. Buni O‘zMTDP rahbarilari eshitib, yana «kim»largadir chiqishgan. Ertasi kuni rahbarim qo‘ng‘iroq qilib, tezroq ishga chiqishimni so‘radi.

«Endi insofga kelib qolibdi-yov», degan o‘yda sog‘lig‘imni to‘la tiklab-tiklamay ishga ham chiqdim. «Mayli, xohlagan paytingizda xalq dardi bilan shug‘ullanavering, faqat qachon, qayerga ketayotganingizni men bilay», dedi muloyim ohangda. Ammo meni bo‘lim boshlig‘i lavozimidan bo‘shatib, bosh mutaxassislikka tushirib bo‘lgan edi, maoshim ham kamaydi. Bosh omon bo‘lsa, ko‘raverar ekansiz. Noiloj ishsiz qolmaslik uchun rozi bo‘lishdan boshqa ilojim qolmagan edi.

— Eshitishimcha, mahalliy rahbarlar bilan ham munosabatingiz yaxshi emas ekan?

— Hadeb aholi mummolarini ko‘tarib boraversang, mahalliy rahbarlarga ham yoqmay qolarkansan.

Maqtanmoqchi emasman, deputatlik faoliyatim davomida uyma-uy yurib, jami mingdan ortiq xonadonga kirib chiqdim. Fuqarolarning 500 ga yaqin muammosiga yechim topdim. Shu kunga qadar jami 200 dan ortiq fuqaroni qabul qildim va barcha murojaatlari ijobiy hal etildi, 38 nafar fuqaroni ishga joylashtirdim. Buning uchun davlat idoralari eshigini bir necha bor taqillatishga majbur bo‘ldim. Deputatlik so‘rovlarimga belgilangan muddatda javob bermaydi. Bergani ham va’dasini vaqtida yoki umuman bajarmaydi. Odamlarni esa hozir rahbarlar orasida urfga kirgan gap: «Muammoning ikkinchi yarim yillik dasturiga kiritilibdi, yil oxirigacha qilishga va’da berdi» deb aldab bo‘lmaydi. Yoqtirmasa-da, aholini o‘ylab qonunni ro‘kach qilib, rahbarlardan qayta-qayta talab qilaverasiz va otning «qashqasi»ga aylanasiz.

Mahallada ishsiz yurgan besh yigitni «Toshkent siti»ga ishga joylashtirish uchun qariyb ikki oy yugurdim. Lekin foydasi bo‘lmadi. U yerga oddiy «qora ish»ga joylashish uchun ham yaxshigina tanish kerak ekan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Yaqinda tuman hokimi ishonch bildirib, kommunal bo‘yicha o‘rinbosarlik lavozimiga taklif qildi. Ammo rad etdim. Hokimiyatda kommunal yo‘nalish bo‘yicha ishlar va muammolar o‘z yechimini topmayapti, muhit yaxshi emas. Kechagina o‘qishni bitirib kelgan farzandingiz qatori yigitlar go‘yoki sizni o‘zlari deputat qilib saylab qo‘ygandek qo‘pol muomala qilishadi, aql o‘rgatishadi. Qo‘lidan biron tayinli ish kelsa, hurmatini joyiga qo‘yasiz, axir ular hokimiyat vakillari! Faqat buyruq berib, bajarmasangiz do‘q qilishni biladi, xolos.

— Nazarimda bugun deputatlar asosiy vazifasi qolib, ijtimoiy muammolar bilan o‘ralashib qolgandek?

— To‘g‘ri, biz birinchi navbatda qonun, qaror, farmoyish va davlat dasturlarining joylarda ijrosini nazorat qilishimiz, ijro hokimiyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishimiz lozim. Ammo odamlar sizni o‘z vakili qilib sayladimi, birinchi navbatda ularning manfaatlarini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatishingiz kerak. Qolaversa, keyingi paytlarda qabul qilanyotgan huquqiy hujjatlarning asosiy qismi ijtimoiy masalalarda bo‘lmoqda. Chunki yillar davomida aholi turmushida shunchalik ko‘p ijtimoiy muammolar yig‘ilib qolgan ekanki, bugun hokimiyat vakillari, tegishli idoralar qaysi birini qanday hal qilishni bilmay boshi qotgan. Aksariyat aholi murojaatlari e’tiborsiz qoldirilyapti. Avval mablag‘ bilan bog‘lardik. Endi esa mahalliy budjetda ham milliard-milliard so‘m qolyapti-ku! Hokimliklarga mustaqil ishlatish huquqi berilgan. Shunday paytlarda biz o‘z vakolatimiz doirasida davlat idoralariga ta’sir o‘tkazib, odamlarni qiynayotgan masalalarga ijobiy yechim topishga harakat qilayapmiz, lekin ayrimlarga yoqmayapmiz.

Prezidentimiz ham so‘nggi yillarda partiya va deputatlarga yanada ko‘proq huquq va erkinlik berishga harakat qilayapti. Chunki xalq vakillariga ayrim vazirlik va davlat idoralari, mahalliy hokimliklar tomonidan ba’zan oshkora, ba’zan xufyona tarzda asossiz qarshiliklar hamon davom etayapti. Shu sabab, shaxsan Prezidentning o‘zi rahbarlarning deputatlar oldidagi mas’uliyati va javobgarligini yanada kuchaytirish choralarini ko‘ryapti.

Albatta, biz ham aholi murojaatlaridan kelib chiqib yozilgan deputatlik so‘rovlariga o‘z vaqtida va amaliy javob qaytarilishini xohlaymiz. Hokimiyat vakillari, idoralar rahbarlari ham deputatlarga yaxshi munosabatda bo‘lib, muammolarni bamaslahat hal qilish choralarini ko‘rishini istaymiz. Chunki, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi lozim. Bu g‘oya ostidagi sa’y-harakatlar mashaqqatlar bilan amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, albatta tez orada haqiqiy ijrosini topadi. Zero, bugun mamlakatimizda barcha sohalarda izchil islohotlar amalga oshirilyapti. Bundan ko‘zlangan bosh maqsad — inson manfaatlarini ta’minlash, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratish, har bir o‘tayotgan kunidan rozi qilishdir. Odamlar faqat ertaga emas, bugun ham yaxshi yashashga, erkin va faravon hayot kechirishga haqli.

P.S: Qahramon Karimovning deputatlik faoliyati bilan bog‘liq bunday muammoli vaziyatlar haqida yozish va yozmaslik haqida juda ko‘p o‘yladim. Yozsam ko‘pchilik xuddi deputat rahbarining ustidan shikoyat qilibdi, degan xulosaga borishi mumkin. Yozmasam ayrim rahbarlar haqiqatan ham deputatlarga qonun doirasida munosabatda bo‘lmayapti. Bu haqda bilsak-da, shu paytgacha «jim» yurdik. Xuddi deputat shaxsiy muammolarini ko‘tarib chiqayotgandek.

Ravshan Mahmudov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring