Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Chaqaloq o‘lganmidi? Tomirida nina qoldirilganmi? Sog‘liqni saqlash vazirligi inkor etmoqda

Chaqaloq o‘lganmidi? Tomirida nina qoldirilganmi? Sog‘liqni saqlash vazirligi inkor etmoqda

Foto: Google.com

Ijtimoiy tarmoqlarda «Bolaga ukol qilib, hatto ignasini ham olishmagan, shu kunlarning ayanchli voqeasi», «Ana sizga tomosha» kabi xabarlar tarqaldi. Ularda ta’kidlanishicha, yurak porogi bilan tug‘ilgan go‘dak 4 kun shifoxonada bo‘lgan va biror marta onasiga ko‘rsatilmagan, emizilmagan. To‘rtinchi kuni shifokorlar «baribir o‘ladi» deb, ota-onasining qo‘liga tutqazishib, uyga javob berib yuborishgan.

Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tashkil etilib, o‘rganish ishlari olib borildi va quyidagilar aniqlandi. Xabarda aytilishicha, Samarqand davlat tibbiyot institutining 1-klinikasining tug‘ruq bo‘limiga murojaat qilgan ayolning Samarqand viloyatida propiskasi bo‘lmagan.

«Joriy yilning 16 sentyabr kuni taxminan soat 12:40 atrofida Samarqand davlat tibbiyot institutining 1-klinikasining tug‘ruq bo‘limiga Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani, Qo‘chqorbuloq qishlog‘idan 1996 yilda tug‘ilgan M.A qorinning pastki qismida, oldingi operatsiyadan keyingi chandiq sohasidagi kuchli og‘riq va tug‘uruq dardi bilan shoshilinch murojaat qilib kelgan.

Homilador ayolning birinchi tug‘uruq jarayoni 2017 yil Qashqadaryo viloyati tug‘uruq kompleksida (kesar-kesish) jarrohlik yo‘li bilan amalga oshirilgan. Bundan tashqari, M.A Samarqand viloyatidan ro‘yxatdan o‘tmaganligi, uning homiladorlik davri Qashqadaryo viloyatida o‘tganligi bois homila kechish davri, skrining tekshiruvlari homilador almashinuv varaqasida ko‘rsatilmagan. Bu esa shifokorlarga ma’lum ma’noda qiyinchilik tug‘dirgan», — deyiladi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati ma’lumotida.

Axborot xizmati homilador ayol va chaqaloqning tug‘ruq vaqtidagi holati haqida batafsil ma’lumot berib o‘tgan.

«M.A Samarqand davlat tibbiyot institutining 1-klinikasining tug‘ruq kompleksiga shoshilinch ravishda qabul qilinib, to‘liq tegishli tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilgan. Unga ikkinchi homiladorlik, homila 38-39-haftalik, bachadonda kesar-kesish operatsiyasidan keyingi chandiq nosozligi, anemiya yengil darajasi kabi klinik tashxis qo‘yilgan. M.Aga joriy yilning 16 sentyabr kuni soat 13:25da shoshilinch ravishda kesar-kesish operatsiyasi o‘tkazilib, jinsi qiz bola bo‘lgan tirik homila olingan.

Chaqaloq tug‘ilganidan so‘ng 2 soat davomida vrachlar nazoratida bo‘lgan, kuzatuv davomida chaqaloqni og‘iz-burun atrofida ko‘karish alomatlari bo‘lganligi va tug‘uruqxona sharoitida kislorod terapiya o‘tkazilishiga qaramasdan ko‘karish alomatlari kuchayganligi sababli, to‘liq tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish maqsadida viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining neonatal reanimatsiya bo‘limiga yuborilgan. Markazda barcha laborator va instrumental diagnostik tekshiruvlari (yurakni exokardiografiyasi, ko‘krak qafasini obzor rentgenografiyasi, bosh miyani-neyrosonografiyasi) o‘tkazilgan.

Markazning malakali mutaxassislari jumladan, bolalar kardioxirurgi tomonidan o‘tkazilgan diagnostik tekshiruvlar natijasida chaqaloqda tug‘ma yurak nuqsoni, atrioventirikulyar kommunikatsiyasi, yagona qorincha (uch kamerali yurak), o‘pka arteriyasining atreziyasi, yurakni normadagi chegaralaridan kattalashishi tasdiqlangan».

Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash bo‘limi tomonidan ta’kidlanishicha, garchi chaqaloq shunday og‘ir ahvolda bo‘lsa-da, ota-onasi tilxat asosida uni shifoxonadan olib chiqib ketishga qaror qilgan. Va shifokorlar ham bunga ruxsat berishgan.

«Markaz mutaxassislari chaqaloqning ota-onasiga go‘dakda tug‘ma yurak nuqsoni va boshqa nuqsonlar borligi, uning ahvoli og‘irligi to‘g‘risida tushuntirgan. Bemor chaqaloqqa kompleks reanimatsion davolash muolajalari davom ettirilishiga qaramasdan ijobiy o‘zgarish kuzatilmaganidan so‘ng ota-onasi tilxat asosida chaqaloqni uyiga olib ketishgan», — deyiladi xabarda.

Axborot xizmati tomonidan xabar qilinishicha, chaqaloq qo‘lida igna emas, balki kateter qoldirilgan. Qoldirilganda ham ataylab qoldirilgan. Ya’ni, chaqaloqni davolash ishlarini davom ettirish uchun.

«Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘layotgan mazkur xabarning ikki jihatiga alohida e’tibor qaratishni lozim topdik. Birinchisi, xabarda bolaga ukol qilib, ninasi olinmaganligi iddao qilingan. Vaholanki, chaqaloqning qon tomiridagi nina emas, balki tomir kateteri bulgan.

Tibbiyotda kateter aynan bola muolajalarda qiynalmasligi uchun ham unga o‘rnatiladi. Asosiysi kateter faqatgina malakali mutaxassislar tomonidan o‘rnatilishi mumkinligi va ushbu kateter davo muolajalarini davom ettirish uchun juda qulay hamda chaqaloqqa salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini alohida ta’kidlash joiz», — deya iddao qilinadi xabarda.

Shu bilan birga chaqaloq garchi ikki kun onasiga ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham, u sun’iy ozuqa vositalari bilan ozuqalantirib turilgan.

«Chaqaloq shifoxonada bo‘lgan davrida biror marotaba onasiga ko‘rsatilmaganligi, emizilmaganligi sababli bola och qoldirilganligi aytilmoqda. Aslida esa, chaqaloq muntazam kislorod ostida bo‘lgani va sanitariya talablaridan kelib chiqib reanimatsiya tozaligi va tibbiy talablarga rioya qilish maqsadida yaqinlariga ko‘rsatish imkoni bo‘lmagan. Ammo, chaqaloqqa har ikki soatda zont orqali sun’iy ozuqa berib borilgan».

Eng muhimi, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan bayonotda ta’kidlanishicha, chaqaloq qo‘lidagi kateter qisqa fursatlarda nobud bo‘ladi, degan emas, balki uni davolash ishlarini davom ettirish uchun qoldirilgan. Ammo bayonotda nima uchun faqatgina malakali mutaxassislar o‘rnatishi mumkin bo‘lgan chaqaloq tomiridagi moslama uy sharoitida qo‘llanish uchun qoldirilgani haqida tushuncha berilmagan.

«Xulosa o‘rnida, shuni aytishimiz mumkinki, vena qon tomiriga qo‘yilgan tomir kateteri bemorda saqlangan holda uyga javob berib yuborilganligi shifokorlarning chaqaloq qisqa fursatlarda nobud bo‘lishi mumkin degan fikrda emas, aksincha go‘dakni davolash ishlari davom ettirilishi uchun qoldirilganligini bildiradi», — deyiladi bayonotda.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring