Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sobiq prezident qamoqqa olindi. Endi siyosiy vaziyat qanday tus oladi? (2-maqola)

Sobiq prezident qamoqqa olindi. Endi siyosiy vaziyat qanday tus oladi? (2-maqola)

Foto: regnum.ru

Markaziy Osiyo zamonaviy tarixida birinchi marta sobiq prezident hibsga olindi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tergov izolyatorida saqlanayotgan siyosatchisiga birvarakayiga 14 ta ayb qo‘yilmoqda.

1-maqolani o‘qing: Sobiq prezident qamoqqa olindi

Sotsial-demokratlar ichidagi inqiroz

Mamlakatda qiziq vaziyat yuzaga keldi. Sotsial-demokratlar partiyasi parlamentda asosiy kuch bo‘lib, siyosiy elitaning barcha namoyondalari ushbu partiya vakilidir. Uning yetakchisi Atambayev esa partiyaning muxolifati sifatida e’lon qilib yuborildi.

Jeenbekov Atambayevni kuchsizlantirish va siyosiy qanotini qirqish maqsadida uni partiyadan uzib tashladi, ya’ni sotsial-demokratlar yetakchiligidan chetlashtirdi.

2019-yilda partiyaning yangi yetakchisi Saginbek Abdurahmanov «Atambayevsiz Sotsial-demokratik partiyasi» harakatini tuzdi. Keyin harakat o‘z quriltoyini ham o‘tkazdi. Shu yil aprelida esa Adliya vazirligi bu shaxsni har ikki harakatning yetakchisi sifatida qayd etdi.

Qirg‘iziston sotsial-demokratlar partiyasi yangi yetakchisi Saginbek Abdurahmonovning aytishicha, sobiq davlat rahbarining tartibsizliklarda ishtirok etgan qator hammaslaklari partiya saflaridan chiqarildi.

Jumladan, partiyadan Jo‘g‘org‘i Keneshga deputat sifatida saylangan Irina Karamushkina, Asel Koduranova, Karamat Orozova, Muradila Mademinov va Anvar Artiqovlar a’zoligi tugatildi. Lekin qonun bo‘yicha ularni mandatidan bekor qilish mumkin bo‘lmagani sababli ular parlament deputati bo‘lib qolaverishdi.

Deputat Karamat Orozovaning aytishicha, «Saginbek Abdurahmanov butun partiya nomidan gapirishga haqqi yo‘q. Partiya qurultoyi, partiya yig‘ilishi degan so‘zlarni tushunmadi, ularda na nizom va na tamg‘a bor. Shu sababli men bu bayonotga ahamiyat qaratmayman. Biz ularning noqonuniy hatti-harakati yuzasidan Bosh prokuraturaga murojaat qildik».

Parlament deputati Irina Karamushkina esa bunday ta’kidlaydi: «Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi – mustaqillik tariximizdagi eng keksa va eng yirik siyosiy tashkilotdir. U 1993-yili o‘sha paytdagi siyosatchilar tashabbusi bilan tashkil etilgan. Ular orasida «Forum» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi rahbari Almazbek Atambayev, O‘sh viloyati gubernatori Abdig‘ani Erkebayev, Bishkek meri Jumabek Ibraimov va boshqalar bor edi. Ko‘plar ketdi, biroq Almazbek Atambayev doim sodiq qoldi. U ikki bora bosh vazir, keyin esa prezident lavozimlariga nomzodini partiyamizdan ilgari surdi. Aynan Sooronbay Jeenbekov shu partiyadan davlat rahbarligiga yagona nomzod qilib ko‘rsatilgan edi. Keyingi voqealarni biz tushunmay qoldik».

Shu bayonotidan ko‘p o‘tmay Karamushkina odamlarni garovda ushlash aybi bo‘yicha uy qamog‘iga olindi.

Boshqa kuchlar g‘imirlay boshladi

S.Jeenbekov garchi «o‘zining raqib ustozi»dan qutilgan va mutloq yagona siyosiy rahbarga aylangan bo‘lsa-da, bu ishlarning barchasi mamlakatdagi boshqa siyosiy kuchlar uchun qo‘l kelishi mumkin.

Masalan, Atamboyev va Jeenbekovdan aziyat chekib, mamlakatni tark etgan muxolifat yetakchisi, davlat arbobi Omurbek Babanov 9 avgustda Bishkekka qaytib keldi. Uni o‘z tarafdorlari katta hurmat va ehtirom bilan kutib olishdi. Uning sudlanganligi olib tashlamangan va tergov hamon davom etayotgan bo‘lsa-da, negadir o‘zini juda ishonchli va ancha erkin tutmoqda.

Yana bir dongdor siyosatchi Omurbek Tekebayev qamoqdan chiqadiganga o‘xshaydi. Unga nisbatan chiqarilgan 8 yillik sud hukmi Oliy sud tomonidan bekor qilinib, qayta ko‘rib chiqish uchun yuborildi.

Voqealar rivojidan 2005 va 2010 yillardagi ikkita qonli inqiloblar Qirg‘izistonga hali kamlik qilayotgandan ko‘rinadi.

«Biz Markaziy Osiyoda ilk parlament respublikasimiz va demokratiyada qolganlarga o‘rnak va namuna bo‘layapmiz, biz o‘zi Markaziy Osiyoning Shveysariyasimiz», deya ayuhannos soluvchi siyosatchilar esa osmonda uchib yuribdi.

Mamlakatda hozirda 220dan ortiq siyosiy partiyalar ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning ayrimlari qishloqdoshlar, ba’zilari qarindosh-urug‘lar klubini esga solib yuboradi. Ularning 90 foizi parlamentda o‘z vakiliga ega ham emas. Bu degani saylovlarda hech qanday muvaffaqiyatga erisha olmagan.

Bunday murakkab siyosiy iqlim sharoitida Jeenbekovning siyosatdagi taktik g‘alabasi Qirg‘izistonning strategik muammolarini hal qila olmaydi. Biri qo‘yib, yana boshqa mojarolar chiqib turibdi. Qirg‘izistonning Xitoy oldidagi qarzi oshib, ishsizlik va qashshoqlik darajasi o‘smoqda, korrupsiya kamaygan emas. 6 million aholining 10 foizi Rossiyada mehnat migrantlari sifatida ishlamoqda.

Aholining rahbariyatga, siyosatchilarga nisbatan ishonchi kamaymoqda. Davlat xodimlarida ham o‘z rahbariyatiga bo‘lgan sadoqat va mehr tobora kamayyapti. Chunki har safar prezident almashganda hokimiyat tizimlarida ishlagan rahbarlar turli ayblar bilan yoki qamoqqa olinmoqda, yoki ishdan haydab yuborilayapti. 

Shu kunlarda davlatnning tashqi qarzi 4,5 milliard dollarga yetdi va bu har bir qirg‘izistonlikka salkam 700 dollardan to‘g‘ri kelmoqda. Beqarorliklardan yalpi ichki mahsulotning asosiy shakllantiruvchi sohasi bo‘lgan sayyohlik katta zarar ko‘rmoqda.

Tojikiston bilan chegaradagi to‘qnashuvlar, Norin viloyatidagi «Sulton Sari» konida Xitoy kompaniyasi xodimlarining do‘pposlanishi xorijiy investorlarning ham hafsalasini pir qilmoqda.

Qirg‘izistonning sobiq prezidentlari. Foto: ic24.kz

Sobiqlarning dardli iztiroblari...

1990 yilda hali Qirg‘iz Respublikasi sobiq Ittifoq tarkibida bo‘lgan davridayoq kommunistik partiyaning birinchi kotibi Absamat Masaliyev prezidentlik saylovlarida Asqar Akayevga yutqazib qo‘yganini ochiq tan olgan edi. Undan keyin siyosiy qoidalar o‘zgardi, mardlik ortiq fazilat sanalmay qo‘ydi. 

Birinchi prezident (1990-2005-yillar) Asqar Akayev lolaqizg‘aldoq inqilobidan keyin mamlakatdan arang qochib ulgurdi. Uning orqasidan yostiqday jinoyat ishi ochildi. U hozirda Moskva davlat universiteti professori bo‘lib ishlaydi va o‘z ona yurtidagi vaziyatdan qoniqmay yashayapti.

Uning aytishicha, Atambayev prezidentligi davrida ikki nafar qarindoshi vafot etganida, janoza marosimlarida qatnashish istagi bo‘lgan. Biroq agar Qirg‘izistonga kelsa, aeroportda uni hibsga olish bilan qo‘rqitishgan. Shu bilan birga Atambayev tomonidan u bilan birga ishlagan qirqqa yaqin turli siyosiy shaxslar qamalgan.

«Vaholanki, menga nisbatan jinoyat ishi 12 yil muqaddam harakatdan to‘xtatilgan. Ammo mana 13 yildiki, menga nisbatan axborot urushi to‘xtamaydi. Yarim tonna oltinni o‘g‘irlab ketgan emishman. Bu qip-qizil yolg‘on-ku. Kim o‘zini mutloq g‘olib deb bilib yurgan bo‘lsa, nihoyat hokimiyatdan ketdi», deydi Asqar Akayevich chuqur qoniqish bilan Atambayevning hibsga olinishini sharhlar ekan.

Asqar Akayevni hokimiyatdan chetlashtirgan siyosatchilardan biri Kurmanbek Bakiyev 2005-2010 yillarda mamlakatni boshqardi. O‘z qarindoshlarini davlatning oliy mansablariga qo‘yishi, tashqi siyosatda, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi muvozanatni saqlay olmagani, Xitoyga mamlakat hududining bir qismini berib yuborgani, beqarorligi keskin norozilikka sabab bo‘ldi.

2010 yil aprel inqilobida 90 kishini qurbon bo‘lib, 300 kishi yaralandi. Shundan so‘ng Kurmanbek Bakiyev ham avval o‘zi tug‘ilgan hududga qochdi, xavf-hatar ko‘lami o‘sib, fuqarolar urushi epkini esa boshlagach, Belorusga qochib qutildi. U chiqib ketmaganida, o‘ldirilishi yoki qamoqqa tushishi muqarrar edi.

Unga sirtdan 25 yillik qamoq jazosi tayinlandi. Eng qizig‘i, inqilobning boshida turgan shaxslarning o‘zlari keyingi inqilobning qurboni bo‘lishdi. Bakiyev hozirgi paytda Belarusda o‘z biznesiga ega, taloto‘plarning bosh sababchisi bo‘lgan o‘g‘li Maksim esa Londonda ishbilarmonlik qiladi. Shu bilan birga Rossiya va Belorusdagi qirg‘iz millati vakillariga ma’naviy rahnamolik qilishga intilib kelmoqda. 600 ming qirg‘iz Rossiyada fuqarolikni olganini hisobga olsak, istiqbolda bu diaspora ham anchayin ta’sirli kuchga aylanishi mumkin.

Uni ham ag‘dargan kuchlar tezgina bir qarorga kela olishmadi. Qisqa muddat o‘tish hukumatiga prezidentlik qilgan (2010-yil iyul-2011-dekabr) Roza Isakovna Otunbayeva davlat tepasida ko‘p qolishni istamadi. U hozirda o‘zining nodavlat jamg‘armasiga rahbarlik qilmoqda va siyosatdan ancha uzoqdir. Ilmiy, xayriya va jamoat ishlari bilan shug‘ullanib yuribdi. 

Lekin Roza Otunbayevaning ham Atambayev bilan munosabatlari sovuqlashgan edi. Undan bir necha bor hammaslagi Omurbek Tekebayevni afv qilishni so‘ragan edi, ammo rad javobini oldi.

2011-yilda hokimiyatga Atambayev keldi. U 2014-yilda o‘ziga katta ishonch bilan «Men hozircha prezident ekanman 2005 va 2010-yildagi kabi ommaviy tartibsizliklar bizda bo‘lmaydi» degandi. Haqiqatdan ham u aytgani bo‘ldi, hokimiyat o‘zgarishi qon to‘kishlarisiz kechdi. Ammo bu kechroqqa qoldirilgan ko‘rinadi. «Inqilobga bosh qorong‘u» mamlakat bu gal noxush an’anani chetlab o‘tgan bo‘lsa-da, ammo davlat rahbarini qattiq jazolash amaliyotidan voz kechmadi.

Qolaversa, qiziqqon va zardasi tez qirg‘izlarning xarakteridan kelib chiqilsa, Atambayevning siyosiy istiqboli to‘liq nolga teng deyishga hali erta.

Masalan Asqar Akayev davrida vitse-prezident bo‘lib ishlagan Feliks Kulov keyinroq besh yilga qamalgan edi. U ozod etilgach, bosh vazir ham bo‘lib ishlaganini unutmasligimiz lozim.

Atambayev yana hokimiyatga qaytishi uchun resurslari yetarlimi? Nega u o‘tmishdoshlari kabi xorijiy davlatlarga chiqib ketmasdan mamlakatda qoldi? Nima uchun aynan bu ishlar saylovlar yaqinlashayotgan paytda yuz berdi? Jeenbekov hibsga olayotgan siyosiy shaxslarning tarafdorlari uning atrofida siyosiy blok tuzishga qodirmi?

AQSh va G‘arb davlatlari beqarorliklardan foydalanib, Rossiyaning Qirg‘izistonda o‘sib borayotgan ta’sirini kuchsizlantirishga va manfaatlariga ziyon yetkazishga harakat qilmaydimi? Nihoyat yangi fuqarolar urushi chiqmasligiga kafolat bormi?

Javobi yo‘q bu savollar ayni paytda barchani qiziqtirmoqda.

Hozir ham Atambayevning komandasidagi juda ko‘p shaxslar mamlakatning yuqori davlat lavozimlarida ishlab kelmoqda. Jeenbekov ularning barchasini bir paytning o‘zida yo‘q qila olmaydi. Bu o‘zi o‘tirgan daraxt shoxini kesishga teng.

Boshqa xavf ham kuchli. Taxminlarga ko‘ra, Suriya va Iroq hududlarida 3 mingga yaqin qirg‘izistonlik jangarilar urush olib borayapti. Ular tartibsizliklardan foydalanib, vaziyatni boshqa ssenariyga burib yuborishi mumkin. Ularning bir qismi ayni paytda Qirg‘izistonga qaytgan bo‘lsa, yana bir qismi Afg‘oniston hududida payt poylamoqda...

Innan keyinchi...

Barchasi Jeenbekovning kuchlar va manfaatlar muvozanatini saqlashga bog‘liq. Katta siyosat maydonda ikki Omurbek – Tekebayev va Babanovlar qaytmoqda. Oxirgi saylovlarda Babanov ortiqcha urunmasdan ham 35 foizlik saylovchilar ovozini to‘plab qo‘ygandi.

Agar bu kuchlar alohida-alohida yoki birlashgan holatda ham navbatdagi kurashni boshlasa, Jeenbekovning ahvoli qiyinlashishi aniq. Chunki amaldagi prezident siyosatchi sifatida aholining e’tibor markazidan chetda qolmoqda.

Foto: informburo.kz

2023-yilga qadar hokimiyatda qolishi mumkin bo‘lgan Jeenbekov bir kun sobiq prezidentga aylanganida uning ham taqdiri o‘tmishdoshlariniki kabi bo‘lmasligiga kafolat yo‘q. Demak, hozirda sal bag‘rikenglik qilib, masalan Akayevni kechirish, Bakiyevga avf e’lon qilish, Atambayevning oila a’zolariga nisbatan jinoyat ishlari ochishni to‘xtatishi mumkin.

Jeenbekov bu borada O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyevdan o‘rnak va saboq olsa, o‘ziga foyda bo‘lar edi. Sharof Rashidov nomi tiklangani, Islom Karimov xotirasi ulug‘lanayotgani, qo‘yingki, o‘zidan avval o‘tgan tarixdagi barcha rahbarlarning obro‘siga putur yetkazmasdan, shu bilan birga yo‘l qo‘yilgan xatolarni yomonotliq qilmasdan to‘g‘irlash yo‘lidan borayotgani tahsinga loyiq. Himmati keng, uzoqni ko‘zlagan va ko‘pni ko‘rgan o‘zbeklar yetakchisi bu kabi siyosatning chirkin ishlardan toki xalqqa ham, siyosatchining o‘ziga ham naf tegmasligini yaxshi anglaydi.   

Almazbek Atambayev advokati Sergey Slesarevning aytishicha, sobiq prezidentni ozod qilish uchun ular xalqaro Gaaga sudiga murojaat qilishni rejalashtirmoqda. Ishga xalqaro tergovchilar aralashsa, Jeenbekovning obro‘si yana ham tushishi turgan gap.

Sobiq prezident Roza Otunbayevaning ta’kidlashicha, «mamlakatdagi hozirgi vaziyat og‘ir, kutilgan o‘zgarishlar yuz bermadi, odamlarda umid yo‘q».

Darhaqiqat, Qirg‘izistonda so‘nggi o‘ttiz yilda salkam 20 bor hukumat almashdi. Vazirlar esa kunda yoki kunora iste’foga ketmoqda. Bunday tez o‘zgarishlar bo‘laversa, ijroiya hokimiyati ishlarini amalga oshirish nihoyatda qiyin kechishi muqarrar.  

Eng yomoni, har safar hokimiyat inqilobli tarzda almashib, ziddiyat kuchaya boshlaganida mamlakatning 15 foizini tashkil qiluvchi o‘zbek millatiga mansub aholi vakillari eng ko‘p aziyat chekmoqda.

Nima bo‘lganda ham asosiy e’tiborni xalqning iqtisodiy taraqqiyotiga, ijtimoiy rivojlantirishga qaratishi lozim.

Shu kunlarda Bosh vazir M.Abilgaziyevning yil oxiriga qadar 72 ta ijtimoiy ob’yekt, jumladan 51 ta yangi maktab, 7 ta bog‘cha ishga tushirilishi haqidagi bayonoti ko‘ngilga iliqlik yetkazadi. 

Korrupsiya ham davlatning ildizidan yemirmoqda. «Chorak asr davomida oliy rahbariyatda korrupsiya asosiy milliy muammo bo‘lib keldi. Hokimiyatga intilgan aksariyat shaxslar mamlakatning taraqqiyoti uchun emas, balki milliy boylik orttirish uchun intilishdi. Ular hokimiyatni biznes va boyishning vositasiga aylantirib olishdi. Davlat xizmatiga o‘tgan tadbirkorlar o‘z dunyoqarashlarini o‘zgartirishlari lozim. O‘z obro‘sini muqaddas deb bilgan kishilarni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Korrupsiya bilan kurashish davom etadi», deya aytgan Jeenbekov bu gaplarining ustidan qachon chiqadi, vaqti kelsa ko‘rarmiz.

A.Hasan o‘g‘li      

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring