Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Davlatnikini o‘marsa bo‘ladi» — mutasaddi nega shunday o‘ylaydi?

«Davlatnikini o‘marsa bo‘ladi» — mutasaddi nega shunday o‘ylaydi?

Foto: «opentown.org»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-yanvar kuni qurilish sohasidagi islohotlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilish tafsilotlari ommaviy axborot vositalarida yoritildi.

Majlisda qayd etilgan kamchiliklarni va berilgan ko‘rsatmalarni qo‘llab-quvvatlagan holda, aytish kerakki, barcha sohalarda bo‘lgani kabi qurilishlar yo‘nalishida kechayotgan jarayonlar umuman mamlakatda o‘tkazilishi e’lon qilinayotgan keng ko‘lamli kompleks islohotlar taqdiriga bog‘liqdir. Haqqoniy parlament, mustaqil sud va ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati va rostakamiga yo‘lga qo‘yilgan jamoatchilik nazorati, korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitisiz islohotlar amalga oshishi gumondir. Iqtisodiy islohotlar taqdiri siyosiy, ma’muriy, mulkiy islohotlarsiz amalga oshmasligi ayon haqiqatdir.

Eng muhim masalalardan biri mamlakatda monopoliyaga va korrupsiyaga qarshi kurashdir.

Qurilish sohasida nimalardan noliymiz? Malakasiz ishchilar, sifatsiz materiallar, pala-partishlik, nazoratsizlik... Shu muammolarning ildiziga qaraylik. Hammasi budjetdan pul ajratilganda boshlanadi.

«Davlatning puli, davlatdan o‘marsa bo‘laveradi, davlatning puli ko‘p va qaytib so‘raydigani yo‘q...» degan aslan noto‘g‘ri tafakkur bor. Davlatning budjeti puli aslan biz to‘lagan soliqlardan, bojlardan, to‘lovlardan to‘plangan puldir.

Davlatning o‘z biznesi bor, albatta. Masalan, «O‘zbekiston havo yo‘llari», «O‘zavtosanoat», «O‘zbekiston temir yo‘llari» va bir qancha davlat ulushi bor korxonalar – davlat ulushiga ega bu xo‘jalik sub’yektlariga kelsak, ularning hammasi, berilgan imtiyozlar va ustuvorliklarga, monopol sharoitlarga qaramasdan, bankrotlik holatidaligini, soliq, boj imtiyozlarisiz yashay olmasligini aytadi, ya’ni biz budjetga ozgina topganimizdan soliq to‘laymiz, bu ulkan korxonalar milliardlab aylanmasidan soliq to‘lamaydi. Davlat kuchli biznesmen emasligi ayondir va buning ildizi ham «davlatnikini o‘marsa bo‘ladi» degan kayfiyatda o‘tirgan davlat korxonasining mutasaddilaridir. Inson mulki va xususiy korxonasi bo‘lganda, xususiy mulkchilik va tadbirkorlikka keng yo‘l qo‘yilganda bu suiiste’molchiliklar bo‘lmasdi, inson o‘zi o‘zinikini o‘marmaydi.  

Masalan, inson o‘zi uchun uy qursa, uni pala-partish quradimi?! Axir, unda farzandlari yashaydi-ku. Bolalarini tom bosib qolsa, nima bo‘ladi?! Qurilishga ajratgan o‘z pulini o‘marish, «otkat» olish uchun ikki g‘ishtli yerga bir g‘isht qo‘yib, tomni armaturasiz plitadan quradimi?! Yo‘q! Aslo! Ijtimoiy tarmoqda qurilish tashkiloti ichida armaturasiz beton plitalardan qurayotgan uy videotasvirini ko‘rdik-ku...

Avvalo budjetdan qurilishga ajratilgan puldan foydalanish uchun da’vogar qurilish firmalari va tashkilotlariga pul tanish-bilishchilik, qavm-qarindoshchilik, hokimiyatga yaqinlik asosida ajratiladi va mablag‘ning bir salmoqli qismi shu yerda gumdon bo‘ladi. Va bu «xarajat»ni qoplash uchun qurilish tashkiloti materialdan, ish haqidan uradi – arzon va shu tufayli sifatsiz materiallarni ishlatadi hamda bir sira surilgan bo‘yoqni «uch sira» surildi deb rasmiylashtiradi, beton uchun qumga sementni uch-to‘rtga bir emas, o‘nga bir soladi. Malakali quruvchiga munosib maosh berish kerak, u kamiga ishga kelmaydi, shuning uchun mardikor bozoridagi bu kasbga malakasi bo‘lmaganlarni arzonga yollaydi. Axir, tepaga uzatgan qurilish tashkiloti mutasaddilarining ham o‘z nafsi bor, qolaversa, agar «o‘marish» imkoni bo‘lmaganda tepaga berib buyurtmani olmasdi. Manfaati bo‘lmasa, o‘z-o‘zidan arzon materiallar va malakasiz ishchilarni olarmidi, pala-partish ishlarmadi?!

E’tibor qiling, xususiy firmalar uy qurib, sotadi – sifatsiz bo‘lsa, xaridor olmaydi, shuning uchun imkon qadar baquvvat va, tabiiyki, qimmat quradi. Albatta, bu uylar hali vaqt va jiddiyroq zilzila sinovidan o‘tmadi. Agar biror firmaning uyi qulab tushsa yoki bo‘linib, yorilib ketsa, odamlar bu firma qurgan uylarni olmay qo‘yadi. Xususiy qurilish firmasi egasining topgan-tutgani yo‘q, o‘zi xonavayron bo‘ladi. Xuddi kolbasasi ichidan eshak go‘shti chiqqach, to‘xtagan va yo‘q bo‘lgan firmalar kabi. Xususiy mulk egasi o‘z firmasining obro‘si va mulkining rivoji uchun qayg‘uradi. Davlat budjetiga doxil, davlat pulini (aslida soliq to‘layotgan xalq pulini) tasarruf etayotgan mutasaddilar esa «ko‘proq yulish» uchun tashvishdadir. Buni turli qarorlar, majlislar, baqir-chaqirlar bilan to‘xtatish imkonsiz ekani ko‘p yillar davomida isbotlangan holatdir.  

Pala-partish ishlashning yana bir sababi bizdagi «bayram»larga, «falon sana»largacha shoshilib qurish, «tasmani tantanali kesish» talabidir. Bola to‘qqiz oyda tug‘ilgani kabi, binolar o‘z muddatida bitishi kerak. Pala-partishlikning oqibati halokatlidir.

Bu kamchiliklarni «qat’iy nazorat» qilish masalasi-chi?! Nazorat haqida o‘ylaganda, bir gurji rivoyati yodimga tushadi. Uzumzor bog‘lari bor, sharobchilik bilan shug‘ullanadigan boy bog‘bon salqin yerto‘ladagi sharob to‘la ulkan xumlarni qo‘riqlash, qarash uchun qorovul yollabdi. Bir kuni yerto‘laga tushsa, katta bir xumning ortida bitta piyola turganmish, piyolaning tagi nam, sharob yuqi edi. Demak, qo‘riqchi qorovulning o‘zi o‘g‘ridir. U qorovulni nazorat qilish uchun bir ishchini yollabdi. Xotirjam kunlarning birida yerto‘laga tushsa, xumning ortida endi tagi nam bo‘lgan ikkita piyola turar edi...

«Hududlardagi barcha qurilishlar yagona buyurtmachi xizmati tashkilotlariga topshirib qo‘yilgani» ham vaziyatni o‘nglamadi. Nazoratchining nafsi bor va u ham «og‘izsiz» tug‘ilmagan. Turli inspeksiyalar ham shu kabidir.

Bu chorasizlikning chorasi bormi? Bor! Bu islohotlarni izchil, kompleks, universal xodisa ekanligini anglash va harakat qilishdir. Haqqoniy, turli fikrlarga yo‘l beradigan, rostini  aytishdan qo‘rqmaydigan real parlament, hokimlar aytgan odamni emas, qonunbuzarni jazolaydigan mustaqil sudlar, erkin ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining yasama, xo‘jako‘rsinga bo‘lmagan jamoatchilik nazoratidir.

«Jamoat nazoratchilarining, ommaviy axborot vositalarining nafsi yo‘qmi?» – degan savol tug‘ilishi mumkin. Sinoat shundaki, agar matbuot ham bir qo‘lda jamlansa va u qo‘l imzosi bilan ishlasa, u qo‘l egasining nafsi hukmron bo‘lishi mumkin. Ammo chinakam so‘z erkinligi sharoitida bu jurnalistning og‘zi berkitilgani, u blogerning labi moylangani yoki qo‘rqitilgani bilan mavzuni boshqa bir jurnalist yoki bloger davom ettiradi – global tarmoqlar va ommaviy kommunikatsiyalar davrida minglab jurnalistlar va blogerlarning hammasini sotib olish yoki qo‘rqitishning imkoni yo‘qdir. 

Davlat budjeti – xalqimizning, hammamizning mablag‘imizdir. Hammamiz unga ko‘z-quloq bo‘lishimiz kerak. O‘z boyligimizga, o‘z yurtimizga, o‘z davlatimizga, tilimizga, dinimizga va sha’nimizga sohib chiqishimiz kerak. Shuning uchun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya bayrami kunidagi nutqida «Jamoat nazorati va ommaviy axborot vositalari erkinligi masalasida ortga qaytish yo‘q», dedi. Biz shunga ishonyapmiz va umid qilmoqdamiz. Qo‘rquvimizning chekingani va jasoratimizning yuz ko‘rsatayotgani shu tufaylidir.

Karim Bahriyev, ekspert

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring