Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqanddagi chashma arig‘ida «neft» oqmoqda (foto)

Samarqanddagi chashma arig‘ida «neft» oqmoqda (foto)

Foto: «Zarnews.uz»

Samarqand shahridagi Fidoyilar mahallasidan oqib o‘tuvchi bu ariqni ko‘rgan kishi bir qarashda ariq to‘la neft degan xayolga boradi. Chunki undagi suv suvga o‘xshamaydi, deyiladi «Zarnews.uz» chop etgan maqolada.

Yillar davomida uyulib ketgan turli chiqindilar, shundoqqina ariq yoqasidagi xonadonlar va hatto ishlab chiqarish korxonalarining oqova suvlari ariqni shu holga keltirgan. Afsuski, hududdagi chiqindi muammosi suvnikidan ming chandon achinarliroq.

Mazkur mahallaning Fijduvon ko‘chasida yashovchi Hafiza Nasriyeva tahririyatimizga murojaat qilib, ariq bo‘yida yashovchilar chiqindi muammosidan aziyat chekayotganini ma’lum qildi.

Maqola mualliflarining qayd etishicha, ijodiy jamoa 500 metrdan ziyodroq hududda ulkan chiqindi maydoni, chiqindilardan iborat o‘nlab tepaliklarga duch kelgan. Ana shu tepaliklarning shundoqqina ostida qurilgan uylarda esa aholi istiqomat qiladi.

Mahallada yaqinda 30-31-oktyabr kunlari suv toshqini yuzaga kelib, o‘nlab xonadonlar zarar ko‘rgan. Toshqin ham aynan chiqindi sabab yuzaga kelgan ekan. «Neft» bilan qo‘shilib oqayotgan chiqindilar suv ustidagi ko‘prikka tiqilib, suv toshib ketgan.

– Avgust oyida viloyat hokimi hududda bo‘lib, ariqda tozalash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga ko‘rsatma bergandi, – deydi Fidoyilar mahallasi raisi Alkadi Sa’diyev. – Bir sira tozalash ishlari olib borildi. Ammo yuqoridagi chiqindi tepaliklaridan, aholi punktlaridan ariqqa yana chiqindi tushib, suv yo‘li to‘silmoqda. Yaqinda 100 metr ariqni kovladik, ammo muammoni hal etish oson bo‘lmayapti.

Darhaqiqat, 14 noyabr kuni ariq bo‘yida obodonlashtirish boshqarmasining 12 nafar xodimi ishlayotganiga guvoh bo‘ldik. Bu xodimlar ham uzog‘i bilan yana uch kunda ariq chiqindiga to‘lib qolishini bildirishdi.

Masalaning yana bir tomoni bor. Hududda yashovchilar chiqindini yig‘ish va tashish bilan shug‘ullanuvchi biror korxona bilan shartnoma tuzmagan. Mahalla raisidan bu holatga izoh so‘raganimizda aholi bu chiqindi uchun to‘lov qilmasligini bildirdi. Yaqin atrofda chiqindi tashlash joyi ham yo‘q. Xo‘sh, chiqindini tashib ketish yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lsa, chiqindi tashlash joyi bo‘lmasa, bu yerdagi antisanitar holatdan aziyat chekayotgan fuqarolarning o‘zi chiqindini qayerga tashlamoqda? Hech kim olisdan kelib bu yerga chiqindi tashlab ketmagan, aholining o‘zi yillar davomida ana shu chiqindi tepaliklarini yuzaga keltirgan. Endi esa bu hududda yashab bo‘lmayapti. Ahvol shu darajaga kelib qolganki, aftidan bir-ikkita texnika bilan muammoni bartaraf etib bo‘lmaydi. Hududga juda katta ko‘mak kerak.

Yuqoridagi holatni kuzatarkansiz, bir savol tinmay bezovta qiladi. XXI asrda, Samarqanddek shaharda chiqindilar orasida yashayotgan ko‘plab xonadonlar, yuzlab fuqarolar taqdiri bo‘yicha davlat sanitariya va epidemiologiya nazorati markazi, atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari nega bong urmayapti? Holatdan ular bexabar deysizmi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring